Му5
8

KELINOYINING KIRDIKORLARI...

Mutolaa 02.01.2018, 11:22
4702
KELINOYINING KIRDIKORLARI...

Sherali qizchasini ayvonda erkalab o`tirgan Buvsaraga er ostidan boqarkan, yuragi hapriqib-hapriqib ketar, shayton uni kennoyisi tomon chorlab, quchishga, erkalashga undardi.

— Nimalar bo`lyapti o`zi? — o`z uyi, ichkarida supur-sidir qilish bilan band xotini Madinaga o`g`rincha ko`z tashlab o`ylardi u. — Akamning xotinini yaxshi ko`rsam, o`z jufti halolim bilan ovungim kelmasa, unga e`tiborsizlik qilayotgan bo`lsam!.. Axir, akam yaqinda mardikordan keladi! Yana uning ko`zlariga qaray olmay azob chekaman! Yana qizchamni suyib-erkalayotganini ko`rib ko`nglim eziladi!.. Yo`q, nega endi? Axir, men akamning bir umr tirnoqsiz o`tib ketishini istamadim! Vijdonimni sotib bo`lsa-da, unga qizcha hadya etdim. Buning nimasi yomon. Faqat… Xotinining bag`riga kirganimda, Buvsaraning lablaridan bo`salar olganimda… Eh, dunyo ham shunchalar tor bo`ladimi?.. Odam shu qadar ojiz bo`ladimi?..

— Voy, amakisi, qarang, biz nimalar oldik do`kondan?!. — Buvsara miyig`ida sirli kulish qilib endi-endi tetapoya bo`la boshlagan qizchasi Dilnozani qo`lidan etaklab Sheralining qarshisida to`xtadi. — Qani, amakimizga nima deymiz?..

Sherali battar ezilib qizchani qo`liga oldi va yuzlaridan o`pib mahkam bag`riga bosdi.

— Oh, qizalog`im, — birov eshitib qolmasligi uchun ohista shivirlardi u. — Seni har kuni, har soniyada sog`inaveraman. Ana, hademay, dadang keladi. Undan keyin seni bunchalar bag`rimga bosish qayoqda deysan?!.

— Bugun kechqurun kirasizmi? — asta so`radi Buvsara.

— Qaerga?.. — Sherali xuddi hech narsadan bexabardek kennoyisiga hayrat aralash tikilib qaradi.

— Qaerga bo`lardi? Biznikiga-da!..

— Ha-ya… Sharoitga qarayman, Buvsara! — dedi Sherali o`z uyi tarafga ishora qilib.

— Voy, namuncha o`sha xotinchangizdan qo`rqmasangiz? Uxlagandan keyin sekin bir soat, yarim soatga chiqib ketsangiz bo`ladi-ku!.. Axir, sizni sog`inganman!..

— Akamdan… Akamdan xavotirdaman, Buvsara!.. Tuyqusdan kep qolsa…

— Kelmaydi… Bunchalik ham quyonyurak bo`lmang…

— Bo`pti, kech tushaversin-chi, ko`rarmiz!..

* * *

Qishloqqa tun cho`kdi. Sherali qorni ancha bilinib qolgan Madinaga ko`chaga chiqib ulfatlari bilan birpas o`tirib kelishni bahona qildi-yu, tomorqa tomonga o`tdi. Buyoqdan akasining uyiga kirib olish o`ng`ay edi. Derazasining bittasi tomorqaga qaragan, Buvsara shu derazani ochib qo`yishiga ishonardi…

Ochiq ekan. Ehtiyot shart to`rt tomonni ko`zdan kechirib oldi-da, deraza oshib chiroqlari o`chirib qo`yilgan xonaga tushdi.

Buvsara qizchasini allaqachon uxlatib, ko`rpaga oyoqlarini o`ragancha Sheralini kutib o`tirardi.

— Oh, o`zimning qaysarginam! — Sherali o`ringa cho`kkan zahoti ayol uning pinjiga kirdi. — Uylanganingizdan beri ko`p kutdiradigan bo`lib qoldingiz-a?.. Meni umuman o`ylamay qo`ygansiz.

— Axir, tushunsang-chi, — shivirladi Sherali. — Biryoqda akam, bir yoqda Madina… Uyam mayli, akamdan xavotirdaman. Har ko`rishganimda xuddi menga ola qarayotganday bo`laveradi. Bilib qolmadimikan deb ichimdan zil ketaveraman.

— Bilmaydi. — dedi qat`iy ohangda Buvsara. — Bilganda nima?.. Men… Sizni sevib qolganman.

— Ahmoqlik qilma. Men azbaroyi akamning kelajagi uchun, tirnoqqa zor bo`lib o`tmasligi uchun shunday qilganman.

