Sevimli

​OLIY MAJLISI SENATINING O`N UChINChI YaLPI MAJLISI JORIY YILNING 20 DEKABR KUNI BO`LADI

Siyosat 16.12.2017, 13:27
​OLIY MAJLISI SENATINING O`N UChINChI YaLPI MAJLISI JORIY YILNING 20 DEKABR KUNI BO`LADI

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n uchinchi yalpi majlisi joriy yilning 20 dekabr kuni Toshkent shahrida chaqiriladi. Bu haqda 2017 yil 15 dekabrda Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo`ldoshev olib borgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida ma`lum qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qilishicha, Senatning yalpi majlisi muhokamasiga 2018 yilgi O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari to`g`risidagi masala kiritilmoqda.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasidan kelib chiqadigan vazifalarning izchil ijrosiga qaratilgan O`zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari va masalalar kiritilmoqda.

“Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi, “Kelajak bunyodkori” medalini ta`sis etish to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi temir yo`l transporti xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi, O`zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Harbiy doktrinasini tasdiqlash to`g`risidagi, yangi tahrirdagi O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksi, O`zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksi, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksi, “Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunlar va boshqalar shular jumlasidandir.

Shu bilan bir qatorda yalpi majlisda senatorlar 2018 yilda fermer xo`jaliklarini bosqichma-bosqich ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklariga aylantirish bo`yicha dastur to`g`risidagi masalani ko`rib chiqadilar, O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to`g`risidagi, shuningdek O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2017 yildagi o`z faoliyati to`g`risidagi axborotini eshitadilar.

Yalpi majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko`rib chiqiladi.

Oliy Majlis Senati qo`mitalari va devonining o`n uchinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan tegishli ishchi guruh tuzildi.

Шарҳлар