«Hech kimni tanqid qilmaymizmi?» Suhbatdoshimning ilk savolini eshitib avvaliga hayron bo`ldim, ehtimol kimgadir e`tirozi bordir, deb o`yladim-da. Ammo u «Gapirsangiz ko`rolmayapti, deb o`ylashadi, mayli, indamay...» deya gapni qisqa qildi. Ko`plab muxlislar e`tiboriga tushib borayotgan so`z ustasi Avaz Oxun bilan “Sug`diyona” gazetasining ijodkori o`rtasida bo`lib o`tgan suhbat ana shunday boshlandi.
— Siz haqingizda «Avaz Oxun juda kamtar inson, oyog`i erdan uzilib qolishidan qo`rqadi», deyishdi. Bugun anchayin tanilib ulgurgan qiziqchini bunday mavzular chindan o`ylantiradimi?
— Albatta! Men taniqli bo`lishim mumkin, ammo sevimli bo`lolmasam, mashhurligimdan nima naf?! Sevimli bo`lish uchun esa kamtarlikni yo`qotmaslik kerak.
— Agar sevimli va taniqli bo`lish tushunchalarini tarozining ikki pallasiga qo`ysak, sizda qay biri og`irlik qilayapti ayni dam?
— Xolis bahoni atrofimdagi insonlar berishadi. Ammo shu paytgacha «O`zingdan ketib qolibsan», degan e`tirozlar bo`lmadi. Taniqli bo`lishning mas`uliyati katta, agar san`atkor buni anglab etolmasa, bir kunning o`zida bor-yo`g`idan ajralib qolishi hech gapmas. Sahna bilan hayotni ham aralashtirmaslik kerak, zero ikkisi bir-biridan farq qiladi. Men bilan suhbatlashgan kishilar jiddiy insonligimni ta`kidlashadi. Hayotda hamma qatoriman, sahnada esa qiziqchilik qilaman.
— Gapingiz to`g`riku-ya, ammo baribir sizni qiziqchi sifatida bilishadi-da. Biror-bir latifami yoki qayroqi so`zmi kutishadi sizdan doim.
— To`g`ri aytasiz, shunga ham qanday ahvolda bo`lishimdan qat`i nazar yaxshi kayfiyatda ko`rinishga harakat qilaman. Chunki kayfiyatim atrofimdagi insonlarga ta`sir ko`rsatadi. Mana, o`zingiz ho`mrayib ishga kelib ko`ring-chi, hamkasblaringiz sizga qanday muomala qilishni bilmay qolishadi, to`g`rimi? Demak, faqat o`zingizni o`ylab, boshqalarning yaxshi kayfiyatiga daxl qilishga haqqingiz yo`q.
— Haqiqiy ismingiz Avaz Azizoxunov, taxallus bilan ijod qilish kimning fikri?
— O`zimniki, shoirlarga o`xshab qolganman-a? Nuqul familiyamni noto`g`ri talaffuz qilishadi, aytishga osonroq bo`lsin deb Avaz Oxun taxallusi bilan ijodni boshladim. Biror erga borsam «Familiyangiz nima?» deyishadi-da, keyin hujjatni qarasam, «Aziz Oxunov» yozilgan bo`ladi. Ismimni so`ramaysizmi, desam «Mana yozdim-ku, Aziz» deb deyishadi. Rafiqam poliklinikaga chiqsa, «Aziza Oxunova» deb yozisharkan (kuladi). Avvaliga «Avaz Oxun» taxallusi o`zimga ham salgina erishroq tuyulardi, bora-bora odamlarning tiliga moslashganini ko`rgach, ko`nikdim. Oxun asli yaxshi inson degani (kuladi), haligi odamoxun deyishadi-yu.
— Odamlarni kuldirish qiyin...
— ...deb o`ylaysiz, siz uchun qiyin-da.
— Sizga osonmi? Bunday emasligini bilaman-ku, qolaversa, san`atda aytilmagan gapning o`zi qolmadi, hisob. Bu ijod qilishda qiyinchilik paydo qilmayaptimi?
