O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi ikki tomonlama madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Turkmanistonda O`zbekiston madaniyati kunlari o`tkazilmoqda. Bu haqda Madaniyat vazirligining axborot xizmati "Darakchi"ga xabar qildi.
Ushbu tantanali tadbirni o`tkazish uchun 57 kishidan iborat delegasiya Turkmanistonga borishdi. Kecha Turkmaniston davlat madaniyat markazining Maqom saroyida O`zbekiston madaniyati kunlarining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston xalq artisti Z.Boyxonova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar S.Raximov, Yu.Turdieva, J.Piyazov, A.Nodirova, N.Pirmatova, Z.Qobilova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, suxondon D.Rustamova, Qoraqolpog`istonda xizmat ko`rsatgan artist K.Raxmonov, xonandalar M.Jabborov, B.Saidov, Sh.Muzaffarova, D.Sulaymonov hamda “Navro`z” raqs ansambli va bir guruh sozandalar ishtirok etishdi.
Bu kabi tadbirlar madaniyat, san`at sohasidagi yutuqlar, O`zbekistonning bugungi kuni, an`ana va qadriyatlarini keng namoyish etish bilan birga, xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik, hamjihatlik, madaniy-ma`rifiy munosabatlar rishtasini tobora mustahkamlashdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.