— Boshimdan o`tgan voєea ishonchsizdek tuyulsa-da, lekin іaqiqat, — deb gap boshladi tahririyatga qo`ng`iroq qilib, o`zini Asliddin deb tanishtirgan muxlis. — Bu voqeaga roppa-rosa bir yil bo`ldi. O`tgan yili ikkinchi yanvar kuni kech tushganda o`rtog`imnikidan qaytayotgandim. Yangi motosiklimni kimsasiz ko`chadan uchirib borayotganimda, cho`ntagimda “vibrasiya” bergan telefonim xayolimni bo`ldi. Kim qo`ng`iroq qilganini bilish uchun telefonimni olaman deb bir zum boshqaruvni yo`qotdim va ko`z ochib-yumishga ulgurmasimdan ro`paramdagi daraxtga borib urildim... Zarba shunchalik qattiq bo`ldiki, uch metr nariga uchib ketib, boshim bilan erga tushdim. Ko`zimdan olov chiqib, xuddi butun dunyo gir aylanayotgandek o`rnimdan tura olmasdim. Shu mahal erdan chiqqandek qarshimda bir yigit paydo bo`ldi.
— Xavotir olmang, hammasi yaxshi bo`ladi, hozir kasalxonaga olib boraman.. — dedi u shoshib qo`ltig`imdan olib, o`rnimdan turg`izarkan. — Yarim tunda “Tez yordam” chaqirishdan foyda yo`q.
— Kimsiz? — dedim ko`zimni ocha olmay.
— Ismim Sardor, bu hudud menga tegishli, men qo`riqlayman... — dedi u meni elkasiga ortib.
Sekin-asta yaqin atrofdagi kasalxonaga etib bordik. U meni o`rindiqqa yotqizib, o`zi shifokor chaqirgani yugurdi. Keyin nima bo`lganini bilmayman. Ko`zimni ochganimda travmatologiya bo`limida, ikki oyog`im gipslangan holda yotardim. Boshim ham o`rab tashlangandi. O`zimga kelganimni ko`rgan shifokor “Shu ahvolda qanday qilib kasalxonaga yolg`iz o`zingiz etib keldingiz?” deb so`radi hayratlanib. Men esa yolg`iz kelmaganimni, Sardor degan yigit olib kelganini aytdim.
— Yoningizda hech kim yo`q edi. Men chekishga chiqqanimda o`zingiz ikki bukchaygancha zo`rg`a yurib, o`rindiqqa kelib o`tirganingizni ko`rdim, — dedi shifokor.
“Nahotki, Sardor degan yigit ko`zimga ko`ringan bo`lsa?” deb o`yladim ikkilanib. Ikki oy kasalxonada yotdim. Tuzalib chiqqanimdan keyin xayr-ehson qilib, dadamning qabrini ziyorat qilgani bordim. O`sha erda xaloskorimga ko`zim tushdi! Qabr toshidagi suratdan jilmaygancha menga... Sardor qarab turardi. Qo`rquvdan ko`zim tinib ketdi... Avval bu qabrga e`tibor bermagan ekanman. Alanglab qabrlar atrofini tozalab yurgan qorovulni ko`dim. Undan bu erga ko`milgan yigit kimligini va qanday vafot etganini so`radim.
— Sardor degan yigit bundan uch yil burun motosiklda halokatga uchrab vafot etgan, — dedi u.
Shunda yana toshdagi yozuvga qaradim. Sardor men halokatga uchragan kuni, ya`ni 2 yanvarda dunyodan ko`z yumgan ekan. Demak uning arvohi menga yordam bergan. Shunda uning so`nggi gaplari qulog`im ostida jaranglagandek bo`ldi: “Bu hudud menga tegishli, men qo`riqlayman!”
Qorovulga boshimdan o`tgan voqeani gapirib berdim. U boshqalar kabi hayratlanmadi.
— Xudo rahmat qilsin, juda yaxshi yigit edi. O`limidan keyin ham hayotingizni asrab qolibdi-ya... — dedi ko`ziga yosh olib.
— Nahotki ular o`zlari vafot etgan hududni qo`riqlashsa? — so`radim hamon o`zimga kela olmay.
Qorovul ma`yus jilmaydi:
— Unaqada hech kim avtohalokatga uchramasdi... — dedi u o`ylanib.
Sardorning qabri boshida o`tirib bu yigit bilan tiriklik paytida tanish bo`lmaganimdan afsuslandim.
Odamlarga g`alati tuyilsa-da, taqdirning inoyati bilan mening hayotimni u asrab qolgandi. Agar u bo`lmaganda yarim tunda yordam etib kelguncha vafot etishim ham mumkin edi.
O`sha kuni qabristondan uning oilasini albatta qidirib topishga va qo`limdan kelgancha yordam berishga ahd qilib qaytdim...
Dilfuza SOBIROVA