Му5
3

​ «O`TMIShNING EShIGINI YoPMANG!»

Mutolaa 05.10.2017, 12:46
4209
​ «O`TMIShNING EShIGINI YoPMANG!»

«O`TMIShNING EShIGINI YoPMANG!»

— Oyi, men qaerdan paydo bo`lganman? — Umidjon oyisining oyoqlariga osildi.

— Senmi? — Zulayho gazeta o`qib o`tirgan eri tomonga qaradi, o`g`lining savolidan Botir ham hushyor tortdi. — Seni katta, chiroyli uydan olib kelganmiz. U erda bolalar ko`-o`-o`p edi, sen ularning ichida eng yoqimtoyi eding! Dadang bilan seni ko`rdig-u, shu zahoti yaxshi ko`rib qoldik! — o`g`lining jingalak sochlarini ko`tarib peshanasidan o`pdi.

Umidjon javobdan qoniqdi shekilli, sakrab-sakrab ko`chaga yugurdi. O`g`li chiqib ketishi bilan gapga aralashmay o`tirgan Botir gazetani yoniga uloqtirdi:

— Bu nima deganing? — so`radi u hayratini yashirmay.

— Nima qilay, “Onang sendan voz kechgan, bolalar uyidan asrab olganmiz”, deyishim kerakmidi? Bir kun kelib shu savolni berishini bilardingiz, nima deb javob berishni kelishib olaylik, deb necha marta aytdim sizga… — ko`ziga yosh oldi Zulayho.

Botir og`ir xo`rsindi.

Umidjon oyisi unga uka olib kelish niyatida ekanini bilganidan buyon shunaqa savollarni beradigan bo`lgandi. U o`sha kunni intizorlik bilan kutar, «Ukacha olib kelishingizga shuncha kun qoldimi?», deb barmoqlarini ko`rsatardi. Ukasi Maqsudni birinchi marta uylariga olib kelishganda esa quvonganidan barcha qo`shnilarga maqtanib chiqdi.

— O`zimning farishtam, — o`g`lini sog`ingan Zulayho uni bag`ridan qo`ygisi kelmasdi. — Yaxshi hamki, seni olib kelgan ekamiz, mana endi Xudo senga uka ham berdi.

To`rt yil farzand kutib, oxiri tug`ruqxonada tashlab ketilgan chaqaloqni asrab olishganidan keyin ko`p o`tmay o`zlari ham farzandli bo`lgan Zulayho bilan Botir bosh farzandlarini jonidan ortiq yaxshi ko`rishardi. Lekin yomg`ir qarsillab yog`ib turgan kunda eshik taqillatgan ayol ularning osuda hayotiga nuqta qo`ydi.

Ostonada turgan ayolni tanimagan Botir “Keling”, dedi hayron bo`lib. Chaqirilmagan mehmonning ko`zlari umid, qo`rquv bilan javdirab turardi.

— Umid… Umidjon shu uyda yashaydimi? — so`radi ayol.

— Ha, — dedi u ayolga boshdan-oyoq qarab. «Kim bo`ldi ekan?» o`yladi Botir. Umidjonning o`qituvchisi desa, so`nggi urfda kiyinadigan, farang atiri ufurib turgan ayol boshlang`ich sinf o`qituvchisiga o`xshamasdi.

— M-men... Umidjonning onasiman, — dedi ayol o`zini qo`lga olib.

Botirning boshiga chaqmoq urgandek bo`ldi… Suhbat oshxonada davom etdi. Ayol bolasini bir bor ko`rishga ruxsat berishlarini iltimos qilib yig`lagach, Zulayho uni birga ovqatlanishga taklif etdi.

— Iltimos, opa, Umidjonga hozir kimligingizni aytmay turaylik… Unga barcha gapni o`zim yotig`i bilan tushuntiraman, ogohlantirmay kelganingiz yaxshi bo`lmadi, — dedi u ko`z yoshlarini yutib.

O`zini Zuhra deb tanishtirgan ayol bu oila eshigini taqillatguncha ne xayollarga bormagandi. Eng avvalo janjal va yig`i-sig`i bilan kutib olishlariga tayyorlangandi. Vaziyatning bu qadar o`zgarishi tushiga ham kirmagandi.

Ovqat mahali tinimsiz ko`z yoshi to`kayotgan oyisi bilan mehmon ayolga qarab Umidjonning ham ishtahasi bo`g`ildi. Mehmon ketar mahal Umidjonni mahkam bag`riga bosdi, anchagacha qo`yib yubormay turgach, bolaning o`zi qo`rqib uning bag`ridan chiqib, oyisining orqasiga yashirindi. O`sha kecha Zuhra indamay ketdi, lekin ertasi kuni qo`ng`iroq qilib, bolasini qaytarib berishlarini so`rab yana yig`lay boshladi.

