Endilikda siz sevimli san`atkorlaringizning nafaqat ijodi, balki ularning muhabbat tarixidan ham xabardor bo`lasiz.
Loyihamizning ilk qahramonlari esa iste`dodli xonanda Ruxshona hamda uning umr yo`ldoshi – aktyor, rejissyor va klipmeyker Sanjar Matkarimov. Bu ikki ijodkorning to`yi turli savollar tug`dirgani sir emas. Fursatdan foydalanib, barchasiga aniqlik kiritishga ahd qildik. Shu bahona yosh oilaning xali hech qaerda oshkor etilmagan sirlaridan ham voqif bo`lamiz.
— To`yingiz haqidagi xabar ko`pchilikni shoshirib qo`ydi. Munosabatlaringizni nega sir tutdingiz?
Sanjar: — Ijodkor sifatida Ruxshona bilan tanish edik. O`zaro his-tuyg`ular paydo bo`lgach esa kelishgan holda ularni oshkor etmaslikka qaror qildik. Bilasiz, shou-biznesda har xil odamlar bor, buning ustiga, gap-so`z tez tarqaladi. Qolaversa, ko`z tegishi ham bor gap. Lekin, baribir, oyni etak bilan yopib bo`lmas ekan. Tanish-bilishlar munosabatlarimizdan xabar topgach, to`yni tezlashtirib yubordik.
Ruxshona: — Haqiqatan ham bir-birimizni tanirdig-u, lekin hamkasb edik xolos. Bora-bora o`ramizda mehr paydo bo`ldi. Ammo buni atrofdagilarga bildirmadik.
— Oila qurish haqidagi qarorni yaqinlaringiz qanday qabul qilishdi?
Sanjar: — Volidam anchadan beri uylanish to`g`risidagi qarorimni kutib yurgandi. Shunga ham «qiz topdim, uylanaman» deganimda juda xursand bo`ldi. Ko`ngil qo`yganim Ruxshona ekanligini eshitib esa ham quvondilar, ham ishonmadilar.
— Onangiz bo`lajak kelini bilan tanishmidi?
Sanjar: — Adashmasam, «SUG’DIYONA» gazetasida turmushga chiqmagan san`atkor qizlarning reytingi e`lon qilingandi. O`shanda onam Ruxshonaning suratini ko`rsatib, «qara, turmushga chiqmagan ekan» degandi. U to`g`risida aytganimdan keyin «ko`z oldingga olib qo`ygan ekansan-da» degandi kulib. Aslida esa internetdagi suratlarimizga izoh yozib, yaqindan tanishganmiz.
Ruxshona: — Onam Sanjar aka haqida eshitib, avvaliga ishonmadi. Ona, baribir, ona-da, men uchun xavotir olgan. Keyin bo`lajak kuyovlari bilan suhbatlashib, xarakteri, oldiga qo`ygan maqsadlarini bilgach, rozi bo`ldi.
— To`ydan oldin biror shartlashuv bo`ldimi orangizda?
Ruxshona: — Yo`q, hech qanday shartlar ham, majburiyatlar ham bo`lmagan.
— Kelinlik o`ziga yarasha ma`suliyatni talab qiladi. Ruxshona kelinlik vazifalarini necha bahoga uddalayapti, Sanjar aka?
Sanjar: — Besh bahoga bajarayapti, desam mubolag`a bo`lmaydi. Rosti. hammaga yoqishga harakat qiladi, turli taomlar pishiradi. Onajonim o`ziga aytadilarmi, yo`qmi bilmayman-u, lekin menga nuqul maqtaydilar. Ilohim, oxirigicha shunday bo`lsin.
— Xo`sh, Ruxshona endi sizdan eshitsak, ekrandagi kabi aktrisalik mahoratidan foydalanayapsizmi?
Ruxshona: — (kuladi). Kamera qarshisida aktrisalik qilolaman, lekin hayotda bunday mahoratim yo`q.
Sanjar: — Rejissyorman-ku, qanday qilib aktrisalik qilsin (kuladi). Darrov bilib qolaman.
Ruxshona: — To`ppa-to`g`ri, rejissyorlar juda sinchkov bo`lishadi. Sanjar aka ham shunday. Xatti-harakatim, ko`z qarashlarim meni fosh qilib qo`yadi.
