my5

​Botir Zokirov “Esda qolur baxtiyor kunlar” yoxud 48 yillik umrning asrga tatigulik mazmuni

Jamiyat 26.04.2017, 16:17
Теглар: Xonanda
5602
​Botir Zokirov “Esda qolur baxtiyor kunlar” yoxud 48 yillik umrning asrga tatigulik mazmuni

26 aprel. O`zbek san`atida yangi bosqich — estrada janrini ochib bergan, serqirra ijodkor, O`zbekiston xalq artisti Botir Zokirov hayot bo`lganida 81 yoshga to`lgan bo`lar edi. Shu munosabat bilan ustazoda san`atkorning hayot va ijodidagi biz bilmagan qirralari bilan qiziqib, maqola tayyorlashni lozim topdik...


MUSIQANI TAShLAShGA MAJBUR BO`LGAN...

— Zokirovlar sulolasining oilasida dunyoga kelganim bu — baxt. Otam opera xonandasi — bariton, O`zbekiston xalq artisti Karim Zokirov Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teat­rida faoliyat yuritgan. Onam Shoista Saidova milliy qo`shiqlar ijrochisi sifatida mashhur bo`lgan qo`shiqchilardan edi. Keyinchalik Muqimiy nomidagi O`zbek Davlat musiqali drama teatrining solisti bo`lgan. 1936 yili yosh xonandalar guruhini Moskva Konservatoriyasiga o`qishga yuborishgan. O`sha erda, aniqrog`i 1936 yilning 26 aprelida Botir Zokirov dunyoga kelgan. Oilada 5 o`g`il, 1 qizmiz. Mehmondo`st oilada dunyoga kelganmiz, xonadonimizda doim ijodiy muhit hukmron edi, o`z davrining etuk san`atkorlarining qadami uzilmasdi. Bolaligimizda otamning tez-tez Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatriga olib borishi an`anaga aylangandi. Botir akam Italiya operasiga oshiq bo`lgan, ko`pgina ariyalarni yoddan bilardi. Onam esa bizni Muqimiy nomidagi O`zbek Davlat musiqali drama teatriga olib borardi. “Alpomish”, “Go`ro`g`li”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi milliy asarlarimizni ko`rib ulg`ayganmiz. Botir akamning ijodining poydevori “Layli va Majnun” asari asosiga qurilgandi, hatto o`zini Majnundek his qilardi. Qisqasi, bolalikdan ijod bilan “kasallanganmiz”, desam mubolag`a bo`lmaydi. Xonadonimizga mehmon kelsa, Botir akam kichik konsertlar, operadan qisqa chiqishlar qo`yib berardi. Birinchi tomoshabini albatta, O`zbekiston xalq artistlari Tamara Xonim, Halima Nosirova, Nazira Ahmedova, Lutfiyaxonim Sarimsoqova, To`xtasin Jalilov, Mukarrama Turg`unboeva, Shukur Burhonov, Doni Zokirov kabi zabardast san`atkorlar bo`lardi. Boshqa aka-ukalarga nisbatan qiziquvchan bo`lganim bois hech bir ijodiy muloqotni o`tkazib yubormasdim. Bu albatta, yoqimli jarayon edi. Yodimda, Botir akam tinimsiz davolanish, dam olish uchun Yaltadagi sanatoriyga yuborilardi. Yosh bola bo`lishimga qaramay, ota-onamning bezovtaligidan katta akamning jiddiy xastalikka chalinganini fahmlardim. Biroq buni fojiadek qabul qilmaslik uchun o`zlarini hech nima bo`lmagandek, quvnoq tutishga urinishardi. Botir akam har borada peshqadam, hazil-mutoyibaga moyil, quvnoq edi, — deydi Farrux Zokirov o`z xotira “kitob”ini varaqlab.


