my5
Sevimli

«TOShKENT» RFB SAVDO AYLANMASI 2,6 MAROTABAGA OShDI

Iqtisodiyot 21.11.2017, 16:01
«TOShKENT» RFB SAVDO AYLANMASI 2,6 MAROTABAGA OShDI

«Toshkent» Respublika fond birjasi savdolarida 19 ta aksiyadorlik jamiyatining qimmatli qog`ozlari bilan 56 ta bitim qayd qilinib, 35,0 mln. dona aksiya 2,6 mlrd. so`mga sotildi. Ushbu ko`rsatkich o`tgan hafta savdo yakunlariga nisbatan 2,6 marotabaga ko`pdir. Bu haqda O`zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi xabar bermoqda.

Tahlillar jami savdo aylanmasining 94,5 foizi tijorat banklari va 5,1 foizi agrosanoat tarmog`idagi aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qog`ozlari bilan amalga oshirilgan bitimlardan iborat bo`lganini ko`rsatdi. Eng yirik bitim 15 noyabr sanasida «Savdogarbank» ATBning 25,0 mln. dona aksiyasi bilan 2,5 mlrd. so`m miqdorida tuzildi.

Shuningdek, tuzilgan bitimlar soni bo`yicha etakchilikni «Qo`qonspirt» AJ egallagan holda, hafta davomida ushbu jamiyatning 9,9 mln. dona aksiyalari bilan 10,1 mln. so`mlik 22 ta bitim amalga oshirildi.

Hafta davomida savdo aylanmasi hajmi yuqori bo`lgan emitentlarni «Savdogarbank» ATB (haftalik savdo aylanmasining–94,1 foizi) va «Guliston ekstrakt-yog`» AJ (4,7 foizi) tashkil etdi. Bu haftalik savdo aylanmasining 98,8 foizini tashkil etadi.

O`tgan hafta fond birjasida respublikamizning 6 ta hududida joylashgan listing kompaniyalari qimmatli qog`ozlari bilan savdo bitimlari imzolandi. Birja bitimlarining eng yuqori hajmi Toshkent shahri (94,4 foiz) va Sirdaryo (4,7 foiz) viloyatidagi aksiyadorlik jamiyatlari hisobiga to`g`ri keldi.

Qimmatli qog`ozlarning nominal narxiga nisbatan yuqori darajadagi farq quyidagi aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalari bilan tuzilgan savdo bitimlarida kuzatildi:

1. «Guliston ekstrakt-yog`» AJ. Nisbat–14,35:1. Ushbu aksiyadorlik jamiyati bir dona aksiyasining savdo kunidagi birja narxi 28700 so`mdan iborat bo`ldi. Aksiyaning nominal qiymati esa 1999 so`mni tashkil qiladi.

2. «Olmaliq KMK» AJ. Nisbat–1,23:1. Ushbu emitent bir dona aksiyasining savdo kunidagi birja narxi 4380 so`mdan iborat bo`ldi. Aksiyaning nominal qiymati 3914 so`mni tashkil qiladi.

Shuningdek, o`tgan haftada investorlar toifasiga ko`ra birja savdolarida jismoniy shaxslar faolligi kuzatilib, tuzilgan umumiy bitimlar hajmining–99,9 foizi, bitimlar sonining esa–91,0 foizi aynan ular hissasiga to`g`ri keldi. Tahlillarga ko`ra investor sifatida jismoniy shaxslar eng ko`p tijorat banklarining (94,5 foiz) aksiyalariga yuqori qiziqish bildirishgan.

Шарҳлар