Му5
3

“KIMGA IShONAY?”

Mutolaa 25.09.2017, 20:06
4077
“KIMGA IShONAY?”

U paytlari endigina oliygohni tamomlab, o`z yo`nalishim bo`yicha ish qidirib yurardim. Ish so`rab borgan joylarimdan esa rad javobini eshitaverib, insonlarga bo`lgan ishonchim susayib, alamzada va jizzaki bo`lib qolgan edim. Bir kuni kitob do`koni yonidan o`tib borayotsam, notanish kishi yonimga kelib, “Uka, shu do`kondan bir kitob olmoqchi edim, iloji bo`lsa, 3000 so`m berib turing, mashinamda po`l bor faqat sal uzoqroqqa qo`yib kelgandim, borishga erinib turibman. Pulingizni mashinamdan olib qaytaraman”, dedi. Avvaliga biroz razm solib, o`sha paytda o`zim mablag`ga mo`htoj bo`lib tursam-da, yana bir bor begona kishiga ishonib, so`ragan pulni berdim. U kishi odamlar gavjum joydagi kitob do`koniga kirib ketdi. Men esa uning qaytishiga ikkilanib kuta boshladim. Va nihoyat, u kishi qo`lida kitob bilan chiqib keldi. Keyin sal nariroqda turgan mashinasidan pul olib, rahmat aytib qarzini qaytararkan: “Aka-uka bo`lib qolaylik, qo`ng`iroq qilib turing”, deb raqamini berdi. Oradan yillar o`tdi. U kishi bilan qo`ng`iroqlashib, hol so`rashib turdik. Havo sovuq kunlarning birida qatnashishim lozim bo`lgan tadbirga kirish oldi ustki issiq kiyimimni eshik yoniga ilib kirgandim. Axir kim ham tegardi? Insonlarga ishonamanku! Ammo bu gal ishonchim oqlanmadi. Keyimimni o`g`irlab ketishgan edi. Kiyimgaku achinmadim, ammo cho`ntagida turgan pasportim va bir talay zarur hujjatlarimni o`ylab, ko`nglimni g`ash bo`ldi. Nahotki endi insonlarga ishona boshlaganimda... Shu payt qo`ng`iroq bo`ldi. Bu o`sha — mendan bir muddatga pul olib qaytargan kishi edi. Salom-alikdan so`ng “Qaerdasiz, bir ko`rishaylik”, dedi. Men esa duch kelgan vaziyatimni aytgan edim. Ko`nglimni cho`ktirmasligimni tayinladi va “Hozir turgan joyingizni ayting, etib boraman”, dedi. Tashqarida qor alarash yomg`ir yog`ar, men esa go`yo pana joy topgandek devor tagida o`tirar edim. Chamasi o`n daqiqalardan so`ng etib kelgan u kishi dalda berib, “Endi ukam bir ish qilamiz”, dedi-yu, meni mashinasida bozorga olib bordi. Biror yumushi bordir, deb tursam, bir do`kondan kiyim tanlab, mening o`lchamimni chamalab tanlay boshladi. Akangiz sizga bir hadya qilmoqchi deganidan angladimki, u kishi menga kiyim tanlayotgan ekan. Bundan ming xijolat chekib, kerak emas, degan gaplarimga aka-ukachilikning inkor etib bo`lmas shartlarini aytib, qimmat kiyim olib berdi va uyimgacha kuzatib, “O`zingizni o`nglab oling”, deb pul ham berdi. Ammo endi pulni olishni istamadim va chin dildan rahmat aytib, sovuq kunlardan jismimni asrovchi libos hadya qilgan u kishiga “Alloh sizni yovuzliklardan mana shunday asrasin”, deb duo qildim. U kishi insonlarga ishonchsizlik degan tuyg`uni mendan aritib, bir muddatga olib qaytargan pulimni yaxshilik atab, evazi undanda yuksak e`tirof keltirishini isbotlagan edi... Men yo`qotib borayotgan ishonchni qayta topgandek bo`ldim.

“...Xoh inon, xoh inonma”

Inson qalbi sirli tuyg`ularning sirli sandiqchasidir. Darhaqiqat, shunday emasmi? Deylik, kimningdir qalbini ming kashf etishga urinmang, uning ayrim tomonlari mudom noma`lumligicha qolaveradi. Chunki u erda insonning o`zidan ham yashirgan ezgu yoki yovuz tuyg`ulari saqlanadi. Ammo ishonch degan tuyg`u borki, ba`zan yaxshilik uchun, ba`zan yomonlik uchun ayrim sirlarning kalitiga aylanib boraveradi. Inkor etishga shoshilmang, xo`sh, ishongan insonlarimga “bitta ham sirimni aytib qo`ymayman” deb o`zingizga qat`iy ishonch bildira olasizmi? Agar “o`zimga ishonaman”, desangiz, demak, ularga ishonmagan bo`lasiz. To`g`ri, aslida sirlar ishongan kishilarga aytiladi degani emas, ammo inson ayrim hissiyotlarga duch kelib qolsa, hattoki ishonmagan kishisi bilan ham sirlashib qo`yishi tabiiy. Ishonchni har kim o`zicha talqin etsa-da, ko`p hollarda umumiy qoidalarga asoslanib yashaydi.

Ishonch bu — Yaratganga, ota-onaga, aka-ukaga va do`stga. Unda, yuqorida keltirilgan hikoyadagi kishi qaysi maqom bilan insonda ishonch uyg`ota oldi? Axir u aka-uka ham, do`stu yaqin ham emas edi-ku! “Olamni yaxshilik qo`tqaradi” deb bejizga aytishmaydi.