— O`ziga yarasha qiyinchiligi bor. Yaxshi ijod mahsulini havola etish uchun izlanamiz, o`rganamiz, men ko`proq kuzataman. Konsert dasturigacha ssenariy kamida o`n marotaba o`zgaradi. Ba`zan «Shu monologni ijro qilaman, zo`r chiqdi» deyman-da, konsertga bir necha kun qolganida qarasam, qanaqadir bo`shroq tuyuladi, keyin o`zgartirishga majbur bo`laman. Ko`pchilik qiziqchi deganda latifa aytib, odamlarni kuldiradigan san`atkorni tushunadi. Latifani o`qituvchi yoki jurnalist ham aytoladi, so`z ustasi esa o`z monologlari orqali kuzatuvlarini tahlil qilishi kerak. Ammo ayrim san`atkorlarning repertuariga qarasangiz, salkam 90-100 foizi latifadan iborat bo`ladi.
— Ijtimoiy tarmoqlardagi latifalarni o`zbek tiliga tarjima qilib foydalanayotganlar ham yo`q emas!
— Balki o`sha latifani ruslar inglizlardan olishgandir, inglizlar yana boshqa millat vakillaridan (kuladi). Konsert dasturimda imkon qadar kamroq latifaga murojaat qilaman, nari borsa 11-12 ta bo`ladi, xolos. Har bir latifa ikki daqiqa davom etsa ham dasturning yigirma daqiqasini egallaydi.
— Avaz aka, sahnada ham ilhom kelib qolishi mumkinmi?
— O`-o`-o`, bunaqasi juda ko`p bo`ladi. Lekin gap kelganda hammasini ham aytolmayman. Negaki, kimningdir ko`ngliga tegib qo`yish hech gapmas. Tilimga kelgan gapni miyamda tezlik bilan tahlil qilaman, aytish kerakmas, deb topganlarimni darhol ortiga qaytaraman. So`nggi konsert dasturimda bir muxlisim, qizingizga deya katta qo`g`irchoq sovg`a qildi. Sovg`ani ola turib «Albatta, qizalog`imga, kap-katta odam qo`g`irchoq o`ynamasam kerak», dedim. Joyida javob bo`lganiga zaldagi tomoshabinlar ham maroq bilan kulishdi. Zavqlanib ishlayotganingizda biror fikr kelib qolishi juda qiziq holat, chunki aytayotganlaringizni o`zingiz ham birinchi marta eshitasiz-da (kuladi).
— Bundan chiqdi, so`z ustasi nafaqat so`zamol bo`lishi, balki tezlik bilan tahlil qila olish qobiliyatiga ham ega bo`lishi kerak?
— Ha! Zabonimga kelgan har qaysi gapni ham gap deb aytolmayman-ku, axir til qurmag`urning suyagi yo`q (kuladi).
— Yangi hangomalarni sahnaga olib chiqishdan oldin kimda sinab ko`rasiz?
— Sizda ham sinab ko`rishim mumkin. Biror do`stimga qo`ng`iroq qilib ham sinolaman. Yaqinda «Istiqlol» san`at saroyida tadbir bo`lib o`tdi, yosh qiziqchilardan bir guruhining chiqishini tomosha qildim-da, sahna ortiga o`tsam, haligi yigitlar «Bir-ikkita fikrlarimiz bor edi, bugun sinovdan o`tkazdik», deyishdi.
— Ya`ni «Istiqlol» san`at saroyiga yig`ilgan tomoshabinlarda tajriba qilishganda, shundaymi?
— Ha! Sahnaga tayyor ijod mahsuli bilan chiqish kerak, tavakkal bilan emas, deganimga hayron bo`lgancha «Unda qaerda sinaymiz chiqishlarimizni», deyishdi. Mana, menda sinang, do`stlaringizga aytib bering, birortasini kuldira olsangiz, demak, ishingiz yaxshi, deya tushuntirdim. O`zim shunday qilaman-da, uyda biror fikr kelib qolsa, kelinoyingizga aytaman. Xotinim kuldimi, demak, bu boshqalarni ham qiziqtira oladi. Rafiqam meni hurmatim uchun kulmaydi-ku, u ham hamma qatori oddiy ayol. Keyin biror do`stimga aytib beraman, ikkisi kulib biri indamasa, fikrni boyitish kerak. Aksincha, ikkitasidan hech qanday javob qaytmasa, bilamanki, bundan ish chiqmaydi.
