Му5
4

2014 yilning o`tgan davrida 13,6 ming dona diniy mazmundagi adabiyotlarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi

Jamiyat 05.04.2014, 11:20
2118
2014 yilning o`tgan davrida 13,6 ming dona diniy mazmundagi adabiyotlarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi

Har kim o`zi xohlagan diniga e`tiqod qilish erkinligi mamlakatimizning Bosh qomusi bilan mustahkamlanib qo`yilgan.

Ammo, fuqarolarga diniy ta`sir o`tkazish, ularni bir dindan chiqib, boshqasiga kirishga undash, shu maqsadda turli diniy mazmundagi adabiyotlarni tarqatish va boshqa xatti-harakatlarni amalga oshirish amaldagi qonunlarga ko`ra mumkin emas.

Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 10 oktyabrdagi “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini muvofiqlashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-1871-sonli Farmonining 5 ilovasiga, diniy qarama-qarshilikni targ`ib qiluvchi adabiyotlarni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlangan.

O`zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi Qonunining 19-moddasida esa chet elda nashr etilgan diniy adabiyotlarni olib kelish va tarqatish, ularning mazmuni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertizadan o`tkazilganidan keyingina amalga oshirilishi ta`kidlab o`tilgan.

Ya`ni, diniy adabiyotlarni, olib kelish, sotish va tarqatish O`zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bunda qo`mita ekspertlari boshqa davlatlardan respublikamizga olib kirilayotan diniy mazmundagi media va matbaa mahsulotlarini o`rganib chiqib, ularni respublikamiz hududida sotish, tarqatish va namoyish qilish yuzasidan hal qiluvchi xulosalarini berishadi.

Ammo, ayrim shaxslar mazkur tartiblarga rioya qilmay, turli diniy mazmundagi adabiyotlarni noqonuniy ravishda respublikamizga olib kelishga harakat qilishmoqda. Respublikamiz bojxonachilari tomonidan esa diniy adabiyotlarning noqonuniy olib o`tilishiga qarshi muntazam chora-tadbirlar olib borilmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Boshpochtamt” bojxona posti xodimlari tomonidan pochta jo`natmalari orqali diniy mazmundagi materiallarning noqonuniy olib o`tilishiga bojxona qoidabuzarliklariga chek qo`yildi.

Jumladan, fuqarolar A.Kalitovskaya hamda A.Morozov nomiga Germaniyadan yuborilgan pochta jo`natmalaridagi buyumlar orasida “Sveshennoe pisanie” nomli diniy mazmundagi kitobdan 96 dona borligi aniqlandi.

Shunga o`xshash holat fuqaro N.Tuxliev nomiga Daniyadan kelgan pochta jo`natmasida ham qayd etildi. Jo`natma amaldagi tartiblarga muvofiq bojxona nazoratidan o`tkazilganda, unda diniy mazmundagi 15 dona adabiyotlar hamda 1 dona disk borligi ma`lum bo`ldi.

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan "Kaliningrad-Toshkent" yunalishi bo`yicha uchib kelgan yulovchilardan biri I.Yagmurov bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, uning yonidagi uyali aloka vositasida diniy mazmundagi bir nechta elektron materiallar borligi aniqlandi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkmasi xuzuridagi Din ishlari ko`mitasining xulosalariga ko`ra, yuqoridagi holatlarda noqonuniy ravishda olib kirishga urinilgan diniy mazmundagi adabiyotlarni O`zbekiston Respublikasi xududiga olib kirish va tarqatish ta`qiqlangan.

Ta`kidlash joizki, 2014 yilning o`tgan davri mobaynida respublikamiz bojxona xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 284 ta qonunbuzarlik holatlarida turli shakldagi 13,6 ming donadan ortiq diniy mazmundagi adabiyotlarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona surishtiruvlari olib borilmoqda.

Шарҳлар