Yarim kechagacha tanish-bilishlaridan asrab olingan bolani talab qilib kelgan ona huquqlarini surishtirgan Botir biroz dadillanib urishib berdi:

— Bola kerak ekan, shu paytgacha qaerda edingiz? Agar yana ostonamga qadam bossangiz, tegishli idoralarga xabar beraman! Shu paytgacha qanday yashagan bo`lsangiz, o`shanday yashang, bizga xalaqit bermang!

Zulayho eriga “Bekor qattiq gapirdingiz, endi tinch qo`ymaydi”, degandi, o`zi ham gap eshitib oldi.

— Nega endi uning ko`ngliga qarashim kerak?! Bir marta bolamni ko`ray dedi, ruxsat berdim. Aslida uyga kiritmasam bo`larkan! Mana endi boshimizga chiqmoqchi. Umidjonga bor gapni aytaman deb qo`rqitmoqchi!

— Undan oldin o`zim aytaman! — dedi Zulayho uning gapini bo`lib.

— Esingni edingmi? Nimalar deyapsan? Men qonuni o`rgandim, u ayol tug`ruqxonada bolamdan voz kechaman degan xat tashlab ketgan, demak bolada hech qanday haqqi yo`q!

— Lekin janjal qilishdan uni to`xtata olmaysiz-ku! Uni deb bolamning hayoti zaharlanishiga yo`l qo`ymayman. Bu yog`ini menga qo`yib bering, — dedi u va Zuhraga qo`ng`iroq qilib uchrashuv joyini belgiladi.

Erining e`tirozlariga esa:

— Ayol kishining tilini ayol tushunadi, men bir gaplashib ko`ray, agar shunda ham ko`nmasa, keyin siz kirishasiz, — deb javob berdi.

Zulayho belgilangan manzilga etib borganida, Zuhra allaqachon kelib uni besabrlik bilan kutib turardi.

— Men nima qilib bo`lsa-da, bolamni qaytarib olaman, qonun meni onalik huquqidan mahrum etmagan! — dedi u Zulayho o`tirishi bilan.

— Yaxshi yuribsizmi? — dedi Zulayho uning gapini eshitmagandek. — O`g`lingizni ko`z qorachig`imdek asrab katta qilyapman, opa, xavotir olmang.

Ashaddiy dushman bo`lishi kerak bo`lgan bu ayolning munosabati Zuhrani dovdiratib quydi.

— Menga o`zingizni yaxshi ko`rsatishingiz shartmas! — chiyilladi u alam bilan.

— Bunga hojat yo`q. Men o`g`limning tinchini o`ylab siz bilan murosa qilgani keldim. Sizni hozir mendek hech kim tushunmaydi, ishoning. Shu paytgacha bolangizni bir lahza ham unutolmay yashaganingizni, o`zingizni ayblab, ich-etingizni eganingizni ham bilaman… Do`q-po`pisa qilishingizdan maqsad ham bolangizni qaytarib olish uchun….

Hozirgina do`q urayotgan Zuhraning ko`zlarida yosh aylandi, lablari titrab ketdi.

— Nega undan voz kechgandingiz? — hamdardlik bilan so`radi Zulayho unga suv quyib uzatarkan.

Zuhra ko`z yoshlarini yutish uchun chuqur nafas olib, keyin so`z boshladi:

— Qo`rqib ketgandim… Bolamning otasi baribir menga uylana olmasligini bilganim uchun, bir o`zim uni katta qila olmayman, odamlarga nima deyman, deb qo`rqib ketdim… — entikib yig`lab yubordi u gapini oxiriga etkazolmay. — Lekin ikki hafta o`tgach, qilgan xatoimni tushunib, bolamni olib ketgani qaytib keldim… Ishoning, bor-yo`g`i ikki haftaga sabrim etdi. O`g`limsiz yashay olmasligimni tushunib qaytib kelganimda shifokorlar “Bolangni bir oila asrab oldi, endi uni tinch qo`y”, deyishdi. Har kuni yig`lab qatnasam-da, hech kim manzilingizni aytmadi. Oddiy talaba qizning gapiga kim ham quloq solardi... Shundan keyin alam ustida xorijga ishga ketdim…

Hamsuhbatining titrab ketganidan xorijda o`tgan etti yil oson kechmaganini tushungan Zulayho unga achindi.

— Hozir pulim ko`p, qo`lim uzun. Ko`rib turganingizdek, bolamning iziga tusha oldim. O`sha yillari ishlagan sanitarka katta pul evaziga bolamni kimga berib yuborishganini «esladi»... O`g`limni asrandi degan nomdan xalos qilishim kerak, uni o`zim tarbiyalab olishga qurbim etadi, bolamni qaytarib bering, iltimos… Sizning yana bitta o`g`lingiz bor ekan-ku!

