​Hojatxonaga tashlangan chaqaloq

Бўлимлар: Jinoyat
Теглар: Farzand, Ona, Jinoyat, Chaqaloq
Добавлено: 19.06.2017, 11:49

Azal-azaldan momo va bobolarimiz bola tarbiyasi, ayniqsa, qiz farzandning tarbiyasi, istiqboliga jiddiy e`tibor qaratib kelishgan. Chunki, qiz bola — bo`lajak rafiqa, kelin, ona. Uning oilada qanday muhitda kamol topishi ertangi kuniga ta`sir ko`rsatadi. Zero, ayol oila, jamiyat va millatning kelajagi hisoblanmish yosh avlodni dunyoga keltiruvchi hamda ularni voyaga etkazishga mas`ul shaxsdir. Ba`zi bir oilalar, ayollar tirnoqqa zor yashayotgan bir paytdi, Xolnisa o`zi dunyoga keltirgan, benikoh tug`ilgan farzandini o`ldirdi, bu ham kamlik qilgandek, uni hojatxonaga tashladi va ona degan mo``tabar nomga dog` tushirdi. O`zi dunyoga keltirgan farzandning qotiliga aylanib, sudning qora kursisiga o`tirdi.

Xolnisaning qarori

Xolnisa (ism-shariflar o`zgartirilgan) turmushga chiqmagan. U viloyat kasalxonasida hamshira bo`lib ishlaydi. Yoshi o`ttizdan oshganiga qaramay, baxti chopmadi. Uning tengdoshlari bir oilani gullatib, farzandlarini voyaga etkazmoqda. Xolnisa esa bir paytlar sovchi yuborgan yigitlarni birini o`poq, birini so`poq deb, oxir-oqibat engil hayot yo`lini tanladi. Avvaliga bu narsalar unga qattiq ta`sir qilgan bo`lsa, yillar o`tgan sayin hayotga engilroq qaray boshladi. “Besh kunlik” dunyoda o`ynab-kulish, maishat qilish kerak, degan fikr bilan yashay boshladi, axloqi buzildi. Yigitlar bilan tanishish, bazmu jamshidlar Xolnisa uchun oddiy holga aylandi.

U viloyat markaziga qatnab ishlagani tufayli bir kuni Jamshid degan yigit bilan tanishib qoldi. Oddiy salom-alikdan boshlangan munosabat chuqurlashib, pana-pastqamdagi yashirin uchrashuvlarga aylandi. Xolnisa Jamshidning oilali ekanligini bilsa-da, u bilan uchrashishni kanda qilmadi. Bu munosabatlarning oxiri nima bilan tugashini o`ylab ham ko`rmadi.

Pinhoniy uchrashuvlar “tuhfa”si

Pinhoniy uchrashuvlar, oqibatida homilador bo`lib qolganini bilgan Xolnisa dahshatga tushdi.

– Jamshid aka, men homiladorman,– dedi u navbatdagi uchrashuvlardan birida yigitga.

Uning “yangiligi”ni Jamshid loqaydlik bilan eshitdi.

– O`zi bolangni otasi kimligini bilasanmi? – dedi Jamshid istehzoli jilmayib.

– Albatta bilaman, u sizning farzandingiz! – dedi Xolnisa qat`iy ravishda.

– Uyimdagi bolalarimga zo`rg`a non topyapman-u, seni bolangni qaysi pulimga boqaman? Menga bola kerak emas, yo`qot uni! – dedi Jamshid.

– Agar ota-onam bilib qolsa, sho`rim quriydi... Abort qildiray desam, keyin farzand ko`rmasligim mumkin...

– Bu seni muammong, iflosligingga meni aralashtirma. Bu haqda oldinroq o`ylash kerak edi. Men senga bola tug` deganim yo`q! – dedi Jamshid g`azab bilan.

“Oyni etak bilan yopib bo`lmaydi”

Shu kundan boshlab, Xolnisa qornini mahkam bog`lab yuradigan bo`ldi. Oyni etak bilan yopib bo`lmaydi deganlaridek, qizdagi o`zgarishni ishxonadagi ayollar sezishdi. Ular bu haqda Xolnisaga ochiq aytishmasa-da, ortidan shivir-shivir qilishardi. Xolnisa o`zi hamshira bo`lgani bois homilador ayol shifokor hisobida turishi, nazoratda bo`lishi lozimligini yaxshi bilsa-da, sharmandalikdan qo`rqib, kasalxonaga bormadi.

