Sevimli

62 MILLIONLI NOQONUNIY TOVAR BOJXONAChILAR TOMONDAN UShLAB QOLINDI

Jinoyat 19.08.2017, 09:46
62 MILLIONLI NOQONUNIY TOVAR BOJXONAChILAR TOMONDAN UShLAB QOLINDI

Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari respublikamiz hududiga katta miqdordagi tovar moddiy boyliklarning noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo`ydilar.

Jumladan, “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Xitoydan poytaxtimizda faoliyat yurituvchi “Grand Sport-Tex” mas`uliyati cheklangan jamiyat nomiga kelgan temir yo`l konteyneri yuk egasi va xolislar ishtirokida bojxona ko`rigidan o`tkazildi.

Ma`lumki, bojxona taomillariga ko`ra yuklar bojxona rasmiylashtiruvi tugaguniga qadar, vaqtincha saqlovga olinadi. Keyin esa erkin muomalaga chiqariladi. Ayni shu jarayonda yuk egalari tomonidan aynan bir turdagi tovar uchun turli xil ma`lumotlar taqdim qilingani bojxonachilarda shubha uyg`otdi.

Konteynerdagi 96 to`pdan iborat salkam 5 ming kvadrat metr matolarni bojxona yuk deklarasiyasida dastlab Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasidagi boshqa kod, ya`ni avtomobillar saloni uchun mo`ljallangan gilamga o`xshagan gazmol sifatida qayd etuvchi kod bilan belgilashadi. Erkin muomalaga chiqarishdan oldin esa avtomobillar saloni uchun mo`ljallangan bo`yalgan sintetik to`qima mato sifatida belgilab, tovar kodini o`zgartirishadi.

Vaholanki, o`tkazilgan bojxona ekspertizalari hamda sud-ekpertiza xulosalariga ko`ra, ushbu gazlamalar butunlay boshqa kod bilan tasniflanuvchi namat tusidagi mato ekanligi aniqlandi.

Shu tariqa tegishli kodlarni o`zgartirish orqali qonunbuzarlar 62 mln. so`mdan ortiq bojxona to`lovlaridan bo`yin tovlashgani fosh bo`ldi.

Mazkur holat yuzasidan “Grand Sport-Tex” mas`uliyati cheklangan jamiyat rahbari R.Ismatullaev va boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, to`plangan hujjatlar Toshkent shahar prokuraturasiga yuborildi.

Shuningdek, mazkur post xodimlari Xitoydan keltirilgan yana bir konteynerni bojxona ko`rigidan o`tkazish davomida navbatdagi bojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi.

Konteynerdagi “Cen Chen Textile Group” MChJ nomiga keltirilgan yuklarni ko`zdan kechirish davomida, yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilgan pahmoq matolar belgilangan miqdordan kam ekanligi, aksincha ularning o`rniga tayyor mahsulot hisoblanuvchi 7200 dona bolalar adyollari keltirilganligi ma`lum bo`ldi.

Shu tariqa qonunbuzarlar qiymati 180 mln. so`mlik adyollarni bojxona nazoratidan yashirishga urinishgani fosh bo`ldi.

Mazkur holat yuzasidan “Cen Chen Textile Group” MChJ direktori U.Yunusovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining tegishli moddalariga binoan hujjatlar rasmiylashtirildi.


Шарҳлар