— Bilishimcha, ota-onangiz bilan birga yashaysiz. Tadbir, xizmatlar deganday... Kech kirib borishingiz muammo bo`lmayaptimi?
Ruxshona: — Bu mavzu o`zimni ham cho`chitardi. Xonanda bo`lsam ham, qaynona-qaynotam uchun kelinman. Qanday qabul qilisharkin, derdim. Shukr, kasbimni tushunishadi. Gohida ovoz yozish yoki suratga olish ishlari bilan bo`lib, tongga yaqin kirib kelamiz. Er-xotin birga ekanligimizga ham ko`ngillari xotirjam.
Sanjar: — Bunaqa masalalarda onam tushunadigan ayol. hozir ham intervyuga ketayapmiz desak, «Men ham boraymi» deb qoldilar.
Ruxshona: — Xizmatlarga ketayotganimizda «qaynona-soqchi kerakmasmi», deydilar kulib. Juda hazilkash, ko`ngli ochiq ayol. Bilsangiz, san`atkorlar uchun yaqinlarining tushungani, dalda bo`lgani ulkan baxt. Ilohim, hamisha sog` bo`lsinlar.
— Ahilchiligingiz yo`qolmasin. Er-xotin ijodkorsiz. Tabiiyki, ish tartibingiz bir-biringiznikiga to`g`ri kelmay qolishi mumkin. Bu borada kelishmovchiliklar bo`lmayaptimi?
Sanjar: — To`g`ri aytdingiz, ikkalamizning ham vaqtimiz tig`iz. Lekin bu masalada tushunmovchiliklar bo`lmasligiga ishonaman.
Ruxshona: — Sanjar akaning ishlari menikidan muhimroq. Chunki u katta jamoa bilan ishlaydi. Birgina o`zi uchun o`nlab odamning rejasini o`zgartirolmaydi. Ishlaridan ortgachgina ijodimga ko`maklashadi. O`ylaymanki, vaqt masalasi munosabatlarimizga ta`sir ko`rsatmaydi.
— Eshitishizcha, to`ydan keyin avvalgi ma`muringiz bilan ishlamay qo`yibsiz. Bu turmush o`rtog`ingizning talabimi?
Sanjar: — Ruxshonaning o`rniga men javob bera qolay. Avvalgi ma`murlariga hech qanday e`tirozim yo`q. Yaxshi yigitlar, rafiqamni shu kungacha qo`llab-quvvatlab kelgani uchun ulardan minnatdorman. Ammo bundan keyin ma`murlik vazifasini o`zim olib boraman. Shu tariqa unga ko`mak berishim, ijodini bundan ham kengaytirishi uchun yo`l-yo`riq ko`rsatishni maqsad qilganman. Qolaversa, bu ikkimizga ham qulay. Ruxshonaga shunday qilasan deganim yo`q. Taklif bildirdim, o`ziga ham ma`qul keldiki, rozi bo`ldi.
Ruxshona: — Avvalgi ma`murim bilan do`stona munosabatda xayrlashdik. Hech qanday «sen-men»ga borish bo`lmadi. Buyog`iga esa o`zimiz mustaqil ijod qilamiz.
— Javoblaringizdan bir-biringizga o`xshash tomonlaringiz ko`pligini sezayapman...
Ruxshona: — haqiqatan ham fe`t-atvorimiz, dunyoqarashimiz juda o`xshash. Ilk tanishganimizda ham xuddi avvaldan bir-birimizni bilgandek gaplashib ketganmiz. Ishonsangiz, hatto yoqtirgan narsalarimizgacha bir xil.
— Bunday bir xillik tez zeriktirib qo`yishidan cho`chimaysizmi?
Ruxshona: — Yo`q, fikringizga qo`shilmayman. Aksincha, fikrlar o`xshash bo`lsa, tushunmovchiliklar ham bo`lmaydi.
Sanjar: — O`zaro ishonch, hurmat va mehr-muxabbat bo`lsa, munosabatlar alanga olsa oladiki, aslo sovimaydi.
— Turmushingizning shu pallasida o`zingiz uchun nimalarni anglab etdingiz?