— Nima, sevmaysizmi meni? — o`pkalangannamo Sheraliga tikildi Buvsara. — Ayting, zarrachayam yoqtirmaysizmi?..

Ayoldagi yoqimli va necha yillardan beri qadrdon bo`lib qolgan is Sheralini yolg`on gapirishga qo`ymasdi. U inon-ixtiyorsiz ayolga talpindi…

— Jinnivoy, seni sevmay bo`larkanmi?.. Jonimdan ortiq sevaman…

— Xotinchangiz o`g`il tug`armishmi? — so`radi Buvsara uni o`zidan itarib.

— Senga buni kim aytdi?

— Bugun kunduzi o`zi aytib qoldi. Tekshirtirganmish. «UZI»dagilar o`g`il deyishganmish.

— O`g`il bo`lsa o`g`ildir-da!..

— Yo`q, o`g`ilni siz menga va`da qilgansiz. Nega endi u tug`ishi kerak?

— Jinni bo`psan. Axir, u xotinim!

— Menam xotiningizman. Mana, quchog`ingizda yotibman. Demak, menam jisman siznikiman…

— Bo`pti, — ayolni tinchlantirgan bo`ldi Sherali. — Senam bir o`g`il tug`asan. Va`da beraman!..

— Menga qarang, Sherali, — Buvsara kutilmaganda endigina ketmoqchi bo`lgan Sheralining elkasidan ushlab o`ziga qaratdi.

— Nima deysan?..

— Muncha yoqalaringiz kir bo`p ketibdi?.. Qarang, dog`larni! Xotinchangiz qaramayaptimi sizga?..

— O`zim bilmay kirlagan ko`ylakni kiyib olibman shekilli. — o`zini oqladi Sherali. — Hozir kirib almashtirib olaman.

— To`g`risini aytsam, o`sha Madinani anchadan beri kuzatib yuribman. Judayam farosatsiz ekan. Ishonasizmi, ovqat qilyapti-yu, chala yuvilgan kapgirni qozonga tiqyapti. Ayol degani sal ozoda bo`lsa-da!..

Sherali indamadi. U sezib turardi. Buvsara atayin uni Madinadan sovitish uchun shu gaplarni gapiryapti.

Biroq… Negadir alam qildi… Erkak bo`lib xotini to`g`risida bu taxlit gaplarni eshitish unga og`ir botdi. Bilmaydi… Negadir yuragi g`ash tortib Buvsara bilan sovuqqina xayrlashdi-yu, uyiga yo`l oldi…

* * *

Ichkariga kirib borganda, Madina karavotda o`tirgancha qandaydir kitobni varaqlash bilan band edi. Ostonada paydo bo`lgan erini ko`rib dast o`rnidan turdi.

— Ovqat eysizmi? — ohista so`radi u Sheralidan.

Sherali unga er ostidan o`qrayib qarab oldi-da, xotiniga o`shqirdi.

— Ovqat beradigan odam allaqachon dasturxon tuzab qo`yishi kerakmasmidi?..

Madina bunday muomalani kutmagan ekanmi, birdan qovoqlari uyilib ortga tislandi.

— Sizning qachon kelishingizni bilmadim-da!.. — dedi eshitilar- eshitilmas.

— Ishqilib, ovqat qilayotib toza kapgir ishlatganmisan? — hamon so`z ohangini o`zgartirmay so`radi Sherali.

Madina yalt etib unga boqdi.

— Biror marta yuviqsiz kapgirda ovqat qilganimni ko`rganmidingiz?

— Ko`rganman. Shuning uchun ham so`radim. Qara, uyning ahvolini!.. Manavi changlarni ko`r!.. Shuniyam kelinli uy deb ataydilarmi?..

Sherali yo`q joydan bahona qidirib baqirar, qo`rqib ketgan Madina zir yugurib shom mahali tozalab qo`ygan joylarni qaytadan supur-sidir qilar, hovlining bir chetida esa, Buvsara bu janjalga miriqib quloq tutardi…

* * *

Oradan uch-to`rt kun o`tib akasi Shomirza mardikordan qaytib keldi. U erta tongda kirib kelganda, Sherali endigina uyqudan uyg`onib hovlida yuz-qo`llarini chayayotgandi. Akasining ovozini eshitib dast o`rnidan turdi.

Shomirza oldiga qoqila-qoqila chopqillab kelgan Dilnozani dast ko`tarib oldi-da, erkalab o`pa boshladi…

Bu Sherali uchun naq dahshatning o`zi edi.

