my5
Sevimli

"ODNOKLASSNIKI"DAGI TANIShUV 20 YoShLI YIGITNI PANJARA ORTIGA ETAKLADI

Jinoyat 17.07.2017, 10:01
"ODNOKLASSNIKI"DAGI TANIShUV 20 YoShLI YIGITNI PANJARA ORTIGA ETAKLADI

Jonibek Yusupov kollejni bitirib, tayinli ishning boshini tutmagan. Ammo ko`pchilik yoshlar qatori kompyuter, internet tarmog`iga o`ch. Bo`sh vaqti bo`ldi deguncha uyali telefonida internetga kirib, turli o`yinlar bilan band bo`lgan, deb yozadi "Zarafshon" gazetasi.

Mo`may pul topish ishtiyoqi paydo bo`lgach, Rossiyaga borishni ixtiyor etdi. 20 yoshli yigit Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga borib, yollanma ishlarda mehnat qilib, to`rt-besh rubl topadi. Qorni to`ygach, ijara uyda qo`l telefonida ijtimoiy tarmoqqa kiradi. "Odnoklassniki.ru" ijtimoiy tarmog`ida Xolid va Abdullo ismli shaxslar bilan tanishadi. Ular bilan doimiy ravishda suhbatlashib, diniy ekstremizm va separatizm, aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan materiallarni qabul qilib oladi. O`zining uyali telefoni xotirasida saqlab qo`yadi.

Jonibek internetdagi tanishlari bilan yanada yaqinroq do`stlashadi. Xolid – farg`onalik, 19 yoshda. U Jonibekni go`zal hayot, baxtli yashash qoidalari haqida aytib, rom qiladi. Shu tariqa Suriya davlatida musulmonlar xalifalik davlati barpo etish maqsadida kofirlarga qarshi kurashayotgani, o`zini musulmon deb hisoblagan har bir fuqaro bu yo`lda jang qilmog`i, kurashmog`i zarurligini aytib, Jonibekni ishontiradi. Xolid uni o`ziga yaqin do`st deb bilib, Abdullo degan ustozi bilan tanishtiradi. Fikr va qarashlari bir bo`lgan Abdullo ham uni jihod qilishga da`vat etadi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali jihodga chorlovchi audio va video materiallarni Jonibekning telefoniga jo`natib, o`zlarining safiga qo`shilishga undaydi. Jonibek videolarni ko`rib ta`sirlanadi, Suriyadagi musulmonlarga yordam berish lozimligini o`ylaydi, u yoqqa borishga qiziqadi.

Xolid bilan Abdullo uni Moskva shahriga taklif qilib, shu erdan o`ylagan niyatlari yo`lida birga harakat qilishlarini, Suriyaga borishda yordam berishini aytganda, Jonibek o`yga cho`madi. Ikkilanib, yurtiga qaytishga ahd qiladi. "Sankt-Peterburg– Toshkent" yo`nalishidagi avtobusda O`zbekistonga jo`naydi. Qozog`istonning Chimkent viloyatidagi O`zbekiston bilan chegara postiga etib kelganida bojxona postidan o`tayotganida telefon apparati va undagi flesh karta xotirasida saqlanayotgan jihodga chorlovchi audio va video materiallarni bojxona xodimlariga aytmasdan yashiradi.

Respublikamiz hududiga xufyona olib o`tilgan xavfli narsa baribir fosh bo`ldi. Jonibek o`zi istiqomat qiladigan Past Darg`om tumani O`rtacharxin mahallasida sinfdoshi Mehroj Orifov bilan uchrashib, xorijdan keltirgan telefonini ko`z-ko`z qiladi. Mehroj gap orasida "android" dasturli telefon apparati sotib olmoqchiligini bildirgach, Jonibek telefonida shunday dastur borligini aytadi va ular telefonlarini almashishadi. Mehroj uyiga kelib, qiziqib telefonning flesh kartasini ochsa, Iroq va Shom davlatlarida bo`layotgan janglar tasviri tushirilgan videoroliklar, ushbu janglarga kelib qo`shilishni targ`ib qiluvchi chaqiriqlardan qo`rqib ketadi. Ertasi kuni Jonibek telefonida xavfli o`yinlar borligi esiga tushib, Mehrojdan flesh kartani olib o`zining telefoniga o`rnatadi. Lekin jo`rasining "Nokia" telefoni xotirasida xavfli o`yinlar yozilib qolgandi.

Bundan xabar topgan huquq-tartibot idoralari xodimlari Jonibek Yusupovni inkor etib bo`lmas dalillar bilan qo`lga olishdi.

O`yindan o`t chiqdi, deb shuni aytadilar. Jonibek yoshlik-g`o`rlik qilib, o`zi bilmay, tushunmay, yot g`oyalar ta`siriga tushib, telefondagi o`yindan o`t chiqqanini sezmay qoldi. Sud uni 7 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Шарҳлар