Qozog`iston Respublikasi parlamenti Senati Raisi Kasim-Jomart Tokaev boshchiligidagi delegasiya 25 sentyabr kuni Samarqand shahriga keldi.
Mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroportida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosari B.Alixonov, Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo`raev kutib oldi.
Qozog`iston parlamenti vakillari Samarqand bilan tanishuvni Hazrati Xizr majmuasi ziyoratidan boshladi. O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo`ydi, Buyuk Yo`lboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur`on tilovat qilindi, deya xabar beradi O`zA.
Qozog`iston parlamenti Senati Raisi Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi mustaqilligi uchun jasorat ko`rsatgan va mustaqillikni mustahkamlash, davlatni har tomonlama rivojlantirish uchun fidoyilik ko`rsatgan buyuk siyosatchi ekanini ta`kidladi. Islom Karimovning o`zbek va qozoq xalqlarining azaliy do`stlik rishtalarini mustahkamlash, davlatlarimiz o`rtasida barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdagi yuksak xizmatlari qayd etildi.
Mehmonlarga mazkur majmuaning bunyod etilishi va bu erda qisqa fursatda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida so`zlab berildi.
Qozog`iston delegasiyasi a`zolari Imom Buxoriy ziyoratgohida bo`lib, yurtimizda buyuk ajdodlarimiz ma`naviy merosini asrab-avaylash, o`rganish, muqaddas islom dinining ma`rifiy g`oyalarini keng targ`ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi, Bibixonim masjidi va Siyob dehqon bozoriga tashrif ham Qozog`iston parlamenti Senati a`zolarida katta taassurot qoldirdi.