AsosiySiyosat

​O`ZBEKISTON-QIRG`IZISTON: OLIY DARAJADAGI MUZOKARALAR BOShLANDI

'​O`ZBEKISTON-QIRG`IZISTON: OLIY DARAJADAGI MUZOKARALAR BOShLANDI'ning rasmi

Qirg`iziston Respublikasi Prezidentining rasmiy tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar Ko`ksaroy qarorgohida bo`lib o`tmoqda. Rasmiy kutib olish marosimidan so`ng davlat rahbarlari tor doirada muzokara boshladilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar bermoqda.

O`zbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoev Sooronboy Jeenbekovni Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor samimiy qutlab, bugungi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, ko`plab masalalarda hamfikrligi, hamkorlikka mushtarak intilishi tufayli O`zbekiston bilan Qirg`iziston munosabatlari mustahkamlanib, o`zaro aloqalar faollashmoqda.


- Qirg`iziston Prezidenti sifatida ilk xorijiy tashriflaringizdan birini O`zbekiston zaminidan boshlaganingizni yuqori baholaymiz, - dedi Prezidenti Shavkat Mirziyoev. – Bu mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga sadoqatingiz ifodasi deb qabul qilamiz.

Sooronboy Jeenbekov Shavkat Mirziyoevga O`zbekistonga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirib, Qirg`iziston xalqi nomidan chuqur hurmat va ehtirom izhor etdi.

- Siz mamlakatlarimiz o`rtasidagi davlat chegarasini chinakam do`stlik, yaxshi qo`shnilik va sheriklik chegarasiga aylantirdingiz, - dedi Qirg`iziston Prezidenti.

Prezidentlar ushbu tashrif savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiyalari va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, davlat chegaralarini delimitasiya qilish borasidagi ishlarni yakuniga etkazish, yangi o`tkazish punktlari ochish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta`minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta`kidladilar.

Davlat rahbarlari O`zbekiston Respublikasi bilan Qirg`iziston Respublikasi strategik sheriklik munosabatlari, do`stlik, yaxshi qo`shnilik va ishonchni mustahkamlash borasida o`z azmu qarori ta`kidladilar.

Muloqotda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Prezidentlar xalqaro maydonda ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlash borasida ulkan salohiyat mavjudligi, O`zbekiston va Qirg`izistonning BMT, MDH, ShHT, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga intilishi mushtarakligini qayd etdilar.

O`zbekiston o`z tashqi siyosatida avvalo qo`shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Keyingi davrda Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi integrasiya jarayonlari va sheriklik aloqalar faollashayotgani buning yorqin dalilidir. Jumladan, Qirg`iziston Respublikasi bilan aloqalar ham yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar, hududlar o`rtasidagi bordi-keldilar kengaymoqda.

Muzokarada Prezident Sooronboy Jeenbekov Qirg`iziston O`zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlarini o`tkazish to`g`risidagi tashabbusini qo`llab-quvvatlashini yana bir bor qayd etdi.

    Boshqa yangiliklar