“Darakchi” gazetasining “10 qaltis savol” loyihasining navbatdagi mehmoni “Comedy.uz” rezidenti Olim O`rozov.
1. — “Comedy.uz” nega tarqoq holda ishlayapti, nimani bo`lisha olmadinglar?
— Biz rezidentlar tajribamizdan kelib chiqib, alohida ishlay olish qobiliyatimizni ko`rsatishga harakat qilyapmiz. Mirshakar, Abror Baxtiyarovich, “Hasan Va Husan” hamda men alohida konsert berdik. Yil yakunida birgalikda konsert taqdim etishni ham rejalashtirganmiz.
2. — “Hasan Va Husan” triosi, Mirshakar, “Gap yo`q”, “Nobel” jamoasi. Qay biri kuchli?
— Yakka nutq taraflama Mirshakarga etadigani yo`q. Qisqa voqeali hajviyalar yo`nalishida “Hasan Va Husan” ustun. Musiqali hajviya bo`yicha mening oldimga tushadigani topilmaydi. “Gap yo`q” hozirgi kunda “Million” bilan ham ishlayapti. Kinodagi mashhur iboralardan foydalanib, gapirmasdan kuldirish borasida ularga gap yo`q. “Nobel” esa har taraflama kuchli!
3. — Nega xonanda bo`lmagansiz yo tayyor qo`shiqni o`zgartirib kuylash osonroqmi?
— (Kuladi) Hozir shou-biznesda xonandaga talab yo`q. Hajviy yo`nalishdagi ijodim esa doim talabgir. Hech qanday reklama, afishasiz “Istiqlol” san`at saroyida bir kun konsert berdim, zal to`ldi.
|4. — Yarimta-yurumta “qo`shiq”laringizning “umr”i qisqa-ku! Ketkazgan vaqtingizga achinmaysizmi? Mualliflik qo`shig`i yaratgan yaxshiroqmi, deyman-da...
— Haqsiz! Konsertimda “Ona”, “Vatan”, “Muhabbat” haqida mualliflik qo`shiq kuyladim, orada bunga ham endi-endi vaqt ajratyapman. Aslida O`zbekiston Davlat konservatoriyasining bakalavr bosqichida Musiqashunos, magistraturada Musiqashunos jurnalist yo`nalishida tahsil olganman. Bir yildan buyon O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida Musiqiy, nazariy fanlar kafedrasida o`qituvchiman. Qolaversa, ilmiy ish yozishni ham boshladim.
5. — Gitara, doira, rubobdan tashqari yana qaysi musiqa asboblarini chalishni bilasiz?
— Musiqa maktabida qashqar rubobi, doira, O`zbekiston Davlat konservatoriyasida esa fortepiano mutaxassisligida o`qiganim bois ularni professional darajada chala olaman. Qolaversa, ud, g`ijjak, naydan boshqa hamma musiqa asboblarini chalishni bilaman. Gitarani esa hajviy yo`nalish talablariga javob beradigan darajada bilaman.
6. — Avval qo`shiq tanlaysizmi yo mavzu?
— Mavzu! Bugungi kundagi dolzarb masalalar: ba`zi qizlarning kiyinishi, internet, yoshlar tarbiyasi, ajralishlarni hajviy qo`shiq tarzida olib chiqqanman. Ba`zi qo`shiqlarning so`zlarida ham mavzuning o`zi “quyilib” keladi. Parodiyani o`zim yozaman, keyin “Hasan Va Husan”, Abror Baxtiyarovich bilan muhokama qilib, tahrirlaymiz.
7. — Bitta qo`shiqqa qayta-qayta murojaat qilasiz. Kamoliddin Rahimovning “Nargiz”, Shohruxxonning “Moda” kabi qo`shiqlari so`zim isboti bo`la oladi. Bu usul boshqa qo`shiqlarni bittalab eshitib, mavzuga moslashdan osonroqda-a?
— (Kuladi) Albatta, oson! Masalan, “Nargiz” sevimli qo`shig`im bo`lgani uchun qayta-qayta murojaat qilganman. Marhum Kamoliddin aka “Narusheniya” qilib yuribsan, agar parodiyang mening qo`shig`imdan ham ommalashmaganida jazolardim”, deb elkamga qoqib, maqtab qo`ygandilar.
8. — Kamchiliklarini ko`rsatib, kuylagan qo`shiqlaringiz uchun “plagiat”chi xonandalar, qaynonalar va ayniqsa futbolchilardan hech e`tiroz eshitganmisiz?
— Futbolchilar men bilan do`stlashib olishgan. Hatto “falon kuni o`yinni ko`ring!” deb tayinlashadi (kuladi). Yarim himoyachi Jasur Hasanov tanqidlarni to`g`ri qabul qilib, sahnaga ham chiqib bergandi. Ijodim avvalida juda ko`pchilik xonandalar, xususan Sardor Rahimxon, Ulug`bek Rahmatullaevdan e`tiroz eshitgandim.
“Omadim keldi shou-biznes tomondan,
Barcha “xit” qo`shiqlarim Ozarboyjondan”, degan parodiyamni eshitib qolgan ekan (kuladi). Keyinchalik har ikkala xonanda bilan ham qadrdon bo`lib ketdik. Hozirda xonandalarning o`zlari “Bizning ham qo`shig`imizni “buzib” kuylang”, deyishadi, javoban “avval xit qo`shiq kuylang”, deb qo`yaman (kuladi).
9. — Nega chiqishingiz juda qisqa yo mavzu topolmaysizmi?
— Asalning ham ozi shirin!
10. Maxsus savol! “Hasan Va Husan” triosi:
— “Million”, “Dizayn”, “Comedy.uz”, “Handalak” jamoalari, Avaz Oxun. Ketma-ketlikda joylashtirib, nima uchun yaxshiroq ekanini asoslab bering!
— “Million” va “Dizayn” homiylari, ijodi, haftalab “Istiqlol” san`at saroyida konsert bera olishi bilan kuchli.
“Comedy.uz” ham efirda, ham konsert zalda oyma-oy konsert taqdim etgani va hozirda yo`qolib qolgani bilan ham ustun.
“Handalak” jaydari, xalqchil hazillari bilan taniqli,
Avaz Oxun esa betakror so`z ustasi Hojiboy Tojiboevning yo`qligini bildirmay turgani uchun yuqori pog`onada turadi.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.