O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi Farg`ona viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lgan bemor Nargiza Ubaydullaevaning ahvoli yuzasidan "Darakchi" gazetasiga ma`lumot taqdim etdi.
Farg`ona shahar Bursa ko`chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Habibaxon Usmonovaning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga qilgan murojaati to`liq o`rganib chiqildi.Aniqlanishicha, Habibaxon Usmonovaning qizi Nargiza Ubaydullaeva 2011 yildan buyon Farg`ona shahar tibbiyot birlashmasining reanimasiya bo`limida koma holatda davolanib kelinmoqda.
Bemor Nargiza Ubaydullaevaning kasallik tarixi quyidagicha boshlangan. Bemor 2011 yilning 27 noyabrida soat 06:25 da Farg`ona shahar markaziy shifoxonasi tug`ruq bo`limiga olib kelingan. Navbatchi shifokorlar — R.E.Mamasiddiqov va Z.A.Usmonovalar tomonidan bemor ko`rikdan o`tkazilib, quyidagi tashxis qo`yilgan: Homiladorlik - 2, 38 hafta, tug`ruq - 2, tug`ruqning birinchi davri. Asoratlangan akusherlik anamnezi (bachadon chandig`i). Kamqonlikning og`ir darajasi.
Shundan so`ng shifokorlar bachadon chandig`i nosozligi, tug`ruq travmatizmining oldini olish maqsadida hayotiy ko`rsatmaga ko`ra, shoshilinch ravishda tug`ruqni operativ yo`l bilan olib borish zarurligini bemorning qarindoshlariga tushuntirishgan. Bemor shoshilinch operasiyaga tayyorlanib, shu kunning o`zida soat 07:00 da operasiya xonasiga o`tkazilgan. Operasiya paytida bemorda o`tkir nafas va yurak etishmovchiligi sababli, nafas va yurak faoliyati to`xtashi kuzatilgan. Yurak faoliyati ikki bora to`xtashi kuzatilib, ko`rilgan reanimasion choralardan so`ng operasiya davom ettirilgan va soat 09:15 da yakunlangan. Shundan keyin bemor sun`iy nafas olish apparati yordamida, intensiv davolash maqsadida reanimasiya bo`limiga o`tkazilgan.
Uning ahvoli og`irlashganligi sababli, 2011 yil, 28 noyabr kuni soat 05:45 da viloyat mutaxassilari ishtirokida qayta operasiyaga olingan. Unda relaparotomiya, bachadon amputasiyasi, ichki yonbosh arteriyalarini bog`lash va qorin bo`shlig`ini drenajlash operasiyasi bajarilgan.
2012 yilning aprel oyidan bemorga I guruh nogironligi belgilandi. Farg`ona shahar Bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining tavsiyaga asosan, Farg`ona shahar hokimining 2012 yil 16 iyuldagi qarori bilan Habibaxon Usmonova bemorga vasiy homiy etib tayinlanib, unga 405 ming so`m miqdorida nafaqa belgilangan. Bemor N.Ubaydullaeva esa reanimasiya bo`limida alohida xonada parvarish qilinmoqda. Hozirgi kundagi tashxisi: Surunkali vegetativ holat, oyoq va qo`l bo`g`imlari kontrakturasi, mushaklar distrofiyasi. Temir tanqislik kamqonligining o`rta og`ir darajasi.
Farg`ona shahar huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruv o`tkazilib, tibbiyot birlashmasining ikki nafar shifokori — reanimatolog-anesteziolog Rayim Qoraboev va vrach ginekolog Rahmat Mamasidiqovlarga nisbatan ushbu davolash jarayonida yo`l qo`ygan kamchiliklari uchun jinoiy javobgarlik belgilangan va qonuniy choralar ko`rilgan.
Ayni kunlarda bemor Nargiza Ubaydullaevaning umumiy ahvoli turg`un behush, bo`g`imlar deformasiyalangan, muskullar atrofiyalangan. Nafas olishi traxeostomik naycha orqali, vaqti-vaqti bilan yuqori nafas yo`llari elektr so`rg`ich yordamida sanasiya qilib turiladi. O`pkalarda sust vezikulyar nafas, gemodinamika stabil. Oziqlanishi oshqozon zondi orqali. Diurez uretral katetr yordamida.
Respublika ishchi guruhi va viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi rahbariyatining bemor N.Ubaydullaevani amaldagi qonunda belgilangan tartib asosida “Muruvvat” uyiga joylashtirish taklifi bemorning onasi H.Usmanova tomonidan rad etildi.
Bemor Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Nevrologiya kafedrasi, Andijon davlat tibbiyot instituti Nevrologiya kafedrasi professorlari, Janubiy Koreya, Hindiston davlatidan tashrif buyurgan mutaxassislar tomonidan ko`rikdan o`tkazilib, qo`yilgan tashxis va davolash muolajalari to`g`riligi qayd etilgan.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, dunyoda yuqoridagi holat 0,06 foiz hollarda uchrab turadi. Bunday kasalliklar bilan yillar davomida davolanayotgan bemorga nisbatan ham ma`naviy, ham jismoniy, ham iqtisodiy tomondan juda katta kuch, e`tibor va parvarish talab qilinadi. Belgilangan tartibga asosan, ushbu bemorlar bosqichma-bosqich ravishda jadal terapiya sharoitidan, parvarishlar amalga oshiriladigan stasionarlar sharoitiga o`tkazilishi talab etiladi. Lekin, ushbu asoratdan so`ng ro`y bergan murakkab vaziyatni to`liq tushungan holda, bemorning qarindoshlari talabini qondirish maqsadida hamda insoniylik nuqtai nazardan bemor N.Ubaydullaevaga 6 yildan buyon faqat reanimasiya bo`limida shifokorlar, hamshiralar, qolaversa, barcha katta va kichik tibbiyot xodimlari tomonidan uzluksiz parvarish (oziqlantirish, sanitar ishlovlar, ko`rpa-to`shaklarni almashtirish, cho`miltirish va h.k.) o`tkazilib kelinmoqda. Jumladan, davlatimiz tomonidan Farg`ona viloyati hokimligi, Farg`ona viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi, mahalla fuqarolar yig`ini ko`magida ko`plab beminnat mablag`lar sarf qilib kelinmoqda.
Hozirgi kunda bemor N.Ubaydullaevaga reanimasion tibbiy muolajalar davom ettirilishiga ko`rsatma mavjud emas, faqat parvarish darkor. Shunday ekan, ayni damda bemor uy sharoitida yoxud “Muruvvat” uyida parvarishlanishi mumkin.
Odiljon Umarov,
Farg`ona viloyat Sog`liqni
saqlash boshqarmasi boshlig`i