O`zbekiston xalq artisti, “Yoshlar” teleradiokanalining direktori Ozodbek Nazarbekov katta teleloyihaga qo`l urdi.
Mazkur ko`rsatuv “Yoshlar qabulxonasi” deb nomlanib, uning ilk soni bugungi kunda OTMlarga kirish uchun hujjat topshirgan abiturientlarning muammolariga bag`ishlanadi. Bu haqda shoir Muhammad Ismoil o`zining Facebook`dagi sahifasida ma`lum qildi.
Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov bilan bog`langan shoirning yozishicha, “Yoshlar” telekanali tomonidan O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bolaligi va hayot yo`li haqida film ham suratga olinmoqda. Bundan tashqari, mana shunday turkum filmlar taniqli davlat arbobi Sharof Rashidovga ham bag`ishlanadi.
Ozodbek Nazarbekov “Yoshlar” telekanalida “Kim millioner bo`lishni xohlaydi?”, “Golos” kabi loyihalarning o`zbekcha talqini ham efirga uzatilishi rejalashtirilganini ma`lum qilgan.