13

O`ZBEKISTON - QOZOG`ISTON O`RTASIDA DIPLOMATIK MUNOSABATLAR O`RNATILGANIGA 25 YIL TO`LDI

Siyosat 25.11.2017, 09:41
1880
O`ZBEKISTON - QOZOG`ISTON O`RTASIDA DIPLOMATIK MUNOSABATLAR O`RNATILGANIGA 25 YIL TO`LDI

Poytaxtimizda O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligiga bag`ishlangan tantanali tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston axborot agentligi ma`lum qildi.

O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida diplomatik aloqalar 1992 yil 23 noyabrda o`rnatilgan. Davlat rahbarlarining muloqotlari, turli darajadagi delegasiyalar tashrifi muntazamlik kasb etgan.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. 1998 yilda imzolangan O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida Abadiy do`stlik to`g`risidagi shartnoma, 2013 yilda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma o`zaro hamkorlikka mustahkam asos bo`lmoqda.

Diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25-yili muhim voqealarga boy bo`ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning ochiq va pragmatik siyosati samarasida mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar yanada faollashdi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 22-23 mart kunlari Qozog`istonga davlat tashrifi hamkorlikni yangi bosqichga ko`tardi. 16-17 sentyabrda Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning mamlakatimizga davlat tashrifi oliy darajadagi muloqotlarning izchil davomi bo`ldi.

Ushbu tarixiy sana yil bo`yi nishonlandi, deyish mumkin. O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlari shu yilning o`zida olti marotaba uchrashdi. Ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiya majlisi, bir necha biznes-forumlar, milliy mahsulotlar ko`rgazmalari o`tkazildi. Hududlar o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalar o`rnatildi. Toshkent va Olmaota o`rtasida tezyurar poezd, shaharlararo avtobuslar qatnovi yo`lga qo`yildi. Azaldan qavmu qarindosh bo`lgan xalqlarimiz orasida bordi-keldi ko`paydi. Bularning barchasi ikki mamlakat o`rtasidagi ishonch va hamkorlik yuksak darajada ekanidan dalolatdir.

Kuni kecha O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini qutladi. Qutlovlarda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va sheriklik munosabatlari bundan buyon ham izchil mustahkamlanib borishi ta`kidlandi.

Poytaxtimizdagi «Navro`z» davlat qabullar uyida bo`lib o`tgan tadbirda bu jihatlar yana bir bor o`z ifodasini topdi. O`zbekiston va Qozog`iston san`atkorlari ijrosida milliy kuy-qo`shiqlar yangradi.

Ushbu tantanali tadbirda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qozog`iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari Asqar Mamin va O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari Ochilboy Ramatovning uchrashuvi bo`lib o`tdi. Davlat rahbarlarining muzokaralari natijasida hamkorlikka keng yo`l ochilgani, ularda erishilgan kelishuvlar to`la amalga oshirilayotgani ta`kidlandi.

O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiya doirasidagi aloqalarni rivojlantirish, o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Hukumatlararo qo`shma komissiyaning bayonnomasi imzolandi.

Uchrashuvda ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari ham qatnashdi.

Qozog`iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari A.Mamin O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov bilan ham uchrashdi.

Шарҳлар