my5
Sevimli

To`y “mavsumi” oldidan: eng oshig`i olchi san`atkorlar reytingi

Shou-biznes 16.08.2013, 00:36
To`y “mavsumi” oldidan: eng oshig`i olchi san`atkorlar reytingi
Shou-biznes aslida minglab filmlar, son-sanoqsiz qo`shiqlar, ajoyib konsert dasturlari, tinimsiz premeralar demakdir. 
Biroq tomoshabin ko`ziga jimjimador va jozibali ko`ringan shou-biznes olamini millionlar boshqarishi xuddi birjadagidek kimdir yutib kimdir mag`lub bo`lishidan ko`pchiligimiz bexabarmiz.
Bugun o`zbek shou-biznesidagi aksariyat xonandalar tezroq tanilib, to`y xizmatlariga borish uchungina san`atga qadam qo`yishyapti desak, mubolag`a bo`lmas. Axir, to`y ortidan topiladigan mablag` kim uchundir arzimas ko`rinsa-da, bir xonanda bu bilan oyoqqa turib oladi-da. Yoki bor-yo`g`i 20-30 million so`mga olingan filmlar o`z namoyishidan keyin sarflangan mablag`ni bir necha barobar qoplashi ham ehtimoldan xoli emas. Xullas, bugungi sahifamiz orqali shou-biznes, kino olami va xonandalar faoliyatidagi “mavsum” tushunchasiga e`tiboringizni qaratishni lozim topdik.

Xonandalarning fikriga ko`ra bizda mavsum yozning o`rtalaridan boshlanib, to noyabr oyining oxirlari – dekabrning birinchi yarmiga qadar cho`zilarkan. Biroq Ramazon oyi munosabati bilan bu yil yangi mavsumning boshlanishi o`z-o`zidan avgustga ko`chdi. Shuning uchun ko`pchilik xonandalar “o`lik payt”da yangi qo`shiqlarini TV orqali aylantirib, boshlanajak mavsumni o`ziniki qilish niyatida.

Poytaxt to`ylarida eng “oshig`i olchi”lar.
1. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mavluda Asalxo`jaeva ancha yillardan buyon “birrov”ga boradigan xonandalar safida birinchi o`rinni egallab turibdi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, mavsum avjida xonanda bir kunda kamida 5 yoki 6 ta “birrov”ga borarkan.

2. Ayni damda ikkinchi o`rinda bo`lsa-da, biroq Mavluda Asalxo`jaevaning o`rniga jiddiy da`vogarlik qilayotgan xonanda – Munisa Rizaeva. Uning ham to`ylar mavsumida kuniga kamida 4 ta “birrov”i bo`lar ekan. 3. Uchinchi o`rinni esa ikki yildan buyon xonandalar Ulug`bek Rahmatullaev, Shohruxxon va Nilufar Usmonova egallab kelishyapti. Ma`lumotlarga qaraganda, ularni mavsum paytida kuniga 3 yoki 4 marta “birrov”da ko`rishingiz mumkin. Mavsumga qaramaydigan xonanda:Xonanda Alisher Ro`zmetovni ijodkorlar ham, muxlislar ham har qanday mavsumga qaramay eng “xaridorgir” xonanda sifatida bilishadi. Ro`zmetov “navbat” o`tkazish bo`yicha poytaxtda dong`i ketganlardan sanalsa-da, “birrov”larni ham unutmaydi. Ko`pchilikning fikricha, u navbatchilik qilayotgan to`ylarga boshqa xonandalarni chaqirishning hojati yo`q. Istasangiz xorazmcha, istasangiz turkcha va ta`bga ko`ra ingliz tilidagi qo`shiqlarni ham maromiga etkazib kuylab beradi. Viloyatlarda Toshkentdagidan farqli o`laroq, “birrov”chilar deyarli uchramaydi

Boshqa hududlarda xonandalar, asosan, navbatchi sifatida taklif etilishi ko`pchilikka ayon. Bu borada:

1. Birinchi o`rinni xonanda Farhod Saidov egallab turibdi. Ma`lumotlarga qaraganda, bu yil uning oktyabr oyi oxiriga qadar deyarli har kuni navbatchilik xizmatlari bor ekan. 2. Poytaxt to`ylarida kamnamo bo`lib qolgan “Davr” guruhini mavsumda yo Buxorodan, yo Samarqanddan topasiz. Guruh a`zolarining ham navbatchilik borasida ishlari yurishgan.

3. Farhod va Shirin ijodini boshlaganiga ko`p bo`lmagan esa-da, viloyatlardagi to`ylarda navbatchilik qilish borasida ancha ilgarilab ketishgan. O`tgan yildan boshlab ular qatoriga xonandalar Oybek va Nigora ham qo`shila boshladi. Ayni to`y mavsumida ularni Samarqanddan izlang. Kelin salom va charlarda:

1.O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Saida Rametova bu borada so`zsiz birinchi o`rinni egallab turibdi.2. Ikkinchi o`ringa da`vogarlik qilayotgan ikki aktrisamizning ham mavsumda deyarli har kuni to`y xizmatlari bor. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Ra`no Yarasheva va Muqaddas Xoliqovanimuxlislar bir o`rinda ko`risharkan.3. Viloyatlardagi to`y xizmatlarida eng faol aktrisalar ro`yxatiniZuhra Solieva boshlab bersa-da, mavsumda Toshkentdagi to`ylarda ham uning ishi ancha qiziydi. To`ylarda boshlovchilik borasida:1. Bir necha yildan buyon Rixsitilla Abdullaev va Nigora Karimboeva juftligi birinchilikni egallab kelmoqda.

