Му5
50

80 YoShIDA KUTUBXONA TAShKIL ETGAN URGUTLIK ABDULLA BOBO

Mutolaa 09.12.2017, 11:41
3611
80 YoShIDA KUTUBXONA TAShKIL ETGAN URGUTLIK ABDULLA BOBO

Samarqand viloyati, Urgut tumani G`us qishlog`ida istiqomat qiluvchi 80 yoshli Abdulla bobo O`rinov “Bilimdon” xalq kutubxonasiga asos soldi. Prezidentimizning 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar das­turi to`g`risida»gi qarorining ijrosini ta`minlashga bel bog`lagan fuqarolar safini kengayib borayotgani quvonarli hol, albatta.

Abdulla bobo,kutubxonangizda qancha kitob bor?

— Tarixiy, badiiy, ilmiy, iqtisodga doir asarlar, bundan tashqari 4 ta Hadis kitobi, Mehnat va Jinoyat kodekslari, qishloq xo`jlagiga oid kitoblar bor. Hammasi bo`lib mingta.

Mingta kitobni qanday to`pladingiz?

1956 yilda maktabni tamomlab, buxgalteriya yo`nalishiga o`qishga kirdim. Bu kitoblarni talabalik davrimdan boshlab to`plaganman.

Kutubxona tashkil etishingizga nima sabab bo`ldi?

— Aslida shaxsiy kutubxonamdan farzandlarim, nevara-chevaralarim, qo`ni-qo`shni, tanish-bilishlar avvaldan foydalanib kelar edilar. Endi hamma kutubxona tashkil etganimdan xabardor. Ilgari so`rab borsam berarmikan, deb istihola qilganlar, endi bemalol kirib keladi. Prezidentimizning kitobxonlikni targ`ib qilishga qaratilgan qaroridan so`ng, uning ijrosini ta`minlashga men ham o`z hissamni qo`shishim kerak, degan xulosaga keldim. O`ylab qarasam, aslida bu ma`naviy xazinani asrab o`tirish, ilmni qamab o`tirish bilan barobar ekan.

15 yildan beri kitoblaringizni mahalla ahli olib o`qir ekan. Unda kitob yo`qotishning azobi ham sizga yaxshi tanish bo`lsa kerak.

Ha. Sevimli kitoblarimni olib, qaytarib bermaganlar ham bo`lgan.

Bunday hollarda nima qilgansiz?

Nima ham qilardim. Savob bo`ladi, deb indamaganman.

Endi kutubxonachi sifatida o`z tartib-qoidalaringizni o`rnatasizmi?

Bu xalq kutubxonasi. Turli qog`ozbozlikdan xoli, haftaning 7 kuni, 24 soat faoliyat yuritadi. Hech qanday tartib-qoida o`rnatmayman. Kutubxona hozircha ichkarida. Yilning issiq fasllarida soya-salqin bog`ning chekkaroq, osuda joyiga so`ri o`rnataman. Uyda o`tirib zerikkan keksalar choyxonaga emas,shu erda o`tirib mutolaa qilishga kelishadi.

Kutubxona tashkil etish qiyin ish emasmikan?

Nafaqam har oylik sarf-xarajatlarimdan ortib qoladi. O`sha jamg`argan pulimning 2 million 200 ming so`miga bitta katta kitob javoni yasattirdim. Chang bosgan kitoblarimni nabiralarim artib-surtib javonga joylashdi. Bundan bo`lak hech narsa qilmadim. Buning uchun kishida tashabbus va fidoyilik bo`lsa bas ekan.

Abdulla bobo tabarruk yoshida ma`naviy-ma`rifiy jarayonlarda faol ishtirok etayotgani u kishidagi g`ayrat va shijoatdan dalolat beradi. Shunday insonlarning ham malakaviy, ham hayotiy tajribalari, yo`l-yo`riqlari, nasihatlari tezkor zamon yoshlari tarbiyasida juda muhim. Aslida ko`pchilikning uyida shaxsiy kitob javoni bor. “Shaxsiy kutubxonamda falonta kitob to`plaganman”, deb maqtanish o`rniga, ushbu kitoblardan hech bo`lmaganda mahalla ahlining foydalanishiga ruxsat bersak ham yurtimizda mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirishga o`z hissamizni qo`shgan bo`lamiz.

Inobat ERNAZAROVA tayyorladi

Шарҳлар