O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 oktyabr kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari muloqot avvalida Rossiya Federasiyasi Prezidentini tug`ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, Rossiya rahbarining mamlakatlarimiz o`rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish va mustaxkamlash, ko`p qirrali va o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishdagi alohida o`rni va ulkan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.
Joriy yil aprel oyida Rossiyaga amalga oshirilgan samarali davlat tashrifi va bo`lib o`tgan oliy darajadagi uchrashuvlar o`zaro munosabatlarni mustahkamlab, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O`zaro aloqalarning sezilari jadallashgani kuzatilmoqda: keyingi oylarda Rossiya hukumati Raisining birinchi o`rinbosari, Iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya hamraisi I.Shuvalov, Xavfsizlik kengashi kotibi N.Patrushev, qishloq xo`jaligi vaziri A.Tkachev, sanoat va savdo vaziri D.Manturov, Tatariston rahbari R.Minnixonov va boshqalar tashrif bilan O`zbekistonda bo`ldilar. Oliy va yuqori darajadagi yana qator tashriflarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
O`zaro savdo hajmi jadal ortib bormoqda – yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshdi.
Rossiyaning etakchi kompaniya va banklari ishtirokida neft-gaz va neft-kimyo sohalari, metallurgiya, mashinasozlik, elektr texnikasi sanoati, farmasevtika, agrosanoat, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda yirik investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ikki davlat hududlari va ishbilarmon doiralari o`rtasidagi amaliy hamkorlik faollashdi. Madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda.
Yaqinda Moskva va Butun rus Patriarxi Kirillning O`zbekistonga tashrifi ham xalqlarimiz o`rtasida do`stlik va o`zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilgani ta`kidlandi.
Muloqot chog`ida ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot so`ngida davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentini yana bir bor samimiy tabriklab, unga mustahkam sog`liq va ulkan muvaffaqiyatlar, do`st Rossiya xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Rossiya rahbari O`zbekiston Prezidenti va xalqiga samimiy tabrik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, O`zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilishi qat`iy ekanini alohida ta`kidladi.