Му5
48

"O`Z TO`YIMDA BEGONA EDIM…”

Mutolaa 27.12.2017, 12:07
4732
"O`Z TO`YIMDA BEGONA EDIM…”

Sevara, 35 yosh

Chimildiq muqaddas. Uning azizligini hamma ham anglay olmaydi. Afsuski, chimildiq o`ziga xiyonat qilganlarni bir umr baxtdan benasib qiladi. Yaxshiyamki, men buni vaqtida angladim. Yon qo`shnimizning poytaxtda o`qiydigan o`g`liga mahalladagi qizlarning ko`pi oshiq edi. Biz aynan shu qo`shnimiz bilan judayam ahil edik. Ularnikiga ko`p chiqqanim uchun mahalladagi qizlarning menga havasi kelar, men uchun esa, O`ktam aka xuddi akamdek edi. O`ktamni uylantirisharkan, sen ham qiz top, deyishganida, bir-ikki dugonamnikiga hatto ular bilan birga bordim. Ha, akamizning dimog`lari ancha baland, biz topgan nomzodlar unga yoqmabdi. Bo`lajak kuyovning "dardi” keyinroq ma`lum bo`ldi: O`ktamboyga men yoqarmishman. "Tavba, kelib-kelib, mana shu peshonasida sochi kam odamga tegamanmi? Dada, oyi, o`z akamdek… bu gap umuman to`g`ri kelmaydi”, desam, hech ko`nishmaydi. "Tegsang, shunday yigitga tegasan-da, boshqa kimgayam tegarding?! U shaharda o`qiydi, kelajagi bor”, deyishdi. "Bizga qarshilik qilsang, oq qilamiz”, deb ham qo`rqitishdi. Bir haftadan keyin non sindirilib, fotiha qilindi. Uydagi hamma to`yga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Xuddi mening hecham aloqam yo`qdek, o`zlaricha hamma narsa qilishyapti. Baribir, bu to`yga ko`nglim chopmadi.

Mening noroziligim hech kimning ko`nglida mehr uyg`otolmadi. To`y kuni qoshimni chimirib, qovog`imni solib yurganimni qarindosh-urug`lar haligacha gapirishadi. To`y o`tdi. Ertasi kuni qochish rejasini tuzayotgandim. Yangalarimga o`zimni xuddi taqdirga tan bergandek ko`rsatdim. Ular xotirjam, hovli etagidagi uyga chiqib ketishdi. Tezroq harakat qilmasam, hali-zamon kuyov kirib qoladi. O`sha vaqtdagi yuragimning urgani hanuzgacha qulog`im ostida jaranglaydi. Sarpodagi oddiygina ko`ylakni kiyib, derazadan sakrab uyga qochdim. Ota-onam meni ko`rib, boshlari gangib qoldi. Otam, seni hozir chopib tashlayman, deb quvladi. Oyim uyga olib kirib, chimildiq xiyonatni kechirmaydi, bolam, deya yum-yum yig`ladi. Izimdan qaynota-qaynonam etib kelib, bu hali yosh, urushmanglar, deb uyga olib ketishdi. Jin tekkanmi, ajina chalganmikin, degan o`yda azayimxon-u domlalarga o`qitishdi. Baribir kor qilmadi. Har kuni kechqurun o`zimdan bir yosh kichik qaynsinglim bilan birga yotardim. Qaynotam, o`zing tanlagan qiz, endi chidaysan-da, deb erimni yupatdi. Oradan qirq kun o`tib, chillamiz chiqqanida ham, men hali bokira edim. Ering o`qishga ketishi kerak, sen ham birga ketasan, deb meni unga qo`shib jo`natib yuborishdi. Faqat poytaxtga kelgachgina, biz haqiqiy er-xotindek yashay boshladik. O`sha damlardagi erimning bardoshiga, qaynota-qaynonam ning vazminlik qilganlariga shukr qilaman. Hozir uchta bolaning onasi, suyukli rafiqaman.

Шарҳлар