my5
Sevimli

Alisher Uzoqov: "Klinikada davolandim, lekin natija bo`lmadi"

Shou-biznes 15.08.2013, 01:19
Alisher Uzoqov: "Klinikada davolandim, lekin natija bo`lmadi"
Men Alisher Uzoqov bilan yaqindan tanish emasdim. U haqida hech kimdan so`rab-surishtirganim ham yo`q. U bilan yakkama-yakka suhbatimiz uchun esa mana shu notanishlik menga ko`proq qo`l kelardi...
– Ma`lumki, san`atning aksariyat yosh vakillari ijodiy faoliyatining dastlabki paytida tezroq e`tiborga tushish, shuhratga erishish, cho`ntak borasida muvaffaqiyat qozonish ilinji bilan kun sanaydi. Unga hammasi o`z fursatida sodir bo`lishi haqidagi birovning eslatmalari kerak emas. Tabiiyki, u o`zi orzu qilgan olamga, qulayliklaru, e`tiborga ham etib boradi. Xo`sh, keyin-chi? Endi bundan bu yog`iga yorqin ijod qilishning uddasidan chiqyaptimi? Yo`q! U qanday qo`shiq aytishu, qaysi qahramon qiyofasida bo`lish haqidagi tushunarsiz savollardan aziyat chekib yashayveradi. Ammo bundan muhimroq burch borligini yoddan chiqaradi. Siz-chi?

