Му5
4

​“SOXTA TADBIRKOR”LAR TADBIRI    

Mutolaa 05.10.2017, 11:06
2692
​“SOXTA TADBIRKOR”LAR TADBIRI    

“SOXTA TADBIRKOR”LAR TADBIRI

Mamlakatimizda mahalliy va xorijiy tadbirkorlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilib, xususiy sektor vakillari qo`llab-quvvatlab kelinmoqda. Ularning huquqlari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining erkin faoliyat yuritishlariga qaratilgan qator qonun va qonunosti hujjatlari bilan mustahkamlanib kelindi.

Albatta, bu sharoitlardan unumli foydalanib o`zining biznesini yo`lga qo`yish orqali xalq xo`jalining turli tarmoqlari uchun turfa xil mahsulotlar ishlab chiqarayotgan yurtdoshlarimiz ko`plab topiladi. Ular mamlakat sanoatini yuksaltirishga ko`mak berish bilan birga, respublikamiz iqtisoyoti rivojiga o`zining munosib ulushini qo`shib kelmoqda.

Biroq ushbu sohada faoliyat ko`rsatib kelayotgan ayrim kimsalar berilgan imkoniyat va ko`rsatilgan ishonchni suiste`mol qilib, daromad topish maqsadida noqonuniy xatti-harakatlarga qo`l urayotgani achinarli. Biz to`xtalmoqchi bo`lgan jinoiy guruh a`zolari poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida xufyona faoliyat olib borgan “soxta tadbirkorlar”.

Yangiboev O`ktam No``monovich, 1990 yilda Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan. Millati o`zbek. O`zbekiston Respublikasi fuqarosi. Ma`lumoti – o`rta maxsus. Uylanmagan. Muqaddam sudlanmagan. Qashqadaryo viloyati, Shaxrisabz tumani, Qushxona MFY, Boybekov ko`chasi, 27-uyda doimiy ro`yxatdan o`tgan. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani Hiloliy 3-tor ko`chasi, 486-uyda vaqtincha istiqomat qiladi.

Ahadov Firuz Erkin o`g`li – 1991 yilda Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan. Millati o`zbek. O`zbekiston Respublikasi fuqarosi. Ma`lumoti – o`rta-maxsus. Uylanmagan. Muqaddam sudlanmagan. Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani, Xisor MFY, Ipak yo`li ko`chasi, 115-uyda doimiy ro`yxatdan o`tgan. Hozirda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Hiloliy 3-tor ko`chasi, 486-uyda vaqtincha istiqomat qiladi.

Bu ikki og`ayni mo`may daromad orttirib tez boyib ketish ilinjida qing`ir yo`l bilan ish boshlaydi. Aslida Firuz Ahadov va O`ktam Yangiboev 2016 yildan boshlab “O`rikzor” savdo majmuasida aravada yuk tashish bilan shug`ullanib kelgan. Bu ikki “shovvoz” poytaxtimizning Yakkasaroy tumani, Hiloliy 3-tor ko`chasi, 486-uyda ijarada birga yashaydi va o`zlarining qing`ir ishlarini puxta rejalashtiradi. Ular xufyona ishlarni o`zlari yashab turgan ushbu xonadonda amalga oshirishga qaror qilib, bu manzilda “Rollton” buloni, tuz, “Angel” nomli drojja qadoqlashga mo`ljallangan uskuna o`rnatishadi va yashirin sex faoliyatini yo`lga qo`yishadi. Ularning xonadonga kirib chiqishlari, tayyorlangan mahsulotlarni sotish bo`yicha qilayotgan xatti-harakatlari atrofdagilarda tobora shubha uyg`ota boshladi.

Eng achinarlisi, xonadonda ishlab chiqarilayotgan iste`mol mollarini tayyorlash jarayoni, mahsulot sifati hech qanday talablarga javob bermaydi. Bunday joyda eng avvalo tozalik va pokizalik birinchi o`rinda turishi lozim. Bu ikki qo`shtirnoq ichidagi tadbirkorlarning ishida esa buning tamomila aksini ko`rasiz. Chiqindilar vaqtida olib ketilmagani bois atrof axlatxonaga aylanib ulgurgan. Ulardan tarqalayotgan yoqimsiz hid esa yon-atrofda yashayotganlarga ham xalal bera boshladi.

