my5
Sevimli

MILLIY VA ZAMONAVIY TALQINDAGI IPAK LIBOSLAR NAMOYISh QILINDI

Madaniyat 01.11.2017, 16:27
MILLIY VA ZAMONAVIY TALQINDAGI  IPAK LIBOSLAR NAMOYISh QILINDI


Poytaxtimizda «O`zbekipaksanoat» uyushmasi tabiiy ipak matoli milliy liboslar namoyishini o`tkazdi. Unda 80 ortiq davlatdan vakillar, mutaxassislar, ipak etishtiruvchilar, qayta ishlovchilar, liboslar moda va dizayni sohasi vakillari, talaba-yoshlar, moda ixlosmandlari ishtirok etdi.

Ta`kidlash joizki, joriy yilda pillakorlarimiz sinov tariqasida ikki marta ipak qurti urug`i parvarishlab, mo`l hosil etishtirdi. Qariyb 13 ming tonna ipak xom ashyosining qariyb 50 foizi tizimdagi o`ttizdan ziyod korxonada qayta ishlanmoqda. Xomashyoning ko`payishi, albatta, uni qayta ishlashni ham talab etadi. Joriy yilda ip yigiruv va ipak mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator loyihalar amalga oshirildi. Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Buxoro viloyatlarida barpo etilayotgan korxonalar shular sirasidandir.
Anjumanda tizimdagi korxonalarda ishlab chiqarilgan matolardan tayyorlangan ko`rkam liboslar omma e`tiboriga havola etildi. Namoyish to`rt qismdan iborat bo`lib, birinchi qismda modellar hammabop, kundalik ko`ylaklarni, ikkinchisida oqshom liboslari, uchinchi va to`rtinchi qismda milliy va zamonaviy uslubda yaratilgan rang-barang liboslar taqdim etildi.

Hozirgi kunda aynan atlas, adras, shoyi, beqasam matolaridan foydalanayotgan dizaynerlarimiz talaygina. Shu bois ham anjumanda o`zbek modasi, bu nafaqat, tabiiy ipakdan tayyorlangan milliy matolardan tikilgan liboslar, balki, dunyo miqyosida urf bo`ladigan, modaning eng so`nggi chaqirig`i talablariga javob beradigan kiyimlar ekanini isbotlashga alohida e`tibor qaratildi. Eng muhim esa kamalakrang xonatlas, ko`rkam adras, baxmal, nafis shoyi kabi milliy matolarimiz qatoriga muslim, jakart kabilar qo`shilgani bo`ldi.

Tabiiy ipak matoli milliy liboslar namoyishida Dilafro`z Aripjonova, Elena Milberger, Nikolay Nam, Dilorom Muhammadieva kabi o`ndan ziyod iqtidor egalari o`zlarining zamonaviy va eng so`nggi jahon andozalaridagi mualliflik to`plamlari bilan ishtirok etdi. Ularning liboslari yorqinligi va nozik uslubi bilan ko`pchilikni e`tiborini tortdi.

Tadbir davomida xorijlik mutaxassislar o`zbek dizaynerlari namoyish etgan liboslar yuksak did va mahorat bilan tayyorlanganini e`tirof etdi.

Shuningdek, «Buyuk ipak yo`li» tarixiga bag`ishlangan teatrlashtirilgan sahna ko`rishi ham namoyish etildi.

Шарҳлар