Sanjar: — Oila katta ma`suliyat. Buni bo`ydoqligimda ham yaxshi bilardim. Shunga ham uylanishga shoshilmadim. To`ydan keyin esa hayot keskin o`zgardi. Ijod salgina chetga surildi, oila esa birinchi o`ringa chiqdi. Avval ijodiy rejalarni o`ylagan bo`lsam, endi oilam uchun rejalar tuzayapman.
Ruxshona: — Yolg`iz farzand bo`lganim uchun onam hamisha ko`nglimga qaragan. Uy ishlari, pishir-kuydirlarga vaqtim bo`lsa qarashardim. Oilaviy hayotda esa bunday erkakliklar yaramaydi. Qat`iy kun tartibim bor. Yaqinlarimning ko`nglini olishga harakat qilaman, o`z ustimda ishlayman, hamisha biror yangilik qilishga intilaman. Bugunimni katta hayotga katta qadam, deb ta`riflasam to`g`ri bo`ladi.
— Tanlagan yo`lingizda tole` yor bo`lsin! Bugungidek mehr-muhabbatda yashang.
BLIS SAVOLLAR
Ilk uchrashuv:
Sanjar: — Sanasini eslolmadimu, lekin Ruxshonaning uyi oldida bo`lgan.
Ruxshona: — Qizlik uyimning yonginasida ko`prik bor. Munosabatlarimizni yashirganimiz bois, ana shu ko`prik uchrashuv joyimiz edi.
Ilk sevgi izhori:
Sanjar: — Ko`prikdagi uchrashuvda bo`lgan. Ko`zlariga boqib, «Sevib qoldim» deganman.
Ilk ahdlashuv:
Ruxshona: — Dil izhoridan keyin bir umr birga bo`lishga ahdlashganmiz. Buni qarang, o`shanda ham ko`prigimizda uchrashgandik.
Ilk turmush qurish haqidagi taklif:
Sanjar: — Albatta, men aytganman.
Ruxshona: — Guldasta va tort bilan kelib, qaergadir shoshilayotganini aytgan. Sovg`alarni berib, cho`ntagidan quticha chiqargan va uzukni qo`liga olib, «menga turmushga chiqasanmi» degan. Romantika! Ta`sirlanganimdan nima deyishni bilmay qolganman. Shunda «Tegasan-a, tegasan» degan u kishi ham (kuladi). Juda qiziq bo`lgandi. hech qachon unutmasam kerak.
Ilk arazlashuv:
Sanjar: — har kuni 5-6 marta sodir bo`ladi. Shu bois birinchisini eslolmayapman. Ko`proq u arazlaydi.
Ruxshona: — Lekin eng uzoq davom etgani 5 daqiqa, xolos.
Sevgi, bu...
Sanjar: — Plutonning bir gapi bor: «Sevgi bu erning guli emas. Uni hidlash, uzish mumkin. Lekin, baribir, sirini bilolmaysan».
Ruxshona: — Ilohiy tuyg`u. Agar hislaringiz haqiqiy bo`lsa, kundan kunga mehringiz oshib boraveradi.
MINI-TEST
Loyihamizning mazkur bo`limida Ruhshona va Sanjar bir-birlari haqidagi savollarga javob berishadi. Yon bosish bo`lmasligi uchun ikkisi bilan alohida suhbatlashdik. So`ng javoblarni bir-biriga taqqosladik.
RUXShONA: —
— Sanjar aka siz pishirgan qaysi taomni xush ko`radi?
— Ovqat tanlamaydi. Ko`proq qovurilgan go`sht va kartoshkani yoqtiradi.
( Sanjar: — Taom tanlamayman. Lekin qovurilgan kartoshka va go`shtga mehrim bo`lakcha.)
— Qaysi uslubda kiyinishni yoqtiradi?
— Bu borada ham injiq emas. Boradigan joyiga qarab, kiyimlarini o`zim tayyorlab beraman.
(Sanjar: — Kiyim tanlamayman. Qulay bo`lsa bo`lgani.)
— Ko`p takrorlaydigan iborasi?
— (O`ylanib) Unaqasi yo`q ekan.
(Sanjar: — Shu savolning javobiga o`zim ham qiziqdim. O`ylab-o`ylab topolmadim.)
