Avstraliya bosh vaziri Toni Ebbott mamlakatning dengiz kemalari harakat xavfsizligi boshqarmasi (AMSA) Malaysia Airlines aviakompaniyasining yo`qolgan Boeing 777-200 samolyotiga tegishli bo`lishi tahmin qilingan ikkita bo`lak topgani haqida ma`lum qildi.
Reyter axborot agentligining xabar berishicha, Hind okeani janubida davom etayotgan qidiruv ishlaridan ishonchli ma`lumot kelib tushdi. Avstraliya dengiz kemalari harakat xavfsizligi boshqarmasi sun`iy yo`ldosh orqali yo`qolgan laynerga tegishli bo`lishi mumkin bo`lgan ikkita jism haqida ma`lumot oldi, - deydi Ebbott o`zining parlamentdagi chiqishida.
AP axborot agentligining xabar qilishicha, ko`rsatilgan joyga Avstraliya harbiy havo kuchlari samolyoti jo`natilgan.
Avvalroq Malayziya hukumati layner o`z yo`nalishini O`rta Osiyo tomon o`zgartirgan bo`lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.
Eslatib o`tamiz, 8 mart kuni Malayziya aviakompaniyasiga qarashli bo`lgan samolyot parvozga chiqqanidan ikki soat o`tgach, sirli tarzda g`oyib bo`lgan. Boeing bortida 14 mamlakatdan 239 kishi bo`lgan. Ayni damda laynerning qidiruv ishlarida 26 ta mamlakat ishtirok etmoqda.