Bundan xabar topgan huquq-tartibot idoralari va davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan tekshiruv o`tkaziladi. Yashirin sexdagi noqonuniy faoliyat tegishli tartibda rasmiylashtirilib, mahsulotlar olib qo`yiladi. Albatta bu “o`zim xon, ko`lankam maydon” qabilida ish yuritayotgan Yangiboev va Ahadovni tashvishga solib qo`ydi. Ular o`zlarining xufyona ishlarini yashirish maqsadida tekshiruvchi Solihovga tekshiruv hujjatlarini rasmiylashtirmaslik, olingan tovar-moddiy boyliklarni qaytarish uchun 400 AQSh dollari miqdoridagi mablag`ni pora sifatida taklif qilishadi.

Davlat ro`yxatidan o`tmagan, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari sanitariya talablariga umuman javob bermaydigan, inson salomatligi uchun zararli ekanligi aniqlangan soxta tadbirkorlarning xatti-harakatlarini vijdonan o`ylab ko`rgan Solihov ushbu holat yuzasidan qonuniy chora ko`rilishini so`rab Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yakkasaroy tuman bo`limiga ariza bilan murojaat qiladi. Solihov tomonidan Ahadov va Yangiboevning pora berish haqidagi so`zlari yozilgan audioyozuv ham taqdim etiladi. Shundan so`ng huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan maxsus operasiya amalga oshiriladi.

Ahadov 400 AQSh dollarini Yakkasaroy tumani hududida Davlat soliq inspeksiyasi xodimi Solihovga pora tariqasida berayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan qo`lga olinadi.

Yakkasaroy tuman prokurorining katta yordamchisi Sherzod Zufarovning aytishicha, O`ktam Yangiboev va Firuz Ahadovlarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan ayb e`lon qilinib, ish sudga yuborilgan.

Chiqindilar bilan qorishib ketgan bu yashirin sexni ko`zdan kechirish jarayonida endigina 17 yoshga kirgan sexning yollanma ishchilaridan birini uchratdik. Tibbiy ko`rikdan o`tish nimaligini tushunmaydigan bu yigitdan sanitariya-gigiena talablari va tartiblar haqida so`rashning ham hojati qolmadi. Qadoqlash bilan shug`ullangan bu yigitcha qorin to`yg`azish ilinjida insonlar sog`lig`iga zarar etkazuvchi mahsulot tayyorlayotganini parvoyiga ham keltirmagan.

Boshqalar baxtiga, sog`lig`iga zomin bo`lish orqali bahtiyor yashash mumkin emas. O`z manfaatini hamma narsadan ustun qo`ygan O`.Yangiboev va F.Ahadov bu xufyona ishlari afsuski atrofdagilarning hayotiga xavf solayotganligini zarracha ham o`ylab ko`rishmadi. Endi ular qonun oldida javob beradilar.

Jinoyat ishlari bshyicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudining hukmiga ko`ra, Yangiboev O`ktam No``manovich va Ahadov Firuz Erkin o`g`li O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-modda 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va ushbu moddaga asosan ularga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi. Jazoni mahkumlarning yashash manzilida soat 21.00 dan 7.00 ga qadar o`tash belgilandi. Mahkumlarga yashash joyini hukmni ijro etuvchi organlarning ruxsatisiz o`zgartirmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o`tkazishda ishtirok etmaslik kabi qo`shimcha ta`qiqlar yuklatildi. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 481 moddasi 5-6-qismi talablari tushuntirildi.

“Qing`ir ishning qiyig`i qirq yilda ham chiqadi”. Faoliyati davomida jaraq-jaraq pullar ko`ziga ko`rinib mo`may daromad orttirishni niyat qilgan jinoiy guruh a`zolari bu so`zlarning ma`nosini endi anglab etayotgan bo`lsa ajab emas.

Sirojiddin Vohidov

Шарҳлар