Har gal akasi qizchani qo`liga olganda yuragi orqaga tortib, ko`zlari chaqnayveradi. Bir tomondan «bilib qolmasin-da», degan vahimali o`y miyasini kemira boshlasa, ikkinchi tomondan o`z pushti kamaridan bo`lgan bolasini u emas, akasi erkalayotgani alam qilib qo`yardi. Biroq tez o`zini qo`lga olardi. Bilardiki, u qizchani aynan akasi uchun hadya qilgan. Mana shu narsa Sheraliga taskin berar va Shomirza bilan avvalgidek munosabat yurita boshlardi.

— Kelmaysanmi? — turgan eridan baqirdi Shomirza. — Nega qotib qolding?.. Yo tanimayapsanmi-a?

— Yo`g`-e, — Sherali majburan kulimsirab qo`lidagi sochiqni dorga ildi-da, akasiga peshvoz chiqdi. — Ota-bola ko`rishayotganlaringni tomosha qilayotgandim-da!

— Kel, ukajon, seniyam bag`rimga bosay! — Shomirza quchog`ini ochdi. — Men yo`g`imda kennoyilaringdan ko`z quloq bo`lib turasan, axir! Yo`qligimni bildirmaysan!.. Yaxshiyam sen bor ekansan peshonamda!..

Sherali bu gapni eshitdi-yu, g`alati bo`lib ketdi. Xayolida xuddi akasi hamma gapdan xabar topgan-u, atayin kinoya qilayotgandek tuyulib ketdi…

— Rahmat, aka! — deya oldi zo`rg`a. — Yaxshi borib keldingizmi, ishqilib?

— Zo`r bo`ldi ish! — maqtangannamo ko`krak kerib qo`ydi Shomirza. — Insofli odamlarga tushib qoldim. Ishlagan haqimga qo`shib ham berishdi.

— Xayriyat… Endi… Ketmaysizmi?..

— Hozircha yo`q. — dedi Shomirza. — Uylarni sal tartibga keltirmasam bo`lmaydi…

Buvsara derazadan aka-ukaning suhbatini eshitib turardi. Erining ketmasligidan xabar topgach, zarda bilan derazani yopdi-da, ichkariga o`zini urdi.

Chunki, u shu kecha Sherali bilan uchrashishni rejalashtirib qo`ygandi…

* * *

— Bechora akam, — o`ylardi Sherali oradan uch kun o`tib yana Buvsara bilan paxta ekiladigan maydonda uchrashib qaytarkan. — Mening ablahligimdan, xiyonatkorligimdan, sotqinligimdan bexabar u. Men bo`lsam, bemalol bu yorug` dunyoda mana shu havodan nafas olib bemalol yuribman. Axir, nega shunday qilyapman? Ikki o`t orasida qolib ketdim-ku! Buvsara quchog`imga kirsa, yog`day erib ketaman, hamma narsani unutaman. Shu ayolga borlig`imni hadya etgim kelaveradi. Akam bilan yuzma-yuz kelganimda esa, vijdon azobida o`rtana boshlayman. Nima o`zi bu?.. Nimaga boshida o`ylamadim? Akam farzandli bo`lsin deb og`ir gunohga botdim-ku! Bu gunohlarimni Xudo kechirarmikan? Yo`q, kechirmaydi. Mana, bugun ham akam uyda uxlayapti. Men bo`lsam, uning tan mahrami bilan aysh qilib uyga qaytmoqdaman…

Sherali uyga yaqin kelganda birdan to`xtadi. Orqasidan shippagini sudragancha kelayotgan Buvsaraning yaqinlashishini kutdi.

— Nega to`xtab qoldingiz? — yaqin kelib so`radi Buvsara. — Biror gap bo`ldimi?

— Menga qara, iltimos, endi uchrashmaylik! — dedi Sherali erga boqib.

— Nega? Nega unday deyapsiz? Joningizga tegdimmi?..

— Yo`q, aslo unday emas. Akamning oldida bosh ko`tarib yurolmas bo`ldim. Tushunsang-chi!..

— Bilaman. — ohista shivirladi Buvsara. — Ba`zida o`zim ham u kishining ko`zlariga tik qarab gapira olmaydigan bo`lib qolganman. Ammo… Ne qilayki, siz ko`z oldimdan ketmaysiz. Siz… Siz… Boshqachasiz… Yo`q, buni tushuntirib bera olmayman… Qo`ying, bo`lar ish bo`lgan. Mana, Dilnozaniyam sizdan tug`dim-ku, axir!.. Endi hammasini orqaga qaytarishning iloji yo`q.