Botir Zokirov hozirgi O`zbekiston Davlat Konservatoriyasining tayyorlov guruhiga qatnagan. Biroq sil kasalligiga chalingani ma`lum bo`lgach, xonanda musiqani tashlashiga to`g`ri keladi. So`ng Botir Zokirov hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat ins­titutining rejissura fakultetida o`qishni davom ettiradi. Vaqt o`tib, og`ir xastaligiga qaramay, qo`shiq kuylashni davom ettiradi. Va 1956 yili “Yoshlik” ansamblida ishtirok eta boshlaydi. Uning ijrosidagi arab bastakori Farid al-Atrashning “Arab tango”si ko`pgina davlatlardagi muxlislar tiliga tushgan va bu qo`shiq Botir Zokirovning “tashrif qog`ozi”ga aylangan. Shu tariqa xonanda 23 yoshida mashhurlikka erishgan. 1950-yillar Botir Zokirov turli janrlar — opera ariyalari, o`zbek xalq qo`shiqlari, xorijiy “shlyager”larni kuylovchi mashhur xonanda sifatida tilga tushadi. Chunki ijodkor ozarboyjon, eron, afg`on, turk, hind, grek, italyan, ispan, fransuz qo`shiqlarini millat tillarida sof kuylardi.


“ONAMGA AKAMNING USTIDAN ShIKOYaT QILARDIM”

1958 yili Botir Zokirov professional estrada orkestri tuzish haqida bosh qotiradi. U nimaga qo`l urmasin, doim oxiriga etkazmay qo`ymagan. Orkestr Aleksandr Dvoskin rahbarligidagi estrada ansambli asosiga qurilgandi. Birinchi badiiy rahbar Sharif Ramazonov, dirijyor Aleksandr Dvoskin bo`ldi. So`ng Botir Zokirovning tashabbusi bilan Toshkentga mashhur bastakor Yan Frenkel chaqirtirilgan. Va u estrada orkestrining musiqa rahbari, qo`shiqlar sayqallovchisiga aylangan. Botir Zokirov estrada orkestrida yakkaxon xonanda edi. “Onamga “Nega akam meni orkestriga ishga olmaydi?”, deb shikoyat qilardim. Katta akam ayniqsa qarindoshlariga nisbatan juda talabchan edi. Doim “Orkestrda kuylash uchun professional darajadagi bilim kerak. Buning uchun avval o`qish zarur”, derdi. Ochig`i, o`sha vaqtda Botir akamdan xafa bo`lganman. Lekin to`g`ri yo`l tutganiga keyin amin bo`ldim. Men, ukalarim Jamshid va Ravshan Zokirovlar san`atda ozmi-ko`pmi yutuqqa erishgan bo`lsak, bari bosh tanqidchi hamda maslaxatgo`yimiz Botir akamning talabchanligi, tanbehlari sabab.

Yosh ijodkor sifatida havas bilan kuy bastalay boshlaganman. Albatta ilk urinishlarim ko`ngildagidek chiqmagan. Akam “Izlanishda davom et”, derdi. 1970 yil “Majnuntol” qo`shig`ini bastalaganimdan bir yil o`tib, iste`dodli xonanda Botir Zokirov “Uka, shu qo`shig`ingni kuylasam maylimi?” deb ruxsat so`raganida boshim osmonga etgan. Boisi bu - akamning kamtarona ijodimga bergan yuksak e`tirofi edi. O`sha vaqtdagi sevinchimni so`z bilan ifoda etib berolmayman. Shu sabab ham bu qo`shiq men uchun qadrli.

Hozirgi O`zbekiston Davlat Konservatoriyasining xor-dirijyorligi fakultetida o`qiganim bois yo`llanma bilan Moskva Konservatoriyasiga bordim. U erda vokal yo`nalishigina bor edi. Shunda Botir akamning “Bu yo`nalishga hujjat topshirsang, jiddiy tayyorgarlik ko`rishing kerak. O`ylab ko`r!” degan maslahati va “Ovoz imkoniyatim to`g`ri kelmaydi”, degan qo`rquv hissi bilan Toshkentga qaytganman. Otam “Eh, birortang boshqa kasbni tanlamadinglarda. Farrux, sendan yaxshi jarroh chiqardi”, derdi. San`atkor bo`lish oson emasligini nazarda tutib, shunday fikrlaganini keyin tushunganman. Chunki qaysi kasbda bo`lmasin o`rtamiyonalikni yoqtirmasdi”, deydi Farrux Zokirov.


