my5
Sevimli

NEGA BIZNING MULTFILMLAR ZERIKARLI?

Madaniyat 26.10.2017, 15:57
NEGA BIZNING MULTFILMLAR ZERIKARLI?

Bugun bahs maydoniga ikki multiplikasiya sohasi vakillarini taklif etdik. Mehmonlarimiz — O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat hodimi Mavzur Mahmudov va animasiya sohasida faoliyat yuritib kelayotgan yosh ijodkor Javlon Turdixo`jaev. Uchrashuv davomida ular O`zbekistondamultiplikasiya sohasining oqsab qolgani sabablari haqida gapirish bilan birga, mavjud muammolarni hal etishtakliflarini ham bildirishdi...

“Muammo — mutaxassislarning tanqisligida”

Mavzur Mahmudov: — Bugungi kun animasion filmlari haqida gapirishdan oldin unda rivojlanish, yangilikka intilish borligini aytib o`tmoqchiman. Birinchi o`zbek multfilmlari muallifi Damir Salimov davridan to bugungacha bo`lgan vaqt — 50 yillik muddatni olib qaraydigan bo`lsak, muvaffaqiyatlarimiz yaqqol ko`zga tashlanadi. Xorijiy davlatlarda o`tkazilgan xalqaro festivallarda ham ijodkorlarimiz e`tirof etilyapti. Bundan tashqari, xususiy studiyalar orasida ham aynan animasiya sohasida ijod qilayotganlari bor. Bu esa multiplikasiyaning turi va janrlari ko`payishiga zamin yaratadi. Lekin faqat shuning o`zi bilan chegaralanishimiz noto`g`ri.

Sohaning asosiy muammolaridan biri bu yaxshi mutaxassislarning etishmasligidir. Bunga multiplikasiya sohasining mashaqqati sabab bo`layotgani aniq. Chunki bizning ishimiz igna bilan quduq qazish bilan barobar desam mubolag`a bo`lmaydi. Kasbimizda sabrli va multolamga haqiqiy ishqiboz bo`lganlargina ishlay oladi.

Javlon Turdixo`jaev: — Gapingizga qo`shilaman. Bizning sohada mutaxassislarning tanqisligi juda katta muammolarni keltirib chiqaryapti. Yaxshi ssenarist, rassom-animatorlar, rejissyorlar hamkorlikda ishlashi bilangina yaxshi natijalarga erishishimizmumkin.

M.M.: — Bugun bolalar yozuvchilari bor, ularning qiziqarli hikoya va ertaklarni ko`ramiz. Lekin ular ichida aynan multiplikasiya tilini tushunadiganlari yo`q. Multfilmlar uchun ssenariy yozilganda albatta, tasvir, dialog, musiqa, dinamika va qahramonlarning obrazlarini inobatga olish shart. Muhim omillarning birortasi e`tiborsiz qolsa ham, bu asar ustuni yo`q binoga teng bo`ladi. Nafaqat ssenarist, balki rejissyor, rassom-animatorlar tanqisligi ham bor gap. Sahamizning nozikligi ham shunda.

“Multfilmlarni maqtash emas, tanqid qilish kerak”

J. T.: — Negadir aynan bizning sohaga bo`lgan e`tibor o`zimiz istagandek emas. Ya`ni “O`zbekkino” milliy agenligi tomonidan animasion filmlar masalasiga jiddiy qaralmaydi. Aslida multiplikasiya eng muhim sohalardan biri hisoblanadi. Axir, kelajak avlodning ongi, hayot haqidagi tasavvuri va zehni aynan multfilmlar orqali shakllanadi.

M. M.: — Biz multiplikatorlar yo`l qo`yayotgan kamchiliklarni ayamay yuzimizga ayta oladigan tanqidchilar yo`q! To`g`ri, suratga olingan yangi multasar badiiy kengashda ko`riladi, muhokama bo`ladi, hamkasblarning fikrini eshitamiz, biroq haqiqiy tahlil, tanqid yo`q. Badiiy kinolar ko`rilganda sinchikovlik bilan har bir detalini kuzatadiganlar, multfilmga kelganda “Juda yaxshi chiqibdi, tarbiyaviy ahamiyati kuchli” degan maqtovlardan u yoqqa o`tishmaydi. Vaholanki, yosh avlodni tarbiyalashimiz kerak, deb dedaktika bilan aql o`rgatishimiz shart emas. Vazifamiz — voqeani ko`rsatib, xulosani kichik tomoshabinning o`ziga qoldirishdir. Bundan tashqari xuddi badiiy filmlardagi kabi multqahramonlarning ham tashqi ko`rinishiga, berilgan xarakteriga e`tibor berish shart. Biz suratga olgan multfilmlar qanchalik tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lmasin uning ta`sviri chiroyli bo`lmasa, ommalashishishi qiyin.

