Му5
50

TIBBIY KO`RIKSIZ NIKOH MENGA QIMMATGA TUShDI!

Mutolaa 18.12.2017, 14:42
7459
TIBBIY KO`RIKSIZ NIKOH MENGA QIMMATGA TUShDI!

Bo`lajak turmush o`rtog`im bilan atigi ikki marotaba ko`rishdim. Birinchisi o`z uyida, yana biri kafeda. Uyida uncha ko`p so`zlamadi. Kafeda ham juda kam so`zladi. U meni tinglar, ba`zida sekin kulib qo`yar edi. Shu vaqtda nima desam qanday shart qo`ysam, u rozi bo`ldi. O`ylab qoldim: shunday qizlar ham bor ekan, nima desam rozi bo`layapti. Onam aytgan 4 ta qizlar ichida u takliflarimga, shartlarimga rozi bo`lar edi. Bir dona akam, birdona singlim bor, ularni hurmatini joyiga qo`yishingiz kerak. Ular meni jigarim... Otam-onam va ularni hamisha avaylaysiz. O`zingizni oilangizni qanday qadrlasangiz, bizning oila ham ulardek qadrli bo`ladi, dedim. U hamma gapimga xo`p derdi. Meni eshitayaptimi, meni gaplarimga yaxshilab ahamiyat berayaptimi deb o`ylab qolardim.

Shu kuni kechroq bo`lajak turmush o`rtog`imning amakisi men bilan uchrashmoqchi bo`ldi. U bilan ko`rishdim gaplashdim. Qo`ni-qo`shnilardan meni surishtirganlari, ular men haqimda yomon gaplar gapirmaganini aytdi. Adashmasam qaynotamning ukasi bilan bir soatlarcha suxbatlashdik. Suxbat oxirida jiyanim biroz erkaroq sal mahkamroq turasiz dedi. Bu gapni men yaxshilikga yo`ydimda xop deb javob berdim.

Tibbiy ko`rikdan o`tish vaqtimiz bo`lajak turmush o`rtog`imning akasi qo`ng`iroq qilib, to`yga oz vaqt qolgani, tibbiy ko`rikni pul bilan ham to`g`irlash mumkinligi, bu tez bo`lishi va meni ishimga xalaqit bermasligini aytdi. Rostadan ham men to`y xarajatlari uchun yaxshiroq ishlashim kerak edi. Hullas, tibbiy ko`rikni pul bilan to`g`riladik.

To`y bo`ldi.Oradan 3 kun vaqt o`tdi. Turmush o`rtog`im uy ichiga kirib olib o`zidan-o`zi yig`lar, ba`zida kular edi. Kechalari nimalarnidir so`zlar, keraksiz gaplarni ko`p gapirar edi. Onamga bu haqida aytsam qiz bola begona xonadonga ko`nikishi qiyin, o`tib ketadi sabr qil, dedilar.

Turmush o`rtog`im homilador bo`ldi... Bu vaqtda ko`p gapiradigan bo`lib qoldi. Hali tog`dan, yana bog`dan gapirardi. Yolg`onlari, ayrim o`g`irliklariga ham ko`z yumdim. Onam bu xolatlarni ko`rib, homiladorlik tez o`tib ketadi, sabr, derdilar.

O`g`il farzandlik bo`ldim... Bir tarafdan juda hursand edim. Orzu qilganim o`g`il edi. Biroq, kechalar juda xushyor yotadigan, ayolimni qo`riqlaydigan bo`lib qoldim. Kecha soat birda ham o`z-o`zidan sabasiz ko`chaga chiqib ketadigan, xali ovulxonada, xali kirxonada yuradigan bo`lib qoldi. Hattoki, onam kech soat ikkida ayolimni ko`cha boshidan ushlab keldi. Nima qilayapsiz bu erda desa ko`cha supirishga chiqgandim deb javob berdi. Onamning aytishiga qaraganda bu farzandli bo`lganidan keyin bo`ladigan xolat o`tib ketadi. Bunday jarayonlar juda ko`p takrorlandi.

Farzandimni ikki yoshida bog`chaga joyladik... Orada ikki oy vaqt o`tdi. Ayolim yana tushunarsiz mavzuda so`zlar, bo`lar-bo`lmasga oila a`zolarim bilan tortishar edi. Endi onam baxona topolmasdi. Ilojsizlikdan ayolimning onasiga murojat qildik. Biznikida 5-6 kun tursin, mullaga borib dam soldirsak hammasi yaxshi bo`lib ketadi dedi. Rozi bo`ldim. Oradan 5-6 kun emas 22 kun o`tdi. Mulla meni ham chaqirtirganmish, turmush o`rtog`ingizni ko`ray deb. Ishimdan bir bahona qilib mullanikiga 3 kun qatnadik. O`zgarish yo`q... Mulla uyingizda jin bo`lishi mumkin uyingizga borib haydab kelaman deb uyimga ham keldi. Allanimalarni o`qidi. Xo`sh endi nima bo`ladi dedim. Uyingizda hech nima yo`q tozaku dedi. Kuyov kelinni bir psixologga olib boring, biz davolay olmadik deb chiqib ketdi.

Oradan vaqt o`tdi... Ayolimni onam psixiatr xuzuriga olib bordi. Nimadirdan havotir olib, qaynotam ham psixiatr huzuriga etib keldi. Shu vaqtda sababsiz ayolim bilan qaynotam nimadirlar deb baqir-chaqir qilib urishib ketishdi. Shifokorlar zo`rg`a ularni ajratib oldi. Ayolimga tashxis qo`yishdi. U psixoz ekan...

Men bu so`zlar yolg`on dedimda ayolimning qo`shnilaridan surishtira boshladim. Ayolim bolaligidan bu kasallik bilan kasallangani, xali mulla hali shifoxonalarda davolanib chiqqani, hattoki to`ydan oldin ham shifoxonada davolanib chiqqani aytishdi. Dardimni kimga aytishimni bilmasdim. Ohiri uni ammasiga qo`ng`iroq qildim. Ammasi hamma voqeani tan oldi. To`ydan oldin ham shunday bo`lib qolganda o`zi turib davolatganini aytib berdi. Psixiatr xuzuriga borib buni davolash mumkinmi deb so`radim. Afsuski, buning davosi yo`q ekanligini aytdi. Xozir birga yashamayapmiz. Uning otasida ham bu kasallik borligi, nasliy ekanini ham bildim. Farzandim nima bo`ladi... Shukur u meni farzandim. Unda bunday kasallik yo`q. Biroq, ona muhitida voyaga etsa undan ham shunday alomatlar sezilar ekan.

Bu xulosalarim orqali nima demoqchiman... Bo`lajak turmush o`rtog`ingiz bilan ko`proq suxbatda bo`ling. Tibbiy ko`rik vaqtida bir-biringizga ishonchli bo`ling. Tibbiy varaqani pulga sotib olmang. Hayot, turmush faqat bir marotaba bo`lishni unutmang.

Yigitning kechinmalarini Ahror Ziyo oqqa ko`chirdi

Шарҳлар