— San`at ichida yurgan odamsiz, nega aksariyat qiziqchilarning repertuarlarida bachkana qiliqlar, beparda so`zlar ishlatiladi. Yo kuldirish uchun shulardan boshqa mavzu topilmaydimi?
— Bachkana deyapsiz-u, ammo ayrimlar shuni ham san`at, deb biladi-da. Ayniqsa, yoshlar, «Falonchining konsertiga tushdim, maza qilib kuldim», deyishadi. Qaysi gapiga kulding desangiz, kurakda turmaydigan so`zlarni aytishadi. Ijodkor tomoshabinga ergashmasligi kerak, aksincha o`z ortidan ergashtirishi lozim. Bachkana qiliqlarni ijro etayotgan aktyorning o`zida bo`lishi kerak uyat, andisha. Chunki tomoshabinlar qatorida ota-onamiz tengi insonlar, opa-singlimizga o`xshagan qiz-ayollar bo`ladi. O`sha gaplarni o`z oilasida aytolmagan «san`atkor» nega katta auditoriyada baralla gapirishi kerak? So`nggi paytlarda g`alati qarash paydo bo`lgan, be`mani so`zlardan foydalanayotganlarga nisbatan «zamonaviy uslubda ijod qilish», deyilayapti. Boya tanqid qilmaymizmi, deganim shunga edi. Madaniyatsizlik, sharm-hayosizlik hech qachon zamonaviylik bo`lmaydi!
— Jahlingiz chiqayapti?
— Juda kuydi-pishdi odamman, indamay turishim qiyin. Ayniqsa, bunaqa holatlarga achchig`im keladi. Ba`zi ijodkorlarning shevada so`zlashishlariga ham e`tirozim bor. Sahnada adabiy tilda gapirish shart! Yaqinda bir tanishim aytayapti, filmda suratga tushayotsa, rejissyor o`zbek tilida gapiring deganmish. «Men qaysi tilda gapirayapman» desa, «Kevotti-ketvotti, deb ayting», deya ko`rsatma beribdi. Butun boshli filmlarda adabiy tildan chekinishayotgani fojea emasmi, sizningcha? Suhbatlarda o`zimni tutib turaman desam ham, tanqid qilinadigan mavzularga engil qarolmayman.
— Shunga yarasha javob bo`ladimi?
— Kimdir to`g`ri deydi, kimlardir boshini silkib bilganidan qolmaydi. San`atkor, avvalo, o`zining kimligini unutib qo`ymasligi kerak. Noyabr oyiga rejalashtirilayotgan konsert dasturimda yoshlar orasidagi madaniyat mavzusini olib chiqmoqchiman. Kiyinishlari, yigitlarning bir-biri bilan yuz-burun o`pishib ko`rishishi...
— Konsert berayotganingizni eshitib, birga ijod qilaylik deganlar ham bo`ladimi?
— Takliflar bo`ladi, lekin «Bir aktyor teatri» uslubida ijod qilganim bois yakkaxon chiqishlarni afzal bilaman.
— «Bir aktyor teatri» ustoz san`atkor Hojiboy Tojiboevning uslubi edi. Ko`p suhbatlarda u kishini o`zingizga ustoz, deb aytsangiz-da, yaqinlari sizni shogird tutinmagan, deyishgan ekan.