— Iloji bor. — Sherali Buvsarani elkasidan tutib o`ziga qaratdi. — Senam o`zingni qo`lga ol. Menam o`zimni tutib olishga harakat qilaman. Qo`y, akamning yuziga ortiq oyoq qo`ymaylik. Yaxshi emas…

Buvsara hech narsa demadi… Beixtiyor ko`zlariga yosh kelib unsiz piqillagancha uyiga kirib ketdi…

* * *

— Yo`q, u xotinchasi tufayli mendan kechmoqchi! — o`ylardi Buvsara ko`rpaga burkanib olgancha unsiz yig`lab. — O`g`il tug`ib bermoqchi-da u!.. Endi bu kishimning ko`zlariga Dilnoza ko`rinmay qolgan!.. Va`dalari-chi? U qilaman, bu qilaman deb bosh-ko`zimni aylantirgandi!.. To`xtab tur hali sen, kuningni ko`rsataman! Sheralini osonlikcha senga berib qo`yadigan ahmoq yo`q!..

Ko`r-ko`rona rashk Buvsarani butkul aqdan ozdirgandek edi. U tuni bilan uxlamasdan, ovsinidan qanday o`ch olish yo`llarini qidirdi. Oxiri topdi.

Bu yo`l Sherali uchun ham, o`zi uchun ham juda qulay va foydalidek tuyulaverdi…

Erta tongda turdi-yu, o`zi tanigan, ishongan dugonasinikiga yo`l oldi. Unda dorining turidan bo`lardi…

Turli bahonalar bilan dugonasidan dori ham undirdi.

* * *

Ikki mahalla naridagi o`sha ayolnikiga borib kelishi uchun ko`p vaqt ketmadi.

Bu ishda ehtiyotkorlik zarurligini juda yaxshi bilardi. Ehtiyot shart, avval Sheralining uyi tarafga, so`ngra eri va qizchasi yotgan xonaga ko`z tashladi. Jimlik. Beixtiyor yuragi g`ash tortib birpas turib qoldi.

— O`zi bunaqa ishga qo`l urib ko`rmagan odamning yuragiyam bezovtalansa kerak-da! — o`yladi u uf tortib.

Shundan so`ng yugurib oshxonaga kirdi-da, deraza tokchasida turgan kosaga dorini solib qo`ydi.

Ha, shunday qilgani ma`qul. Agar ichkariroqqa berkitsa, Xudo ko`rsatmasin esidan chiqib qolsa, nima bo`ladi? Bunaqasi kam bo`lganmidi…

— Betingdan buzilgur qora mushuk! — o`zicha g`udranib tashqariga yo`l oldi Buvsara. — Atayin kuyib o`lsin deydimi, qornini qappaytirib uyog`imdan o`tadi, buyog`imdan o`tadi!.. Go`ringda chiritmasam tinchimayman, qanjiq, tinchimayman!..

* * *

Oradan uch soatcha vaqt o`tib kun tikkaga keldi. Shomirza ukasini olib allaqachon shaharga mayda-chuyda xarid qilish uchun chiqib ketgan, Dilnozani esa, oshxonaga olib kirib oldiga o`yinchoqlar uyib qo`ygandi.

— Vaqt etdi! — ko`nglidan o`tkazdi Buvsara. — Qorning yorilgur ham uyg`onibdi. Yana o`zini ko`z-ko`z qilib hovli aylanib qoldi. Men darrov choy damlay-da, chaqiray yashshamagurni!..

U oshxonaga uzoqdan bir ko`z tashlagan bo`ldi-da, tandirxonaga kirib o`choqqa o`t qaladi va chovgum qaynab chiqishini kuta boshladi.

Shu orada yarim soatcha xayol surib o`tirib qoldi. Bir mahal qulog`iga qizchasining qur-qur yo`talib yig`layotgani chalindi-yu, shartta o`rnidan turib oshxonaga chopdi…

Kirib kelganda… Ne ko`z bilan ko`rsinki, Dilnoza polda yotgan ko`yi nuqul tipirchilar, cho`zib-cho`zib yo`talar, yo`tal orasida tinimsiz o`qchirdi…

— Voy, senga nima bo`ldi, bolam? — Buvsara jonholatda qiziga yopishdi. — Nima bo`ldi senga?.. Voy, bolam, ko`zingni och!.. Ko`zingni ochsang-chi, bolajonim!..

Dilnoza yana bir-ikki o`qchib yo`taldi-da, jim bo`ldi…

— Hoy, kim bor?.. Yordam beringlar! Bolam o`lib qoladi, yordam beringlar!..

Buvsara baqir-chaqir qilish asnosida nimadir esiga tushgandek, shoshib deraza tokchasiga qaradi.

Kosada dori yo`q edi…

Yuragi yorilgudek bo`lib qizining qo`lchalarini paypasladi.

Qizaloq dori o`ralgan qog`ozni kaftlari orasida mahkam changallab yotardi…

Afsuski, Dilnozani vrachlar ham saqlab qola olishmadi.

Zahar go`dakning ichaklarigacha kuydirib tashlagan ekan…

Qizchani ertasi kuni ertalab qabrga qo`yishdi.

Sayyora NURIDDINOVA

Шарҳлар