AsosiyDunyo

Karzay qor tufayli saylovlarni boshqa kunga ko`chirishni taklif etdi

Afg`oniston prezidenti Hamid Karzay kuchli qor yog`inlari tufayli 2014 yil aprel oyiga mo`ljallangan prezidentlik saylovlarini keyinroqqa ko`chirishni taklif etdi.

Bu haqda mamlakat mustaqil saylov komissiyasining rahbari Yusuf Nuristoniyning bayonotiga tayangan holda “Reuters” agentligi xabar beradi

Nuristoniyning so`zlariga ko`ra, Karzay unga qor tufayli yo`llarning bir qismi yopilgani bois ko`p sonli shikoyatlar kelib tushayotgani sababli saylovlarni ko`chirishni taklif etgan. Mamlakat shimolidagi ob-havo sharoitlari ovoz berish ishlarini tashkil etuvchilarda ham xavotir uyg`otmoqda. 

Biroq Nuristoniy prezidentga saylovlar sanasi va vaqtini o`zgartirish mumkin emasligini, chunki ular konstitusiyada aniq belgilab qo`yilganini tushuntirgan. Ovoz berish ishlarini ko`chirish uchun vakolat prezidentda ham, komissiyada ham yo`q.

Qayd etib o`tamiz, Hamid Karzayning o`zi o`z nomzodini yangi muddatga ilgari sura olmaydi. Shunga qaramasdan, saylovlarda prezident o`zining ukasi Qayum Karzayni qo`llab-quvvatlashi
kutilmoqda.

Shuningdek, Afg`onistondagi saylovlar AQSh uchun ham juda muhim. Avvalo, ular 2001 yili
mamlakatga ittifoqchi qo`shinlar olib kirilganidan buyon demokratik tarzda o`tkaziladigan birinchi saylovlar bo`ladi. Bundan tashqari, Karzay saylovlar bahonasida Afg`oniston-Amerika ikki tomonlama kelishuvini imzolashdan bosh tortgan edi. O`shanda u shartnoma imzolanishini 2014 yil apreliga qadar kechiktirish kerakligini bildirgan.

Qayd etib o`tamiz, ikki tomonlama kelishuv AQSh qo`shinlarining bir qismi 2024 yilgacha Afg`onistonda qanday shartlarda qolishini belgilashi lozim (Amerika qo`shinlarining asosiy kuchlari mamlakatdan 2014 yil oxirigacha olib chiqilishi kerak). Shartnoma loyihasiga ko`ra, Amerika harbiylariga mahalliy qonunlardan immunitet va favqulodda vaziyatlarda xususiy hududlarga kirish huquqi taqdim etilishi lozim. Shuningdek, bitim Afg`on hukumatiga ko`p milliardli yordam ko`rsatilishini ham ko`zda tutadi.

    Boshqa yangiliklar