— To`g`ri, san`at sohasida qaysidir ma`noda bir qadar erishganlarim bor, ammo ba`zi paytlarda men ham ularning qadriga etmaganman. Avvalo o`zimni mashhur deb atash menga erish tuyuladi, bu gapni to`g`risi, yoqtirmayman. Men buni xalqning nazariga tushish deb izohlayman. Ehtimol, xalqning e`tiborini qozonarmiz, biroq hamma gap shundaki, keyinchalik bu sharafni ko`tarib yurish qiyin kechadi. Bilasizmi, ko`pchilik bir paytlar tilga tushish orzusida yurganida, mashhurlikka shoshayotgan paytida ayni haqiqatni tushunmaydi, his qilmaydi, bunga idroki etmaydi. Tanilgach, unga nisbatan turli munosabatlar uyg`onib, ko`pchilikning nazarida tushgandan so`nggina mas`uliyatni anglay boshlaydi...
— Men sizni aktyor sifatidagi iqtidoringiz, imkoniyatingizni  “So`nggi lahza” nomli filmda ko`rganman. Bu kabi loyihalarda ishlash uchun ishtiyoqingiz borligini sezish ham qiyin emas. Ayrim rejissyorlarning oson va qulay yondashuvlariga sherik bo`lib qolganingizni ham to`g`ri tushunaman. Qiziq, siz mana shu tarzdagi sharoit bilan kelishaverasizmi yoki bu vaziyatni ozgina o`zgartirishga urinib ko`rasizmi?
– Ha, albatta o`zgartirishga harakat qilyapman... Hozir s`yomkalarda qatnashmayotganimning sababi ham shu bilan bog`liq. Vaholanki, bundan ikki yil muqaddam har ikki oyda mening ishtirokimdagi kinokartinalar ekran yuzini ko`rardi. Endi tomoshabinning ko`nglini qoldirishni xohlamayman. Lekin kinodagi hozirgi holatga to`g`ri baho berganimiz ma`qul... Masalan, kimdir ma`lum bir nuqtada turgan bo`lsa, unga “bu erdan qoch, senga mumkin emas”, deb aytish noto`g`ri. Avvalo buning sababini tushunib olish kerak. Ehtimol u o`zi uchun muhim joyda turgandir. Agar haqiqatdan unga shu erda turish ehtiyoj sanalsa, har qanday savol, e`tiroz o`rinsiz bo`ladi... Siz tilga olgan “So`nggi lahza”ning yutug`i sabablari bor: filmning ssenariysi yaxshi, rejissyor iqtidorli, professional operator ishladi, kostyumlar to`g`ri tanlangan, va hokazo... Qisqacha aytganda, ijodiy jamoa kuchli edi!.. Tushuning, ayrim vaziyatlardan o`tib olishim uchun bitta o`zim harakat qilmasligim kerak-da. Men qaysidir filmda rol o`ynamasam ham kino bo`ladi, bo`lgan, bo`laveradi. Shunisi aniqki, biz o`z imkoniyat va iqtidorimizni to`g`ri baholay olishimiz kerak. Sa`natga kirib kelish bu — masalaning bir tomoni bo`lsa, o`z vaqtida munosib keta olish ham juda muhim. Men futbolni misol qilaman. Ayrim futbolchilar 33 yoshda, muxlislar olqishiga ko`milib yurgan bir paytda o`z faoliyatini juda go`zal yakunlaydi.  Ba`zilari bor, yoshi qirqqa kirgunicha o`ynayveradi, zaxirachilar o`rindig`ida o`tirsa ham stadionni tashlab ketmaydi. Vaqti kelib futbol bilan xayrlashishga chog`langanida uni butun stadion o`rnidan turib, olqishlab kuzatib qo`ymaydi. Umuman olganda, kimgadir o`z sohasida ko`proq, kimgadir kamroq talab bo`ladi. Bu haqiqatni san`atkor ham tushunishi, his etishi kerak deb o`ylayman. O`shanda hayotning shirasi, jozibasi yo`qolmaydi.
— Kim nima desa desinu, men uchun professionallik muhimdir. Ehtimol havaskorlik boshlang`ich pallada yarashar, ammo u baribir boshqalarga hech narsa bermaydi. Men professional muammolar haqida bosh qotirayotgan ekanman, demak, kunlarim bekor ketmayapti, qanaqadir nisbiy gap-so`zlar haqida o`ylashga vaqtim yo`q. Siz ham professional talablarga jiddiy qaraysizmi?
— Xabaringiz bor, kinoda ikkita rejissyorlik ishim bor. Birinchisini bilmadimu, ammo “Endi dadam bo`ydoq” filmi oz bo`lsa-da, tomoshabin e`tiboriga tushdi, o`tgan yili hatto “Yilning eng yaxshi filmi” mukofotini qo`lga kiritdi. Lekin bunaqa natija xayolimga ham kelmagan. Film ekranlarga chiqqaniga bir yildan oshdi. Shu vaqt oralig`ida menga juda ko`p takliflar bo`ldi, yana shunaqa komediyalarni suratga olishimni so`rashdi. Ammo endi o`zimda istak yo`q. Professional nuqtai nazardan “Endi dadam bo`ydoq”ni to`laqonli film deb bilmayman. Chunki shunday tushunchaga etib keldim. Men yana “Endi akam bo`ydoq”, “Endi u bo`ydoq, bu bo`ydoq...” turkumlarini qatorlashtirib tashlasam bo`lardi, lekin to`xtadim. Men buni xohlamayman! Qolaversa, o`sha tilga tushgan filmimning umri ham bor-yo`g`i 4-5 oyga etdi, xolos. Hozir meni kassa degan narsa umuman qiziqtirmayapti. Ayni paytda katta loyiha —  katta byudjetli filmga qo`l urdim. Men qo`rqmasdan loyiha mazmunini tushunadigan, hamfikr hamkorlarni izlayapman. Bu bilan katta burilish qilaman demoqchi emasman, albatta. Menga ma`qul bo`layotgani – eng asosiysi, istak uyg`ondi, xohish bor, harakat boshlandi. Ehtimol men buning uddasidan chiqmasman, ammo qachondir boshqa birov shu ishga qo`l ursa, avval Alisher urinib ko`rgandi, deb qolar. Shu jihatdan ularga qandaydir turtki berganim uchun ham o`zimdan minnatdor bo`laveraman.
— Men tomoshabin shuni xohlayapti, degan bahona bilan qo`l uriladigan filmlarga yoki tinglovchi talab qilyapti deb yolg`on bilan yozilayotgan qo`shiqlarning umriga ishonmayman. Ishonmaslik uchun asosim bo`lmasa, bunday demasdim. Axir insonlarni mayda narsalarga loyiq ko`rish mumkinmi?
— Men hech ikkilanmasdan aytaman: bugun tomoshabinlarning saviyasi bir qadar o`sdi, chunki kinoteatrlarda odam kam. Shu gapimning o`zi ko`p narsani izohlaydi. Agar tomoshabinlarning talabi o`zgarmaganida hozirgi filmlarning barchasi shov-shuv bo`lardi. Ularni aldash mumkin emas. O`zingiz o`ylab ko`ring: agar bitta filmni 30 kishilik guruh suratga olsa, uni 30 millionga yaqin odam ko`radi, to`g`rimi? 30 nafar odam aqlan kuchlimi yoki 30 million? Masalaning mana shu tomoni bor-da! Shu kabi vaziyat menga ham turtki berdi. Men bundan xursandman.
— San`at ichidagi ayrim tengqurlaringiz boshqalar tasavvuri uchun o`zlariga yuzaki va yolg`on himoya qurishadi, gazeta-jurnallarga eslab qolishga loyiq bo`lmagan ma`lumot, intervyular berishadi, ular turli xil ust-boshlari bilan e`tiborni tortish harakati bilan bandlar... Axir hayot bu kabi yuzakilikdan iborat emas. Vaholanki, insonga zavq ulashadigan omillar shu qadar ko`pki, ularni boshqalardan ham ko`ra san`at kishilari ko`proq ilg`ay olishlari kerak... Men sizni shu jihatdan ham tushunib olmoqchiman...
— Men birovlarning tasavvuri uchun o`zimni yaxshi qilib ko`rsatmayman. To`g`risi, ba`zida odamovi bo`lib qolishimni ham yashirmayman. Lekin samimiylik, oddiylikning asl kuchini ko`proq sezaman. Yana bir gap: avvalo san`atga adashib kelib qolmaganim uchun xudoga shukr qilaman. Agar men san`atkorlar sulolasida tug`ilmaganimda, ijod qilishni keyin o`zlashtirganimda hozir menga otilayotgan toshlar o`n baravar ko`p bo`lardi. Men o`zimni san`at odami deb sanayman. Yaqinda klinikaga borib davolandim, psixologdan maslahat oldim. Mendagi muammo shundaki, kechasi mutlaqo uxlolmayman, tunda ovqatlanaman, tonggacha yurib chiqaman. Klinikadagi mutaxassislar bu yomon, deb boshlarini sarak-sarak qilishdi. Hamma kasallik tartibga amal qilmaslikda, deyishdi. Davolab ko`rishdi. Men tartibga bo`ysunishga urindim. Biroq natija yo`q! Shu bois shifokorlarning oxirgi xulosasi yozilgan kasallik varaqamni olmasdan ham ketib qoldim. Mayli, ehtimol, 80 yil sog`lom hayot kechirmasman, lekin qirq-ellik yoshgacha bo`lsa ham, xudo bergan umr davomida ijodkorga xos bedavolik bilan yasharman. Hatto film s`yomkalari boshlanmasidan oldin butun guruhga ham aytib qo`yaman: ertalab soat 9 ga etib kelolmayman. 12 larda uyg`onsam, demak, soat 14 da ishga kirishishim mumkin.