“OLIMPIYa”NI ZABT ETGAN YaGONA O`ZBEK SAN`ATKORI

1965 yili O`zbekiston xalq artisti unvoniga ega bo`lgach, yana konsertlarda ishtirok etishni boshlaydi. “1966 yili Moskvadagi myuzik-xoll asoschisi Konnikov Botir Zokirov, Muslim Magomaev, Galina Miroshnichenko va Nikolay Slichenkoni Fransiyaga gastrolga taklif etdi. Mazkur festival uchun Moskvada juda jiddiy tayyorgarlik ko`rildi. Omadim kelib, bu jarayonning bariga shohid bo`lganman. Konnikov yosh Muslim Magomaevga umid bildirgandi. Biroq ommaning nazari Botir Zokirovga qaratiladi. Botir Zokirov “Yor, kel” qo`shig`ini fransuz tilida kuylaganida akamga “o`zbek Sharl Aznavuri”, deya nom berishadi. Akam olib kelgan fransuz matbuotida “Botir Zokirov Sharl Aznavurdan farqli o`laroq mikrofondan uzoqroq turib kuyladi. Yo`qsa, xonandaning ovoziga mikrofon dosh berolmay, yorilib ketgan bo`lardi”, deb yozishgandi”, deydi xonandaning ukasi Farrux Zokirov.

Shu tariqa xonanda Parijdagi dunyo “yulduz”larini chiqishlariga guvoh bo`lgan eng nufuzli “Olimpiya” konsert zalini zabt etgan yagona o`zbek san`atkori bo`ldi. Fransuz ommasi o`zbek “bulbul”ini tik turib olqishlashgan.

VISOSKIY VA ZOKIROVNING DO`STLIGI

Botir Zokirov tashabbusi bilan 1972 yil Toshkentda sharq folklori va zamonaviy estradani uyg`unlashtirgan myuzik-xoll yo`lga qo`yilgan. Ikki oyda Botir Zokirov tomonidan dastur ishlab chiqiladi. Xonandaning eskizi asosida bosh qahramonlarning liboslari tikiladi. "Ayni shu vaqtda akamning do`sti Vladimir Vsoskiy muz saroyida konsert bergani kelgan. Shunda akam do`stiga "Hamma tomoshabinni olib qo`ydingiz-ku", deb hazillashganida, "Konsertimdan so`ng sizning dasturingizda ham ishtirok etaman", degan. Va so`zining ustidan chiqqan. Volodya Toshkentga kelganida doim Botir Zokirovning uyida mehmon bo`lgan. Moddiy muammolar bois guruh tarqatiladi. Shunda ­“Botir aka, tashkiliy ishlar sizni toliqtirib qo`ydi. Ijodiy imkoniyat­larimizni birlashtirib, birga ishlasak va “Yalla” ansambliga yangi hayot baxsh etsak”, degan taklifni berganimda o`ylab ko`rib rozi bo`ldi. Va gastrollar, oiladan deyarli ortmaydigan aka-uka yanada bir-birimizga yaqinlashdik. Katta akamning tajribasi, mahorati ijodimizdagi yangi “sahifa”ni ochdi”.


“OXIRGI DAQIQALARDA YoNIDA BO`LOLMADIM”

— Ijodimiz izga tusha boshlaganida, 1984 yilning oxirlarida maslahatgo`yimiz Botir akamning sog`ligi keskin ravishda og`irlashdi. Shifokorlar jigar sirrozining oxirgi bosqichi, deya tashxis qo`yishadi. Bu gal davolanish samara bermadi. Toshkentning yubileyiga bag`ishlangan konsertda shifokorlar nazorati bilan bo`lsa-da, sahnaga chiqqan. Irodasi metindek edi. Shifoxonada og`ir ahvolda yotganida “Vodillik kelin” filmi uchun jiyanimiz Nargiz Zokirova “Ne zabvay” qo`shig`ini kuylagandi. Luiza opam “Aka, eshitib ko`ringchi”, deb quloqchinni Botir akamga tutdi. Ko`zini yumib oxirigacha eshitdi-da, ko`zi yoshlanib “Luiza, e`tibor qilinsa, qizing iste`dodli san`at­kor bo`ladi”, deb oq fotiha bergandi.