J. T.: — Tasvirga olinayotgan yangi ijodiy ishlarni etkazib berishda televideniening ham o`rni katta. Chunki telekanallar, biz va tomoshabinlar o`rtasida ko`prik bo`lishadi.

M. M.: — Aynan shu haqda gapirmoqchi edim. Televidenie milliy multfilmlardan faqat ayrimlarini ko`rsatish bilan chegaralanadi. Yangi ijodiy ishlarni xalqqa etkazishda faol emas. Buning oqibatida bolalarimiz chet el multfilmlarini ko`rib, ularga qiziqib qolishgan. Lekin xorijiy multfilmlarning ayrimlarida bola psixologiyasiga, tarbiyasiga aks ta`sir ko`rsatadigan jihatlar bor. Chunki bu sohada mentalitetni hisobga olish muhim. Nazarimda milliy telekanallarimiz o`zimizning mulfilmlarimizni ko`proq ko`rsatishi va ularga tomoshabinni o`rgatishi lozim. Chunki men ham, boshqa hamkasblarim ham, ko`cha kuyda biz yaratgan qahramonlarni o`ziga ideal qilgan bolakayni uchratishni orzu qilamiz.


“Endi professional multiplikatorlar tayyorlanadi”

M. M.: — Shu fursatdan foydalanib sohamizda amalga oshirilgan eng muhim va kutilgan bir yangilik bilan bo`lishmoqchiman. Shu yildan e`tiboran Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va Dizayn institutida multiplikasiya bo`limini tashkil etdik. Bu sal kam 10 yil harakatlarimdan keyin amalga oshirildi. Nihoyat, sohamizga qiziqqan va mutaxassis bo`lishni istaganlar bilan tajriba bo`lishyapmiz. Biroq shu bilan hamma ish hal, degani emas. Chunki darslarni yuqori darajada o`tish uchun haligacha kerakli texnika vositalari bilan ta`minlanmadik. Talabalar chizgan suratlarni zamonaviy uskunalarda jonlantirish uchun albatta, sharoit bo`lishi kerak. Nima bo`lganda ham eng muhimi boshlab oldik. Qolganiga ham erishishimizga ishonaman. Hozir sakkizta talaba saboq olyapti. Ochig`i, ularning hammasi ham tanlagan kasbini to`liq anglamagan. Lekin ulardan uchtasi bo`lsada ishni eplab ketsa, yaxshi mutaxassis bo`la olishsa, menimcha, shuning o`zi ham yaxshi natija bo`ladi.

J. T.: — Bu sohada hali o`zimni ustoz, deb bilmasam ham, kichik jamoamiz bilan ijod qilib kelyapmiz. Ish jarayonida juda ko`plab yoshlarni kuzatdim. Afsuski, bugun ulardan aksariyatida sabr, qunt etishmaydi. Ularda shu sohani puxta egallayman, qiyinchiliklarga tayyorman, degan maqsadni ko`rmayapman. Hatto, e`lon berib jamoamizga yangi ijodkorlarni taklif qilganimizda ikki kun ishlab, qochib ketganlar bo`ldi.To`g`ri, ishimizning mashaqqati ko`p, busiz iloji yo`q. Shuning uchun ham yuqorida siz aytgandek bizning kasbga albatta, yaxshi ma`noda “telba” bo`lganlar kerak.

