13

​O`ZBEKISTONDA MAKTABGAChA TA`LIM TIZIMINI ISLOH QILIShDA KOREYa MODELI ELEMENTLARIDAN FOYDALANILADI

Siyosat 24.11.2017, 14:13
2294
​O`ZBEKISTONDA MAKTABGAChA TA`LIM TIZIMINI ISLOH QILIShDA KOREYa MODELI ELEMENTLARIDAN FOYDALANILADI

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan 20 ga yaqin uchrashuvlar o`tkazilib, tajriba almashinuvi, O`zbekistonda eksperimental tarzda bolalar bog`chalarini ochish, birgalikda kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatlarini o`rganib chiqish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.

Safar doirasida O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan Koreyaning qator maktabgacha ta`lim va boshqa turdagi muassasalariga tashriflar uyushtirildi va ularning faoliyati o`rganildi, jumladan bog`chalarning o`ziga hos jihatlari, qo`llanilayotgan ta`lim berish uslublari, moliyalashtirish va to`lov tizimlari, pedagogik xodimlarning malaka darajasi va xizmat sharoitlari, oziq-ovqat va moddiy-texnik ta`minot hamda sohaga tegishli dasturlar va uslublaratroflicha o`rganildi.

Pedagoglar faoliyati uchun maksimal qulay sharoitlarning yaratilganligi, pedagogning ijodiy erkinligi, katta hajmdagi hisobotlarning yo`qligi, davlat bog`chalari pedagoglari ijtimoiy statusining yuqoriligi, bolalar o`zlarini namoyon qilishlari uchun yaratilgan ijodiy muhit, jumladan xonalarning hatto kichik detallarigacha qulay dizayni va jihozlangaligi, ular uchun boy adabiyotlar va rivojlantiruvchi o`yinlarning mavjudligi, erta bolalikdan jamiyatda o`zini tutish va shaxsiy gigiena ko`nikmalarini tarbiya qilish kabi alohida jihatlar Koreya maktabgacha ta`lim tizimi muvaffaqiyatining asosini tashkil etadi.

Alohida e`tibor qaratish lozim bo`lgan yana bir jihat, Davlat jamiyatning eng himoyalanmagan qatlamlari, kam ta`minlangan oilalar va nogiron bolalarga, birinchi navbatda g`amxo`rlik ko`rsatadi va bog`chalarga qabul davomida ularga ustuvorlik prinsipini qo`llaydi, va shu sababli ham, Koreyada inklyuziv ta`lim prinsiplari tahsinga sazovordir.

Koreyaning ta`lim tizimiga kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan va tasarrufida maktabgacha ta`lim muassalari bo`lgan oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Sanmyong Universiteti, (Sangmyung University) hamda Chung-Ang Universiteti (Chung-Ang University) bilan Hadli kelishuvlar imzolandi, shuningdek Chonnam Milliy Universiteti (Chonnam National University) bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Kelishuvlar va Memorandum doirasida quyidagi sohalardagi hamkorlik nazarda tutilgan: talabalar, ilmiy-pedagogik va boshqaruv mutaxassislari o`rtasida tajriba almashinuvlari, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishga qaratilgan choralar, jumladan eng yangi dasturlar va uslublarni joriy qilish, hamkorlikda tadqiqotlar, konferensiyalar, ko`rgazma va seminarlarni amalga oshirish, maktabgacha ta`lim mutaxassislarini tayyorlash bo`yicha maxsus qo`shma magistrlik va doktorlik dasturlarini tashkil etish, shuningdek O`zbekistonda eksperimental ravishda Koreya tizimiga asoslangan eksperimental bog`chalarni tashkil etish kabi muhim vazifalar nazarda tutilgan.

Maktabgacha ta`lim vazirligi delegasiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi davomida bolalarning erta rivojlanishi va maktabgacha ta`lim tizimi sohasiga ixtisoslashgan nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari bilan uchrashuvlar ham o`tkazildi. Jumladan, 2017 yilning 23 noyabr kuni Koreya bolalar parvarishi va va maktabgacha ta`lim masalalarini o`rganish Instituti (KICCE) bilan Hadli kelishuv imzolandi. Kelishuv doirasida Maktabgacha ta`lim vazirligi va KICCE hamkorligida qo`shma tadqiqotlar o`tkaziladi, pedagogik kadrlarni tayyorlash orqali tajriba almashinuviga qaratilgan dasturlar amalga oshiriladi, seminarlar va konferensiyalar tashkil etiladi. Shu bilan bir qatorda hamkorlik asosida maktabgacha ta`lim tizimini rivojlantirish strategiyalarining ishlab chiqilishi,ta`lim dasturlari va standartlarining qayta ko`rib chiqilishi, ta`lim statistikasini joriy qilish nazarda tutilgan.

Seul bolalarni erta rivojlantirishga ko`maklashish Instituti (Seoul Early Childhood Education Promotion Institute) bilan 2017 yilning 22 noyabr kuni o`tkazilgan uchrashuv chog`ida qo`shma tadqiqotlarni o`tkazish, tajriba almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tadbiq qilish imkoniyatini beruvchi hamkorlikdagi ilmiy-amaliy tadqiqot muassasalarini tashkil etish, o`quv-uslubiy materiallarni tayyorlash borasida kelgusida hamkorlik bitimlarini imzolash kelishib olindi.

Yana bir samarali uchrashuv – Maktabgacha ta`lim vazirligining eng muhim potensial hamkori – Koreya Respublikasi Ta`lim vazirligining Maktabgacha ta`lim va bola parvarishi Departamentida bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda Koreya tomoni O`zbekiston delegasiyasiga Koreyada maktabgacha ta`lim va bola parvarishi bosqichlari, sohani rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish prinsiplari, yangi NURImaktabgacha ta`lim Milliy dasturini joriy qilish jihatlari haqida ma`lumot berdilar. Shuningdek, to`lov tizimlari, ta`lim muassasasi turidan kelib chiqqan holda narxlarni belgilash prinsiplari, Davlatning maktabgacha ta`limga yo`naltirayotgan harajatlari, shuningdek istiqboldagi rejalar, jumladan maktabgacha ta`lim strukturasida Davlat bog`chalari ulushini kengaytirish, elektron qabul tizimini joriy qilish, pedagoglar malakasini oshirish hamda sohani takomillashtirish tendensiyalari haqida ham ma`lumotlar berildi.

Koreya Respublikasining tajribasi albatta e`tiborga molik va ishonamizki, O`zbekistonda maktabgacha ta`lim tizimini isloh qilish jarayonlarida bu boradagi Koreya modeli elementlari albatta o`z aksini topadi.

Шарҳлар