— Uni asrandi demang, Umidjon mening farishtam… U uyimizga kelgach, farzandli bo`lganmiz. Lekin menga ham oson bo`lmaganini bilasizmi? O`z bolamga ko`proq e`tibor qaratsam xayolimda u o`ksinib qolayotgandek, aksincha qilsam o`z farzandim xafa bo`ladigandek qiynalib yashadim. Ikkalasini birdek ko`rish, bir-biriga mehrli qilish oson bo`lgani yo`q. Shu yillar davomida bir kun ota-onasi qidirib kelib, olib ketsa-chi, degan vahima bilan yashadim. Men uni aldaganim yo`q, uni boshqa uydan olib kelganimni aytganman. Ya`ni o`tmishining eshigini qattiq yopganim yo`q, qiya ochiq qoldirganman. Hammadan ham o`smir yoshga etganda qidirib kelsangiz nima bo`ladi, deb qo`rqardim. Chunki u yoshda to`g`ri tushunishi qiyin bo`lardi…

Zuhra hamsuhbatiga tikilib qoldi. Xuddi o`z farzandidek Umidjon uchun jon kuydirayotgan bu ayolga qarab o`ylanib qoldi.

— Men uch yil oldin ikkinchi marta turmush qo`rdim, hozir qizalog`im bor, lekin baribir o`g`limni qaytarib olgim kelyapti. Undan voz kechmaganimni, bir nafaslik qo`rquv sabab bor-yo`g`i ikki haftaga tashlab ketganimni, shu xatoim uchun bir umr azob tortayotganini tushuntirgim, uning oldida ayblarimni yuvgim kelyapti…

— Tushunib turibman… Men esa bolamning qalbini jarohatlab qo`yishdan qo`rqyapman. To`satdan “Sening onang boshqa, biz senga begonamiz”, desak, qanday ahvolga tusharkan?.. — yig`ladi Zulayho. Zuhra javob bermadi. — Endi menga ruxsat, borib bolamga bor gapni yotig`i bilan tushuntiray…

Shunday deya Zulayho ko`z yoshlarini artgancha o`rnidan turdi. Zuhra esa ikki o`t orasida dovdiragancha qolaverdi.

Maktabdan qaytgan Umidjon oyisining yig`lab o`tirganini ko`rdi. U ota-onasi oxirgi kunlarda o`zgarib qolishganini sezib turardi-yu, lekin gap nimadaligini tushunishga ojizlik qilardi.

— O`g`lim, — bolasining boshini siladi Zulayho, — endi katta yigit bo`lib qolding. Hamma gapni tushunasan, biz seni juda yaxshi ko`ramiz, — bola ko`zlarini katta-katta ochib unga tikildi.

Shu mahal Botir shoshib kirib keldi. Har doim Umidni maktabdan haydovchisi olib kelardi, bugun Botirning o`zi olib kelgandi. Botir xotiniga «aytma» degandek bosh siltadi, keyin unga qo`lidagi telefonni uzatdi. Unda Zuhradan kelgan SMS turardi. «Tuni bilan o`ylab chiqdim, lekin Zulayho bilan gaplashishga yuzim chidamadi, shu sababli sizga yozib yuboryapman. O`g`lim Umidjon sizdek odamlarning qo`lida tarbiyalanayotganini ko`rganimdan mamnunman. O`g`limni qanchalik yaxshi ko`rmay, baribir yana xudbinligim ustunlik qilibdi. Uni sizlardan tortib olishni o`ylabmanu, janjallar qalbiga jarohat solishini o`ylamabman. Bir kun kelib unga yana bir onasi borligini aytishingizga ishonaman. Yana shuni bildimki, o`shanda o`g`lim mendan nafratlanmaydi. Chunki u sizlarning tarbiyangizni olyapti! Bu qarorga kelish men uchun oson bo`lmaganini tushunasizlar, deb umid qilaman. Zuhra»

Zulayho nomani o`qirkan, oyog`ida jon qolmay o`tirib qoldi. U bolasini bag`ridan qo`ymay yig`larkan Botir ko`z yoshlarini sezdirmaslik uchun tashqariga chiqib ketdi…

Umidjon oyisining ko`z yoshlarini artarkan, “Nega yig`layapsiz?”, deb so`radi o`zi ham yig`lamsirab.

— Xursandligimdan, bolajonim. Endi seni yaxshi ko`radiganlar soni yana bittaga ko`paydi, farishtam…

Dilfuza SOBIROVA

Шарҳлар