— San`atkorlar orasida shunday odat bor, o`zidan ellik-yuz yil avval yashab o`tgan ijodkorlarni g`oyibona ustoz, deb biladi. Rahmatli Hojiboy Tojiboev mening g`oyibona ustozim, hayotda to`rt-besh marta uchrashish baxtiga musharraf bo`lganman. Institutni tamomlab, shogird tushmoqchi edim. Taqdir, u kishi olamdan o`tdilar. Sahna qonunlaridan boshlab to aktyorlik mahoratigacha saboq bergan ustozim Ma`murjon Umarov, qariyb o`n sakkiz yil Hojiboy aka bilan birgalikda ijod qilgan. Ma`mur aka qiziqchilik sohasida ilmiy ish qilgan yagona mutaxassis hisoblanadi. Hojiboy Tojiboevning uslubida ijod qilish murakkab, ustoz san`atkor ko`z mimikasi bilan ham butun boshli chiqishlarni havola qilolardi.
— Sahnadagi xatti-harakatlaringiz ayni Hojiboy Tojiboevning o`zini takrorlaydi. Atay taqlid qilasizmi?
— Atay qilsam o`xshamaydi, buni sinab ko`rganman. «Mirzo» teatrining konsertida Hojiboy Tojiboevni parodiya qilish topshirilgan, lekin uddalay olmaganman. Keyin ustozning konsert dasturlari yozilgan disklarni qaytadan ko`rib chiqdim. Sahnadagi chiqishlarim esa tabiiy yuz beradi.
— Avaz aka, ijodingiz haqida suhbatlashdik, oilangiz bilan tanishtirsangiz?..
— Oilada to`ng`ich farzandman, ukam va singlim bor. Rafiqam bilan sevishib turmush qurganmiz, qizalog`im bor, yaqinda o`g`il farzandli bo`ldik. Endigina bir oylik bo`ldi!
— Tabriklaymiz, ota-onasiga rahmat olib keladigan farzand bo`lsin!
— Bolalarni juda yaxshi ko`raman! Farzandlarim ko`-o`-o`p bo`lsa deb niyat qilaman. Uyga kelganimda xonadonim to`lib turishini xohlayman. Qaniydi imkoniyatim bo`lsa, ota-onamni ham poytaxtga ko`chirib olib kelardim. Ammo qishloqning odamlari ko`p qavatli uyga moslasha olishmayapti. Jo`shqin odam bo`lganimgami, jimjitlikni yoqtirmayman. Yaqinda sanatoriyda davolanib chiqdim, shu orada ikki marta choyxonaga, to`rt marta xizmatga borib keldim, vaholanki bunday qilish mumkinmas. Oyog`imni uzatib, hamma narsani esdan chiqarib dam olish menga emas ekan.
— Birinchi konsert dasturingizda qizalog`ingiz ham chiqish qilgandi?..
— Bu ish atay qilingan. Ilgari hech qaerda aytmagandim, sizga sirni ochayapman. Rafiqamni ota-onasidan «olib qochib kelganman» (kuladi), oilada yolg`iz farzand-da, to`ydan keyin poytaxtga olib kelib qo`ydim.
— Shunday demaysizmi, rostan olib qochib kelibsizmi, debman.
— Qizimni esa qishloqda qolgan buva-buvisi uchun sahnaga olib chiqqandim. Nabiralarini juda yaxshi ko`rishadi, konsert diskka yozilsa, har zamon ko`rib turishadi degandim-da. Lekin qizimni san`atkor qilmayman, o`g`limni esa bilmadim, hali hech nima demayapti (kuladi).
— Avaz aka, hamisha bugungidek samimiyat tark etmasin deb qolaman.
— Rahmat!
Blis:
— Qiziqchilikdan tashqari yana qanday hunaringiz bor?
— Uyda erkak kishi tomonidan qilinadigan barcha yumushlarni bajara olaman (kuladi)
— O`zingiz haqingizda noo`rin gap eshitsangiz...
— Ta`sir qiladi-yu, lekin vaqt izmiga tashlayman.
— Avaz Oxun nimadan qo`rqadi?
— (o`ylanib) Xalqning ko`ziga yomon ko`rinib qolishdan...
— Repertuaringizdan kimdir foydalanayotganini bilib qolsangiz…
— Shunday ijod qilishga harakat qilamanki, odamlar Avaz Oxun repertuari ekanligini bilishadi.
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.