Yodimda, Botir akam shifoxonada yotganida “Gastrollaringga boraver, hammasi zo`r bo`ladi!”, deb dadil gapirganiga ishonib, ijodiy safarga ketganimdan afsus qilaman. Katta akam Jamshid aka va kelinoyim Galina opani qo`lida jon bergan. Oxirgi daqiqalarda yonida bo`lolmaganim armon bo`lib qoldi...

Botir akamning vafotidan so`ng kundaligidan so`nggi yozgan “Leyli” she`ri chiqib qoldi. Bir yil ko`nglimdagidek qilib yozolmay, “Akam qabul qilgan bo`larmidi?” degan savol bilan yurdim. Kunlarning birida kutilmaganda ilhom kelib, bir lahzada yozgandim. Botir Zokirov ijodiy “vijdon”im, desam yanglishmayman”, — deydi achchiq xotiralarni yod olib Farrux Zokirov.


O`zbekiston xalq artisti Botir Zokirov 1985 yilning 23 yanvarida Toshkentdagi shifoxonada jon beradi. 2000 yil esa Buyuk xizmatlari uchun ordeni bilan taqdirlangan.

Botir Zokirov haqida so`z ketganida “Insonning qancha umr ko`rgani emas, qancha amal bajargani muhim”, degan fikr yodimga tushaveradi. Serqirra va betakror iste`dod egasi Botir Zokirov 48 yillik qisqa umri davomida o`zbek san`atida katta burilish yasab, nomini abadiyatga muhrlay oldi. Xonandaning “Arab tangosi”, “Qaydasan, azizim?”, “Ra`no”, “Xayolimda bo`lding uzun kun” va boshqa qo`shiqlari o`lmas ijod namunasi bo`lib qolaveradi. Hech kim benazir emas, biroq betakrorlar borligini ham inkor etib bo`lmaydi!

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

Шарҳлар

Mashhur xonanda 61 yoshida vafot etdi

10.12.2019, 20:06

 Taniqli shved guruhi — «Roxette» solisti Mari Fredriksson 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Shvesiya OAVlariga asoslanib xabar berildi.Dagens Nyheter nashrining yozishicha, xonanda uzoq yillar davomida saraton xastaligiga...
​ FARRUH ZOKIROVDAN TANQID EShITGAN VA TOHIR SODIQOV DUET KUYLAShDAN BOSh TORTGAN UMIDAXON

11.08.2017, 16:04

"Darakchi" gazetasidagi "10 qaltis savol" loyihasining galdagi mehmoni professionalmusiqiy bilimga ega xonanda UMIDAXON... 1 — “Umr o`tar”, “Yulduzimsan”, “Sendadur ko`nglim” va “Yo`limdan qoch”, “Serial”, “Safsata”...
​OZODBEK NAZARBEKOV MADANIYaT VAZIRLIGIDAGI BIRINChI ISh KUNI QANDAY O`TGANINI SO`ZLAB BERDI

11.08.2017, 13:51

O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov jurnalist Jasur Hamroev bilan suhbatda madaniyat vaziriningbirinchi o`rinbosari sifatidagibirinchi ish kuni qanday o`tgani hamda endilikda ijodini davom ettirishi...
​VIA "MAROQAND"ChI ABDURAShID UYLANDI(FOTO)

08.08.2017, 10:55

7 avgust kuni o`zbek shou-biznesining ikki vakili oila qurdi. Poytaxtdagi "Osiyo grand" restoranida Shohruhxonning ukasi, aktyor Muhammadali va Irodaxonning visol oqshomi bo`lib o`tdi. Shu kuni...