Shu zaylda kunlar o`tib, Xolnisaning ko`zi yorish muddati ham yaqinlashdi. Ayni navro`z kuni tongda uni to`lg`oq tuta boshladi. Xolnisa onasiga mazasi yo`qligini aytib, xonasiga qaytib kirdi-da, eshikni berkitdi. U ming bir qiyinchiliklar bilan o`g`il farzandni dunyoga keltirdi. Hamshira sifatida bola tug`ilgandanoq unga ko`krak tutish zarurligini bilsa-da, bolani oziqlantirish emas, qanday qilib uning ovozini o`chirish haqida o`ylay boshladi. Xolnisa bolani o`ldirish uchun kindigini kesmaslikka qaror qildi va xotirjam ravishda uyquga ketdi.

Mudhish reja

Uyquni urib, uyg`onda bolaning o`lib qolganligini ko`rdi. Endi murdadan qutulish yo`llarini izlay boshladi. “Uyimizning oldidagi qabristonga ko`msammikan? Yo`q, qabristonga kirolmayman, birortasi ko`rib qolishi mumkin, xavfli...”, deb o`yladi Xolnisa.

O`sha kuni kechqurun navbatchilikka borishi kerakligi uchun chaqaloq murdasini avval ro`molga tugib, keyin qora sellofan paketga joylashtirdi va o`zi bilan birga ishxonasiga olib ketdi. Yo`lovchi mashinada kechki soat oltida ishxonasiga etib borib, hech narsa bo`lmaganday, sherigidan navbatchilikni qabul qilib oldi. Ish soati boshlangach, sellofandagi chaqaloq murdasidan qutulish uchun uni kasalxonaning ayollar hojatxonasi chuquriga tashladi. Orqaga shoshilib qaytayotganda mazkur kasalxonada farrosh bo`lib ishlovchi Gulbahor opaga duch keldi. Gulbahor opa Xolnisaning it quvganday yugurib kelayotganidan hayron bo`ldi.

– Tinchlikmi, Xolnisa? Senga nima bo`ldi? – deb so`radi qizdan.

– Yo`q, hech nima bo`lgani yo`q! Axlatni tashlab qaytayapman, – dedi Xolnisa o`zini tutishga harakat qilib.

Gulbahor opa uning ortidan tikilib qoldi. Xolnisaning qappayib qolgan qorni bir kunda yo`qolib, tep-tekis bo`lib qolgani uni shubhaga soldi. “Qizgina tinchmikan?”, degan xayolga bordi. Qorong`i tushib qolgani uchun hojatxonaga kirib, uni tekshiruvdan o`tkazishni ertangi kunga qoldirdi.

Shubha ortidagi haqiqat

Ertasi kuni tongda kasalxonada davolanayotgan bemorlardan biriga qarab yotgan ayol Gulbahor opaga murojaat qildi:

– Opajon, erta tongda hojatxonaga kirsam, chuquriga qora sellofanga o`ralgan bir nima tiqilib qolibdi. Shuni olib tashlashning iloji yo`qmi?

– Hozir borib olib tashlayman, – deb hojatxona tomon yo`l oldi Gulbahor opa.

Ularning suhbatiga guvoh bo`lgan Xolnisa hovliqqancha Gulbahor opaning yo`lini to`sdi.

– Opa, to`xtang, siz bormang. O`zim olib tashlayman. Yog`och bilan pastga sursam, tushib ketadi, – dedi Xolnisa shoshilib.

Qizning bu holati Gulbahor opani battar shubhaga soldi. U bir muddat o`ylangach, ichki ishlar idorasiga qo`ng`iroq qilishga qaror qildi. Etib kelgan huquq-tartibot idorasi xodimlari hojatxona chuquridan qora sellofanga solingan chaqaloq murdasini topdi. Shundan keyin Xolnisaning qora qilmishi hammaga ayon bo`ldi.

Xolnisa tergov jarayonida o`zining qilmishidan afsuslanib, bir tomchi ko`z yosh to`kmadi. Qanchalar gunoh ishga qo`l urganini tushunib, aqalli kechirim so`ramadi. U o`z hatti-harakati bilan bola tuqqan bilan hamma ham ona bo`lolmasligini yuz foiz isbotlab berdi...

O`tkazilgan sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasi, guvohlar bergan ko`rsatmalar, boshqa ishonchga sazovor dalillar asosida Xolnisa Boboevaning aybi to`liq o`z isbotini topdi. U O`zbekiston respublikasi Jinoyat Kodeksining 99-moddasiga binoan jinoiy javobgarlikka tortilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Sirdaryo viloyat IIB, podpolkovnik

Davlatjon Hayitov

Lola Shoimova, jurnalist

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии