my5
Sevimli

​IChKI IShLAR XODIMLARINING “IChKI ISh”LARI

Jinoyat 28.07.2017, 16:54
​IChKI IShLAR XODIMLARINING “IChKI ISh”LARI

Hayotda qanday yashash va qaysi yo`ldan yurish insonning o`ziga havola, lekin har bir xatti-harakatni amalga oshirishda burch va mas`uliyatni ham unutmaslik lozim. Donishmandlar uch narsani ortga qaytmaydi, deya ta`kidlashadi: og`izdan chiqqan so`z, o`tgan vaqt va yo`qotilgan ishonch!

Zimmalariga aholining tinchligi va xavfsizligini ta`minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish kabi asosiy xizmat vazifalari yuklatilgan bo`lishiga qaramay, ayrim xodimlar mas`uliyat va burch tushunchalarini unutishib, qing`ir ishlarga qo`l urishdi.

“... xato qo`lga ilinmas” deydilar, ammo...

Keksalarimiz “Balo ko`zga ko`rinmas, xato qo`lga ilinmas” degan naqlni ko`p qo`llashadi. Ammo xatoni ko`z bilan ko`rib, qo`l bilan qilsak-chi? Bu qilmishimizni nima bilan oqlash mumkin? Ayniqsa, yurt tinchligi, aholi farovon turmushini saqlashdek mas`ul lavozimga tayinlangan, oq-qorani tanigan, egniga maxsus kiyim kiygan rahbar hamda mas`ul xodimlarning o`zlari jinoyatga qo`l urishsa, buni kechirish mumkinmikan?! Yurt sharafi har birimiz uchun har doim aziz, ona vatan osoyishtaligini ta`minlash esa barchamizning muqaddas burchimizdir. Ammo egniga maxsus kiyim kiyib, xizmatni qasamyod bilan boshlagan huquq-tartibot idoralarining ayrim xodimlari o`z nafsini burch va mas`uliyatidan ko`ra ustun qo`yishlari xalqning ularga bo`lgan ishonchini yo`qotmaydimi? Jinoyatga qarshi kurashish o`rniga o`zlari jinoyatga qo`l urishsa-chi?! Masalan, poraxo`rlikka ruju qo`ysa. Buni biron bir sabab yoki bahona bilan oqlab bo`larmikan?!

Qozonning qorasini yuqtirgan shovvozlar

O`z mansabini suiis`temol qilib, pul evaziga noqonuniy ishlarga yo`l qo`ygan ichki ishlar xodimlarining jinoiy qilmishlari tafsilotiga to`xtalamiz. Patrul post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi karantin vzvodi xodimi vazifasida ishlab kelgan Quvondiq Boltaev Hazorasp tumanidagi Toshsaqa blok postida xizmat vazifasini o`tayotgan vaqtda yo`lovchilarga nisbatan yangi qoidani qo`llay boshlaydi. Ish va boshqa xizmatlar sababli biron bir manzilga otlangan, yuk bilan qaytayotgan mashina haydovchilari yoki egalaridan pul undirishni o`ziga kasb qilib oladi. Mashina yoki yuk xatining bironta kamchiligi topilsa bo`ldi, pul undirishga asos ham bor. Boltaevning bu qilmishi hamkasblariga ham ma`qul keladi. Har gal postga navbatchilikka tushishganida ana shu usul yordamida daromad topishga o`rgangan shovvozlar bu tuzoq yordamida osonlikcha moddiy daromad topishni odat qilishadi. Ammo bu gal unday bo`lmadi.

Qing`ir ishning qiyig`i...

Patrul post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi karantin vzvodi xodimi Doniyor Qalandarovning telefonda qilgan iltimosiga ko`ra yuk ortilgan mashinaning hujjatlarini tekshirmasdan o`tkazgan Boltaev haydovchidan yuz ming so`m pulni olib qolishni ham, uni darrov ko`zdan pana joyga bekitishni ham unutmaydi. Ammo uning bu noqonuniy harakati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etildi. O`tkazilgan tekshiruv paytida Boltaevning shaxsiy mashinasidan topilgan 600000 so`m pul navbatchilik paytida haydovchilardan ta`magirlik yo`li bilan undirilgan pullar ekanligi aniqlandi.

Yana bir holat: hojatbarorlik ortidagi ta`magirlik

Davlat maoshidan tashqari har kuni shunaqa tushum bo`lsa, kim ham o`zini yo`qotmaydi. Ayniqsa, vakolating bo`lsayu, tanish-bilishingni ishga solsang, uyam bo`lmasa, pul evaziga boshqalarning hojatini chiqarsang. Bu ishimizni kim ham bilardi deb o`ylagan xodimlar aslida qing`ir ishning qiyig`i qirq yildan keyin ham chiqishini unutishgandi. YHHB yo`l patrul xizmati inspektori lavozimida ishlagan Shavkat Matnazarov navbatchilik paytida ta`magirlik qilishni kanda qilmadi. Kimningdir hojatini chiqarish kabi hojatbarorlik aslida oson daromad topishga mo`ljallangan niqob edi. Yuk bilan o`tayotgan haydovchilarning hujjatlarida kamchilik yoki boshqa sabablar aniqlansa, ularga tegishli tartibda chora qo`llash o`rniga cho`ntagini qappaytirishga uringan Matnazarov bir kuni bu qilmishlari uchun qonun oldida javob berishini unutgandi. Tegishli hujjatlarga ega bo`lmagan neft mahsulotini viloyat hududiga kiritish evaziga haydovchidan ma`lum miqdordagi pulni qo`lga kiritgan Shavkat Matnazarov har gal postga navbatchilikka tushganida o`rtacha 200 000 so`m atrofidagi “daromad”ga ega bo`lardi.

Bankdan o`g`irlangan pul: qo`riqchi xodimning “ov”i fosh bo`ldi

...oxir-oqibat insonni chohga qulatadi. 2016 yilning 30 martidan 31 martiga o`tar kechasi “Mikrokreditbank” ATB ning Bog`ot tuman bo`limi binosida ro`y bergan voqea ancha shov-shuvlarga sabab bo`lgandi. Bankdan 16 million so`m pul o`g`irlanganligi haqidagi xabar ko`pchilikning diqqatini tortgan bo`lsa, ko`p o`tmay o`g`ri aynan qo`riqlash bo`limi xodimi ekanligi hammani hayratga soldi. Bog`ot tuman IIB huzuridagi tumanlararo qo`riqlash bo`limi xodimi vazifasida ishlab kelgan Qahramon Egamov kunduzi ishda bo`lsa, kechasi “ov”ga chiqishni odat qilgandi. Ammo ov hamisha ham baroridan kelavermaydi. Bu tushunchani unutgan shovvoz qachonlardir siri fosh bo`lishini, qo`lga tushishi mumkinligini e`tiborga olmay, shu tarzda ketma-ket jinoyatga qo`l uraverdi. Ichki ishlar xodimidan kim ham shubha qilardi, degan fikr Qahramon Egamovga har gal dalda berardi. Bir tomondan bu gapda jon bor, aynan binodagi osoyishtalik, tartib va boshqa holatlarga javobgar bo`lgan xodim xizmat vazifasini o`tayotgan joyida o`g`irlik qilishi mumkin emas! Buni yaxshi bilgan Qahramon Egamov bu ishga tug`ishgan ukasi Dadaxon Egamovni ham jalb etadi. Bir kishidan ikki kishi bo`lgani yaxshi-da. Har holda yordami tegadi. Hech bo`lmaganda ko`cha-kuyda hushyor turib, vaziyatdan xabardor qiladi. Dadaxon Egamov ham shu vazifani bajargan. O`g`irlikka ichkariga kirgan akasini ko`chadagi vaziyatdan telefon orqali xabardor qilib turgan. “Ov”i baroridan kelgan paytlarda esa turli buyum va pullarni olib, juftakni rostlagan. Akasi esa yana ish joyiga qaytib borgan.

20 dan ortiq o`g`irlik qilgan aka-ukaga hukm o`qildi

Shu tarzda 2015 yil hamda 2016 yilning birinchi choragida tumanning 20 dan ortiq joyida o`g`irlik jinoyatlarini sodir etgan aka-uka Egamovlar o`zlarini qo`lga tushmas, epchil deya yuqori baholashardi. Ammo kun kelib ko`za ham sinishi ham bor gap. Jinoyat ishlari bo`yicha Bog`ot tuman sudida jinoyat ishi hujjatlari to`liq o`rganilib, jinoyat uchun jazo tayinlandi. Sud hukmiga ko`ra, Qahramon Egamov 9 yil muddatga, Dadaxon Egamov 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Xulosa o`rnida...

Farzandi bo`y cho`zib, voyaga etganini ko`rgan ota-ona sevinadi, uni el koriga yaraydigan, yurt farovonligi uchun xizmat qiladigan er yigit bo`lishini istaydi. Shu maqsadda emay ediradi, kiymay kiydiradi. Ammo o`g`il kun kelib, qilmishlari bilan otaning qaddini buksa, onaning ko`zini yoshga to`ldirsa, tag`in el-yurt, qo`ni-qo`shni, mahalla-ko`y orasida isnodga qo`ysa, bundan ham yomoni ishonchni yo`qotsa, bu xiyonatni kechirish mumkinmi?! Yurt tinchligi, aholining osoyishta hayotini saqlash, qonun asosida ish yuritish bilan birga uning buzilishiga yo`l qo`ymaslik kabi qat`iy qoidalarga amal qilish o`rniga poraxo`rlik, ta`magirlik, o`g`rilikni ikkinchi kasb qilib olgan mana bu xodimlar sababli xalqning ichki ishlar xodimlariga nisbatan ishonchi yo`qolmasligiga kim kafolat bera oladi?

Bolalardan katta bo`lganingda qaysi kasb egasi bo`lmoqchisan, deb so`rasangiz, ular ko`pincha ichki ishlar xodimi degan javobni berishadi. Bu kasb egalariga ko`pchilik havas qilishi tabiiy. Murg`ak ko`ngillarning havasi, xalqning ishonchi ayrim xodimlarning qilmishlari sababli yo`qolmasligi lozim. Yo`qotilgan ishonch esa qayta tiklanmaydi!



Xursand Xojaev,

Xorazm viloyat ma`muriy sud sudyasi

Erpo`lat Berdiev,

jinoyat ishlari bo`yicha Bog`ot tuman sudi raisi.

Nargiza Bo`ronova, jurnalist.

Шарҳлар