Atlas global aviakompaniyasiga qarashli, Istanbuldan Tbilisiga parvoz qilgan samolyotni chaqmoq urganligi tufayli, u Otaturk aeroportiga qaytishga majbur bo`ldi, deb xabar berdi Ria.ru nashri.
Ma`lumotlarga ko`ra, layner havoga ko`tarilganidan keyin bir necha daqiqa o`tgach, chaqmoq urdi. Shundan keyin ekipaj Otaturk aeroportiga qaytishga qaror qildi. Tbilisi yo`nalishi bo`yicha reys oradan bir necha soat o`tgach, amalga oshirildi.
“Samolyot havoga ko`tarilgandan keyin 15-20 daqiqa o`tgach, birdan atrof yop-yorug` bo`lib, samolyotni chaqmoq urdi. Shundan keyin samolyotni boshqarish qiyinlashgach, uchuvchi orqaga qaytishga qaror qildi”, deb jurnalistlarga ma`lumot berdi yo`lovchilardan biri.
Yana bir yo`lovchi Kote Matitashvilining so`zlariga qaraganda, voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan. Ammo samolyot zarar ko`rgani uchun orqaga, aeroportga qaytgan. Aeroport matbuot-xizmati jurnalistlarga Istanbul-Tbilisi reysi noqulay ob-havo tufayli kechroq amalga oshirilgani haqida xabar berdi.