2. Davron Kabulov va Rayhon Ulasenova juftligi goh poytaxt to`ylarida, goh viloyatdagi to`ylarda peshqadam bo`lib kelmoqda.   “Mavsum”ga har kim turlicha ta`rif beradi. Ba`zi xonandalar esa to`ylari ko`pligini OAVdan yashirishga urinishadi. Buni aytib ko`z-ko`z qilishsa, go`yoki ishlari ortga ketadigandek. “Mavsum” haqidagi fikrlarini bilish maqsadida baribir ularga mikrofon tutdik. Oybek va Nigora, “Nihol” mukofoti sovrindorlari:— Har bir xonanda yil davomida qilgan mehnatining samarasini ko`rishni, ya`ni kliplari va reklama uchun sarflagan mablag` o`rnini mavsumda qoplab olishni o`ylaydi. Chunki tirikchilik manbaimiz shundan, buni yashirishning hojati yo`q menimcha.
Alisher Ro`zmetov, xonanda:— Ochig`i, men mavsum qachon boshlanib, qachon tugashini unchalik yaxshi bilmayman. Asosan, Ramazon oyida dam olaman, xolos. Lekin to`y ekan deb pulning ortidan quvadigan xonanda emasman. Odamlar niyat qilib aytishgach, qo`limdan kelganicha xizmat qilaman. Darvoqe, kuni kecha hisoblab ko`rsam, 5 mingga yaqin qo`shiq bilar ekanman. Balki shuning uchun to`y xizmalariga meni ko`proq taklif etishar.
KINO 

Kino olamida “mavsum” xonandalarnikidan anchagina farq qiladi. Odatda rejissyorlar yozning jazirama issiq kunlarida yangi filmlarini katta ekranlarda namoyish etishdan hayiqib turishadi. Chunki aqlli tomoshabin 5-6 ming so`mga kinoteatrga kirib, film tomosha qilishdan ko`ra, oila davrasida muzqaymoq eyishni yoki bog`larni aylanishni ma`qul ko`radi. Bu yilgi yoz kinomavsumini rejissyor Durdona To`laganovaning “Ayriliq” kartinasi muvaffaqiyat bilan boshlab berdi. Ma`lumotlarga qaraganda, film birinchi haftaning o`zidayoq sarflangan mablag`ni chiqarib olgan.
17 may kuni Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda rejissyor Tal`at Mansurovning “Fotima” nomli filmi premerasi bo`lib o`tgan edi. Ammo nimadir bo`ldi-yu, kartina namoyishdan olib qo`yildi. Buni esa ko`pchilik hozir kino olamida mavsum emasligi, agar film ayni yoz oylarida namoyish etilsa, xarajatini qoplab ololmasligini aytdi. Lekin oradan ko`p vaqt o`tmay 5 iyul sanasida filmning yana bir premerasi bo`lib o`tdi va kartina 6 iyuldan kinoteatrlarda namoyish etilyapti. Ayni shu masala yuzasidan rejissyor Tal`at Mansurov bilan bog`landik.
Tal`at Mansurov, “Fotima” filmi rejissyori:— Yaxshi film mavsum tanlamaydi va men “Fotima” filmini ana shunday filmlar qatoriga kirita olaman. Nima uchun film namoyishdan olib tashlandi va nega qayta premerasi bo`ldi degan savol bilan murojaat qilganlar ko`p bo`lyapti. Buning birdan bir sababi filmning birinchi premerasiga qadar reklamaga unchalik e`tibor qaratmaganimizda. Oradan bir oydan ko`proq vaqt o`tdi. Reklama kutilgan natijani bergach, film katta ekranlarda namoyish etilyapti.
Jahongir Poziljonov, xonanda va rejissyor:— Filmlarimizni katta ekranga berishda hech qachon mavsumga qaramaganmiz. Misol uchun o`tgan yili yozning qoq o`rtasida do`stim Javlon Shodmonov “Janob qorovul” filmini taqdim etgan edi. Film yaxshi natijalarga erishdi. Bu yil avgust oyining boshida esa men “Ajab bo`pti” nomli kartinam  namoyishini boshlamoqchiman. Biz hatto to`ylar borasida ham mavsumni poylab o`tiradiganlardan emasmiz. E`tibor bersangiz, deyarli har oyda yangi klipimiz efirga chiqadi. Agar mavsumdan umid qilib o`tirganimizda, faqat to`y xizmatlari boshlanishiga yaqin otni qamchilardik.
Durdona To`laganova, rejissyor:— Men mavsumga umuman qaramayman. Ko`pchilik poytaxtda o`qiydigan talabalar ta`til munosabati bilan viloyatga qaytib ketganliklari, abiturientlar oliy o`quv yurtlariga kirishga tayyorgarlik ko`rayotgani va ko`pchilik oila a`zolari bilan xorijda yoki tog` yon bag`irlarida dam olayotganini hisobga olib yoz oylarini film namoyishi uchun qulay emas deyishadi. E`tibor bersangiz, “Ayriliq” filmi qish oylarida ekranlarga chiqarishga mo`ljallangan edi. Lekin kinoteatrlarda joy bo`lmagani sabab namoyish yozgacha cho`zildi.
Mana, ijodkorlarning “Mavsum” borasidagi fikrini tingladik. Kim o`zini qanday oqlashidan qat`i nazar, mavsum bizning shou-biznesimizga o`z ta`sirini o`tkazmay qolmaydi. Nima bo`lganda ham, har kim mehnatiga yarasha “xirmon”  ko`tarishi tarafdorimiz.

Qamariddin ShAYXOV tayyorladi

Шарҳлар