— Jahli chiqsa o`zini qanday tutadi?
— O-o-o, jahli chiqqanida yaxshisi indamagan ma`qul. Shunda ham kayfiyatini ko`tarishga harakat qilaman.
(Sanjar: — Jahlim chiqqani yuzimdan bilinadi.)
— Sizningcha, turmush o`rtog`ingiz rashkchimi? Necha foizda baholaysiz?
— 200 foizlik rashkchi. Lekin men ham undan qolishmayman.
(Sanjar: — Rashkim juda kuchli.)
— Yolg`on gapiradimi hech?
— Yo`q. Yolg`onni yoqtirmaydi. Buni ustiga, aldashni eplolmaydi ham. Yuz ifodasidan bildirib qo`yadi.
(Sanjar: — Aldashni emlolmayman! hayotda undan foydalanishni istamayman...)
— Sanjar aka hayotda nimani yoki kimni kechira olmaydi?
— Xiyonat va yolg`onni kechirmaydi.
(Sanjar: — Yolg`onni kechirolmayman)
— Bir kun kelib, ishingni yig`ishtirib, oila, bolalar tarbiyasi bilan band bo`lasan, deyishi mumkinmi?
— 50/50. Yugur-yugurlar bilan charchab qolganimni ko`rsa, aytishi mumkin. Lekin har doim ijod bu — ijodkorning kislorodi, uni bo`g`ib bo`lmaydi, deydi.
(Sanjar: — O`zim ham ijodorman, rafiqamni menchalik tushunadigan odam bo`lmasa kerak. Menimcha, bunday cheklov bo`lmaydi.)
— Biror narsaga va`da bersayu, bajarolmasa o`zini qanday oqlaydi?
— Bajarolmaydigan narsasiga va`da bermaydi. Shu xislatini hurmat qilaman.
(Sanjar: — Hech kimga va`da bermayman. Odatim shunaqa. Chunki ertaga nima bo`lishi faqat Yaratganga ayon.)
SANJAR:
- Ruxshonaning yoqtirgan ifori?
- (kuladi) Bilmayman. Atir-upalariga qiziqmagan ekanman.
- (Ruxshona: — Atir tanlamayman. har doim foydalanadiganim esa Donna Karan.
- Pardoz-andoz qilishi uchun qancha vaqt sarflaydi?
- Juda qisqa vaqtda bitiradi. O`zim ham hayron qolaman.
- Moliyaviy masalalarda tejamkormi yoki qo`lida pul turmaydiganlardanmi?
- Ikkinchisi. O`xshatmasdan uchratmas deganlariday, o`zim ham shunaqaman.
- Tanqidni ko`tara oladimi?
- Yo`q, yoqtirmaydi.
- Xafalashib qolsangiz kim birinchi bo`lib yarashuv taklifini bildiradi?
- Ko`proq u. Ozroq xafa bo`lishimga ham qo`ymaydi.
- Telefoningizdagi yozishmalarni tekshiradimi hech?
- Tekshirmaydi. Yoki shunaqa odati bormikan?
- Ruxshona sizni kimdan ko`proq rashk qiladi: raqqosalar, san`atkorlar yoki model qizlardan?
- San`atkor qiz-ayollardan bo`lsa kerak. Yoki modellarmikan?
- (Ruxshona: — Hammasidan.)
— Qaysi odatini o`zi ham o`zgartirishni istaydi?
— O`zgartirishni istaganini amalga oshirdi. To`ydan avval salgina to`poriroq edi. hozir ancha nafis, muloyimlashgan. Buni ko`pchilik ta`kidlayapti.
(Ruxshona: — O`zgartirishni istaganlarimni bajardim. hatto, ikkimiz uchun ham asqotadigan o`zgarish qildim. Er-xotin achchiq damlangan qahva ichishga odatlangandik. har kuni 3-4 finjonni ko`rdim demasdik-da. hozir bu odatga ham barham berganmiz.)
Guvohi bo`lganingizdek, ikkisida ham o`xshash javoblar ko`p bo`ldi. Bu esa muhabbatlari haqiqiy va beg`ubor ekanligidan dalolatdir.
Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi
Fotomuxbir: Abror ABDULLAEV
Manba: «Sug'diyona» gazetasi