“Talab qilishadi biroq imkoniyat yo`q”

M. M.: — Bugungi kunda rahbarlarning qayta-qayta o`zgarishi oqibatida berilgan takliflar asosidagi ishlar chala qolib ketayotgani ham sohamizni rivojlanmayotganiga to`sqinlik qilyapti. Aytilgan gaplar,qog`ozda qolib ketayotgani yomon-da. Esimda, bundan bir necha yil avval kino sohasini rivojlantirish uchun qarorlar imzolangandi. Unga ko`ra, o`nta multiplikasion film, o`n beshta badiiy va qirqta hujjatli filmlar suratga olinishi va buning uchun barcha kerakli texnika bilan ta`minlanishi kerak edi. Tan olaman, biz o`zimizga yuklatilgan ishni bajara olmadik. Ya`ni, o`nta multfilmni xalqqa etkazib berish qo`limizdan kelmadi. Bunga birinchi sabab mutaxassisning etishmagani bo`lsa, ikkinchidan texnik imkoniyatimiz chegaralangan edi. Hatto hozirgi kunda ham kompyuterlarimizning holati qoniqarlimas. Nazarimda, ijodkorga talab qo`yildimi, demak uni amalga oshirish uchun albatta, imkoniyatlar ham yaratilishi kerak. Agar shunda ham ishlamasak, bizni urshishsa arziydi.

J. T.: — Texnika haqida gap ketganda bugun ko`pgina rivojlangan davlatlarda qo`llanilayotgan “Moushen kepchur” uskunasi haqida ham gapirib o`tmoqchiman. Bu uskunada ishlangan multfilmlarda, qahramonlar chizilmaydi. Qahramonlarning harakatini haqiqiy aktyorlar bajaradi. “Moushen kepchur” esa ularni animasion qiyofaga aylantiradi. Ochig`i, bu ijodkorni dangasa qilib qo`yishi aniq. Chunki animasiya inson qo`li bilan yaratilishi shart. Hatto, Gollivudda ishlaydigan mutaxassislar ham bu haqiqatni ko`p takrorlashishadi.

“Xorijiy mutaxassislar bilan tajriba almashuvi kerak”

J. T.: — Mavzur aka, e`tibor bergan bo`lsangiz so`nggi 10-15 yil ichida sohamiz texnika tomonlama juda rivojlandi. Avvallari ikki-uchta odam bajaradigan ishni, bugun kompyuterning o`zi amallaydi. Lekin bu bilan biz barcha imkoniyatlardan to`liq foydalanyapmiz deyolmayman. Xorijiy hamkasblarimizdan o`rganadiganlarimiz juda ko`p. Shu o`rinda bir taklif aytmoqchiman. Iqtidori, salohiyati va sohamizga qiziqishi bor yoshlarni chet el tajribasini o`rganish uchun xorijga yuborish kerak. Ular malaka oshirib bir kun milliy multfilmlarimizni dunyoga tanitishlariga ishonaman.

M. M.: — Javlon, siz aytgan tizim avvallari bo`lgan. Shaxsan o`zim, Kiev, Belorusiya, Armaniston kino studiyalariga borib malaka oshirib kelganman. Biroq ayni kunlarda bu narsani davom ettirish uchun birinchi o`rinda tegishli tashkilotlar ishga kirishishi kerak. Chunki ijodkorlar bunday taklif bilan chiqishsa ham uning tashkiliy va moliyaviy tomonini hal qilishda rahbarlar yordam bermasa bo`lmaydi.

“Festivallar uchun emas xalqimiz uchun ishlaylik”

M. M.: — Bugungi kun xalqaro festivallari haqida ham ikki og`iz gapirib o`tmoqchiman. Chunki shaxsan men uchun bu sohada eng nufuzli ikkita festival bor xolos. Qolgani ijodkorlarning tajriba almashishi uchun yaxshi bahona. Bu albatta yaxshi! Lekin nazarimda, biz ma`lum bir festivallarda ishtirok etish uchun emas, xalqimiz uchun ishlashimiz kerak.

J. T.: — Fikringizga qo`shilaman, biz avvalo o`zimizning tomoshabinning mehrini qozonishimiz shart! Bahs doirasida aytilgan yuqoridagi takliflarimiz ham e`tiborsiz qolmaydi degan umiddamiz. Shundagina sohamizda yaxshi o`zgarishlar yuz berishi mumkin.

Aliya SULAYMANOVA

Fotomuxbir Islom RO`ZIEV

Шарҳлар