Hazrati Alisher Navoiy aytganidek:

Kimki bir ko`ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borki, Ka`ba vayron bo`lsa obod aylagay.

Ming yomon deb yurgan kishining qalbida yashiringan zarracha yaxshilik yuzaga chiqishi bilan olamda uningdek insonlar borligidan quvonib ketasiz va kezi kelganda qalbingizdagi sirni ishonib aytishga ham tayyor bo`lib qolasiz. Qalb sirlari kaliti deb yaxshilik va chiroyli so`zlarni birinchi o`ringa qo`ysak, qarshi bo`lmassiz. Zarracha yaxshilik va yaxshi so`z bilan ishonch qozonib, do`stlikka ham, sevgi suqmoqlariga ham kirib borish mumkin. Shu o`rinda Mashrab bobomizning dil so`zlari yodimizga tushadi:

Sensan sevarim xoh inon, xoh inonma,

Qondur jigarim xoh inon, xoh inonma...

Bunday dil ta`riflari bilan aytilgan misralar o`zga bir yurakka ishonch bag`ishlashi tayin.

“Aldagani bola yaxshi...”

“Ilk ishonchsizlikka qanday duch kelgan edingiz?” deya savolga tutsak, javob sifatida albatta aqlingizni tanigandan keyingi sizga pand bergan biror yolg`onga bo`lgan ishonchsizlikni yodingizga olasiz. Aslida-chi? Aslini olganda, insondagi ishonch tuyg`usiga go`daklikdanoq “tajovuz”lar yog`ilib boradi:

“Kelgunimcha yaxshi bola bo`lib tursang, muzqaymoq olib beraman” — bu va`da har doim ham bajariladimi yoki olib kelinmasa, uzrli sababi bolaga yotig`i bilan tushuntiriladimi? Albatta hamisha ham emas. Demak, amalga oshmaydigan va sababsiz va`dalar ko`payavergani sari bolada avvalo yaqinlarining so`zlariga ishonchsizlik paydo bo`ladi.

“Jim o`tirmasang, hozir ola buji kelib olib ketadi”, — bu so`zlardan bola avvaliga qurqqan bo`lsa-da, o`z holicha shuxlik qilib qo`yaversa, sekin-asta “ola buji” aslida safsata ekanligiga ishonadi va uning borligiga ishonmaydi.

“Aldagani bola yaxshi” qabilida ish tutib ovutish go`dakning hayotga ilk qarashlarini ishonchsizlik bilan boshlashi va uning kelgusi hayotida ham salbiy fel-atvorli bo`lishiga olib keladi. Bola-ku, deya e`tibor qilmaganimiz — uning ishonchi ortida orzu, umid kabi tuyg`ular shakllanib borayotganini unutmaslik lozim. O`zi uchun ideal insonlar sifatida talqin etayotgan ota-onasining va`dada turmaslik jihatlariga guvoh bo`lavergach, bevosita o`sha xulqni o`zida shakllantira boshlaydi. Axir bejizga aytishmaganku “Qush uyasida ko`rganini qiladi” deb.

“Ishonmagin do`stingga...”

Ba`zan kishilar og`zidan “Hozirgi zamonda “pishiq” bo`lmasang, biring ikki bo`lmaydi. Ishonuvchanlik ko`p pand beradi”, degan gaplarni eshitib qolamiz. Shunda beixtiyor o`ylab qolasan kishi: inson — yaralgan mavjudotlarning onglisi va eng ulug`idir. Nahotki o`zaro bir-biridan shunchalik ehtiyot bo`lishga urinib, himoyalansa?!

Bordi-yu, kishidagi ishonch o`z ortidan ixlos bilan do`stlik yoki sevgini etaklaydigan bo`lsa, ixlosingizdagi kishi chin ma`noda bevafolik qilgan taqdirda ham uning bunday ishga qo`l urmasligiga ishonasiz. Ammo ishonch insoniy tuyg`u bo`lsa-da, moddiyat tufayli, xususan, molu-davlat, martaba, nafs kabilar yo`lida qo`rbon qilinishi ham sir emas... Ha, shunday bo`lgan taqdirda butun olam siz uchun ishonchsiz bo`lib tuyulib ketadi va “Ishonmagin do`stingga...” degan iborani haqiqatga aylantirib qo`yasiz. “Bu dunyoda chin do`st topish qiyin” deyishgacha borasiz. Ammo bir haqiqatni unutmaslik lozim — do`st topmoq uchun avvalo do`st bo`la olish lozim. Keling, birgalikda ushbu iborani tuzamiz: “Haqiqatga tik qaramoqchi bo`lsangiz, do`stingizga boqing, u sizning haqiqatingiz”. Agar u vafoli bo`lsa, siz munosibsiz, bevafo bo`lsa, siz soddasiz! Do`stingizdagi kamchiliklarni ayta olmasangiz, demak, chin do`st bo`la olmabsiz. Xo`sh fikrimiz haqiqatga to`g`ri keladimi?

Ishonch — Yaratgan tomonidan atalgan hayot yo`limizda bizni asrovchi eng chiroyli tuhfa. Noodatiy bo`lib ko`rinsa-da, shunday xulosani ilgari suramiz: Olamni asrang do`stlar, odamni asrang do`stlar!

Abdulaziz RUSTAM o`g`li

Шарҳлар