— Ko`plab muammolar ijodkorning munosabat doirasi torligi bilan bog`liq, bu aniq. Axir bu doirani qancha kengaytirsa, u shuncha yorqin insonlarni topadi, yorqin fikrlarga duch keladi...

— Yaqinda bir inson bilan tanishdim. U bilan tez-tez suhbatlashib turibman. O`sha inson dunyoqarashimning o`zgarishiga turtki bo`ldi. U tufayli hatto o`zimga berayotgan bahomni ham qayta ko`rib chiqdim. Unga rahmat aytaman...
— Oilada siz bilan hisoblashishlarini xohlaysizmi?
— Hisoblashishmi?.. Oilamiz kichkina... Onam, turmush o`rtog`im, 8 oylik o`g`lim... Bu borada katta talablarim yo`q. Lekin hozir vaziyat shundayki, boshqa tomondan olib qarasam, o`zim uydagilar bilan hisoblashishimga to`g`ri kelyapti. Uylanmasimdan avval onam menga indamasdi, yarim tunda kelsam yoki ertalab qaytsam ham bunga oddiy qarardi. Axir bu ijodiy bedorlik. Men yolg`iz ko`cha aylangim kelib qoladi, qo`shiq eshitaman, tanish-bilishlar bilan muloqot qilaman, yarim tunda o`ylayman, reja tuzaman... Endi esa bu holatimni ayolimga yotig`i bilan tushuntirib turishim kerak...

— Alisher, bilasizmi, otalar farzandlari tug`ilganidan so`ng eng muhim narsalarni o`rganib borishadi, tushunishadi, tan olishadi. Siz o`g`lingiz bahonasida nimalar haqida o`ylayapsiz?

— O`g`lim garchi juda kichik bo`lsa-da, lekin u bilan bog`liq niyatlarim jiddiy. Uni munosib o`sib-ulg`aysin deyman. Katta bo`lganida boshqalarning e`tirozlariga sabab bo`lishini xohlamayman. Bu kabi jiddiy o`ylashimga esa asos bor: biz sulolamiz sha`niga loyiq bo`lishimiz kerak. Ikki yil avval xususiy radiolardan birida suhbatlashayotganimda boshlovchi asabga tegadigan kinoya bilan menga: “Siz, mana kinoda o`ynayapsiz, qo`shiq aytyapsiz. Uzoqovlar sulolasini munosib davom ettiryapman deb o`ylayapsiz-da?..” deb murojaat qilgandi. O`shanda o`zimni bosib, “Agar men shu sulolaga zarracha bo`lsa-da, dog` tushirayotgan bo`lsam, hozir o`zimni mana shu qavatdan tashlab yuboraman”, dedim. Axir bu men uchun fojia. Balki men bobomdek yoki dadam kabi xalqning e`tiboriga tushmasman, biroq ular yuz foiz hurmat qozongan bo`lsa, men atigi 5 foiz tilga tushsamu, shundan 95 foizi kemtik tursa ham, bu – men uchun baxt. Lekin xalqning 5 foizi bir yoqda qolib, hatto 1 foizi meni xush ko`rmasa, bu ham men uchun fojia. Men qo`limdan kelganicha ishonchni oqlashga harakat qilaman, qo`limdan kelganicha!..
— Alisher, men bunga ishonaman...

Oybek Aliev suhbatlashdi.

Шарҳлар