my5
Sevimli

Zohirshox Jo`raevning to`yidan fotoreportaj

Shou-biznes 15.08.2013, 01:18
Zohirshox Jo`raevning to`yidan fotoreportaj
Jo`raevlar xonadonida yana to`y. Iyun oyida xonanda Zohirshox Jo`raev ham uylanganidan ko`pchilik xabardor. Shunday bo`lsada biz bu baxtli daqiqalarni fototasmalarga muhrlab, sizga etkazishni istadik.

 

Bu safargi osh Andijonda. 15 iyun kuni Andijondagi “Andijon” tantanalar saroyida nahorga osh berildi.  Mazkur  to`yga ham yurtimizning turli burchaklaridan Jo`raevlarning muxlislari, qadrdonlari, el tanigan san`atkorlar tashrif buyurishdi. Ayniqsa, oshdan keyin vodiylik askiyachilarning chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Keyin Toshkentda: 18 iyun kuni nikoh marosimi italyan stilida “CinZZano” restoranida bo`lib o`tdi. Turkiyadan keltirilgan maxsus to`y taklifnomalaridan tortib, nikoh va to`y marosimi ssenariysigacha Zohirshohning o`z g`oyasi asosida bo`ldi. Shu kuni soat 18:00da “Farovon” to`yxonasida nikoh kechasi boshlandi.



O`ziga xos  kutish va kuzatish.
 Kelin-kuyovni Shohjahon Jo`raev “To`ylar muborak” qo`shig`i bilan kutib olgan bo`lsa, Sherali Jo`raev ikki yoshga fotiha berib, o`zi “O`lan” va “Yor-yor” qo`shig`i ostida ularni kuzatib qo`ydi. Kuzatuvga “To`ylar muborak” qo`shig`i bilan Halim Jo`raev yakun yasadi.
“Shohjahondek o`g`il ko`rsin”. Kelin kelishidan avval kuyovning tizzasiga yosh bolalarni o`tqizish marosimida hazil tarzda Shohjahon Jo`raev ham ishtirok etdi.

Tashrif buyurgan mashhurlar: Nasiba Abdullaeva, Mavluda Asalxo`jaeva, Manzura, Munisa Rizaeva, Shahzoda, Nilufar Usmonova, “Bojalar”, Shohruxxon, Sardor Rahimxon, Amira Alibekova, Adiz Rajabov, Nodir Jo`raev, Shahriyor, Yoqub Ahmedov, Sherzod Bin, Gulsanam Mamazoitova, “Afruz”, Aziz Rametov,  Yodgor Mirzajonov, futbolchi Jasur Hasanov, shuningdek qo`shni mamlakatlarning taniqli xonandalari.Xonanda Rayhon shu kuni o`zini yaxshi his qilmagani bois kela olmaganini ma`lum qilib, yoshlarni tabriklab WhatsAppdan xabar jo`natdi.




Ekstremal hindcha raqs. “Parizoda” raqs dastasi o`z raqslari bilan mehmonlarni xushnud etgan bo`lsa, Parizodaning o`zi baland poshnada shamlar bilan hindcha raqs taqdim etdi. 
“Bir soniyada bir necha so`z”. Davrani  Rayhon Ulasenova va  Jahongir olib borishdi. Ularning judayam tez va aniq gapirishidan bexos “Nahotki boshlovchilar xam fonogrammadan foydalanishmoqda?” deb yubordim. Bu albatta hazil.

“Turkiya hayratda!”.  To`yga olis Turkiyadan ham  mehmonlar tashrif buyurishdi. Adashmasam, ular qaysidir turk telekanallari vakillari bo`lishsa kerak.  Mehmonlar deyarli har bir xonandaning oldiga kelib, ularga o`z fikrlarini bildirib turishdi.  Ayniqsa, Nasiba Abdullaeva  va Munisa Rizaevalar bilan iliq ko`rishishdi. Amira Alibekova ijodiga ham qiziqishlarini yashirmay unga tashrif qog`ozlarini berishdi. Mavluda Asalxo`jaevaning o`zbek tilida kuylagan qo`shig`i musiqasi ularga tanish tuyuldi  shekilli, biroz hayratlanishdi.

Kechaning eng jonli xonandasi. Munisa Rizaeva qo`shiqlarini yuz foiz jonli ijroda kuylab davrani qizdirdi.To`yxonani junbushga keltirgan  xonanda. Shahzoda nomi e`lon qilinganida to`yxonada ko`pchilik o`z quvonchini yashirmadi.

Raqs maydonini olovlatgan xonanda. Manzuraning “lezginka”sifat qo`shig`i raqs maydonini rostmana “portlatdi”.
Shok tanaffus.  Sardor Rahimxon to`ylarda birinchi qo`shig`ining yarmidan shartta o`chirib, mehmonlarni raqsga chorlashini “Rahimxonning brendi” deb atash mumkin. Odatdagidek o`z “shok tanaffusi”ni e`lon  qilgan Rahimxonning raqsga chorlovi  bu gal anchagina keskin va qat`iyroq jarangladi.
Kechadan zavqlanganlar. Qolgan artistlar faqat navbat etib kelguncha o`tirishgan bo`lsa, Aziz Rametov, Sherzod Bin, Amira Alibekova , “Afruz” guruhi yigitlari  to`yning boshidan oxirigacha maza qilib mehmon bo`lishdi.

Kecha turmagi. Adiz Rajabov mutlaqo yangi imijda to`yxonaga kirib kelganida, uni “Ummon”ga taqlid qilibdi deb o`yladik.  Adizning aytishicha, bunday ko`rinishga oddiy soch quritgich (fen) sababchi bo`lgan. Boshini yuvib chiqqan Adiz, sochini quritganidan keyin, o`ziga xos soch turmagi paydo bo`lganidan hayratlanadi va turmakni biroz “tahrir”lab, shu ko`rinishda to`yga yo`l oladi. Unga yangi soch turmagi juda yarashganini hamma e`tirof etdi.

Kecha premerasi. Sherzod Bin aynan shu kechada o`zining yangi parodiyalari premerasi bo`lishini e`lon qildi. Zohirshohning “Yuragimdasan” qo`shig`iga ishlangan klip parodiyasi boshlanganda to`yxonadagilarning yarmi o`rnidan turib, Sherzodni o`rab olishdi.  Ibrohim Totlisas qo`shig`iga taqlid qilayotganida esa Sherzodga qo`shilib raqsga tushadigan katta yoshli bir mehmon ham topildi. Ozodbek Nazarbekovning ham parodiyasi ham asliga juda o`xshadi.

Xullas, “Italiya”dan boshlangan to`yda Hindiston, Turkiya, Qozog`iston va Tojikiston ohanglari ham jarangladi. “Darakchi” uchun maxsus: Sardor KomilovSuratlar Abdurahmon Sodiqovga tegishli

Шарҳлар