AsosiyJamiyat

Davlat byudjetiga etkazilgan 79 mlrd so`mlik zarar tiklandi

Avvalroq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o`tkazilgan nazorat tadbirlari va monitoring amaliyoti natijasida 79 milliard so`m Davlat byudjeti mablag`lari maqsadsiz sarflangani aniqlangani haqfida ma`lumot bergandik. Bugungi kunda esa davlat maqsadli jamg`armalari hamda xo`jalik sub`ektlari hisobiga Davlat byudjetiga etkazilgan 79 milliard so`mlik umumiy zarar tiklandi.

ShTAT JADVALIDAN ORTIQChA O`RINLAR

Hisobot davrida Hisob palatasi va Moliya vazirligi hamkorligida Namangan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida mahalliy byudjetlarni tekshirish davomida daromadlarni 1 milliard 200 million so`mga oshirish hamda xarajatlarni 5 milliard so`mga kamaytirish uchun qo`shimcha zahiralar mavjudligi aniqlandi. Jumladan, davlat boshqaruv hududiy organlari tuzilmalari uchun belgilangan shtatlar me`yoriga zid ravishda 2013 yil davomida yuqorida nomi keltirilgan viloyat hokimliklari shtat jadvallariga 73 ta ortiqcha shtat kiritilib, ularni saqlash uchun 500 million 200 ming so`m byudjet mablag`lari sarflangan.

IJTIMOIY NAFAQALAR UChUN SOXTA MA`LUMOTLAR

Hisob palatasi tomonidan 2013 yilda ijtimoiy sohalarga ajratiladigan byudjet mablag`larining maqsadli sarflanishini tekshirildi. Jizzax viloyatida o`tkazilgan tekshirishlarda bir vaqtda nafaqaning ikki turi tayinlangani, to`lash muddati o`tgan va daromadlar belgilangan mezonlardan oshiqcha bo`lishiga qaramay, soxta ma`lumotlar asosida nafaqalar to`langan. Oqibatda esa 183 million so`mlik nafaqalar noto`g`ri tayinlanib, 53 million so`m noqonuniy to`langani aniqlandi.

QO`ShIB YoZISh VA SIFATSIZ IJRO OQIBATI

Tekshirishlarda ijtimoiy soha ob`ektlarini qurayotgan pudratchilar tomonidan qurilish montaj ishlarini qo`shib yozish va sifatsiz bajarish orqali 548 million so`m byudjet mablag`larini o`zlashtirilgani, bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmlarini yashirish hisobiga pudratchilar iomonidan 164 million so`mlik soliqlar hisoblanmagani, ob`ektlarning boshlang`ich narxlarini noto`g`ri hisoblash, qurilish materiallarini asossiz ravishda oshirish kabi xatoliklar hisobiga 1 milliard 157 million so`mlik moliyaviy kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi aniqlandi. Tekshirishlarda maqsadli jamg`armalar hisobidan amalga oshirilgan qurilish montaj ishlari ham nazoratdan o`tkazilganida aniqlangan holatlarga ko`ra, 4 milliard 58 million so`m noqonuniy sarflangan.

Jumladan, Jizzax viloyatida 2 milliard 359 million so`m va Namangan viloyatida 1 milliard 700 million so`mlik mablag` maqsadsiz sarflangan. Erlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg`armasi tomonidan ajratilgan mablag`lar bo`yicha esa 479 million so`m, jumladan Namangan viloyatida 194 million so`m va Jizzax viloyatida 285 million so`mlik qonunbuzarliklarga yo`l qo`yilganligi aniqlandi.

MAXSUS DASTURLAR IJROSI QAY AHVOLDA?

Hisobot yilida davlat maxsus dasturlarning, jumladan qishloqlardagi uy-joylar qurilishi ham nazoratda o`tkazildi. Namangan viloyatida uy-joylar qurilishida ish hajmiga haqiqatda bajarilmagan 2 milliard 617 million so`mlik ishlar qo`shib yozilgan. “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi viloyat bo`limi tomonidan pudratchilarga smetada ko`zda tutilganiga nisbatan imtiyozli narxlarda 272 million so`mlik 170 tonna metal prokati ortiqcha va 329  million so`mlik 438 metr kub yog`och materiallari kam taqsimlangan.

Viloyatda 2010-2012 yillarda qurilgan 51 ta massivlarning deyarli yarmida bozor infratuzilmasi va ijtimoiy ob`ektlar qurib bitkazilmagan. Yangi qurilgan massivlarda gaz va suv tarmog`i tortish ishlari oxiriga etkazilmagan bo`lib, ichki yo`llarni qurish ishlari 12,3 kilometrga yoki 25 foizga bajarilgan.

Jizzax viloyatida uy-joylarni topshirish muddatidan 8 oy o`tgan bo`lsa-da, 23 ta pudratchi tomonidan 1 milliard 971 million so`mlik ishlar bajarilmagan. 9 ta massivda 16 ta pudratchi shartnomalarga asosan 1 milliard 197 million so`mlik ishlarni bajarmagan bo`lsa-da, uy-joylar davlat qabul qilish hay`ati tomonidan qabul qilingan.

Surxondaryo viloyatida yangi barpo etilgan massivlarda 20 ta ijtimoiy va bozor infratuzilma ob`ektlari qurib bitkazilmagan.  

Qog`ozda bor-u, amalda...

Namangan viloyati bo`yicha 2011-2012 o`quv yillarida kasb-hunar kollejlarini yakunlab, ishga joylashtirilgan 5744 nafar bitiruvchilardan 1018 nafariga jamg`arib boriladigan pensiya ta`minoti tizimi bo`yicha hisob raqamlari ochilmagan. Ishga joylashtirilgan bitiruvchilarni haqiqatda ishlayotgani 1313 nafar bitiruvchi misolida o`rganilganda ularning 1030 nafari yoki 78 foizi amalda ishlayotgani ma`lum bo`ldi.

Surxondaryo viloyatida 47 00 nafar bitiruvchining mehnat bilan bandligi amalda ta`minlanmagan bo`lsa-da, ularning ishga qabul qilinganligi to`g`risidagi mehnat shartnomalari va buyruqlar soxtalashtirilib hisobotlarda soni oshirib keltirilgan. Bitiruvchilarning 1398 nafari vaqtincha ishlash maqsadida xorijga chiqib ketgan bo`lsa, 523 nafar bitiruvchi umuman ishga joylashmagan. Shuningdek, 360 ta holatda bitiruvchilar amalda tugatilgan yoki faoliyat ko`rsatmayotgan korxonalarga ishga qabul qilinganligi to`g`risida soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Bu esa joylarda ish o`rinlarini, shuningdek, kasanachilik ish o`rinlarini yaratilishida ham muammolar borligini ko`rsatmoqda.

DIPLOMI SOXTA O`QITUVChILAR

Hisob palataning 2013 yilgi faoliyati davomida aniqlanishicha, faqatgina 3 ta viloyatning o`zida faoliyat yuritayotgan 122 ta ta`lim muassasasidagi 138 nafar o`qituvchilarning oliy ma`lumoti to`g`risidagi diplomlari soxtaligi aniqlangan.

Ushbu diplomlar asosida ularning ish haqi va ajratmalari uchun jami davlat byudjetidan 2 milliard 751 million so`m, o`tayotgan fanlariga diplomi bo`yicha mutaxassisligi to`g`ri kelmaydigan 155 nafar o`qituvchiga 120 ming 952 o`quv soati berilib, ularning ish haqi to`lovlariga 879 million so`m byudjet mablag`lari noo`rin sarflangan.

MAS`ULLAR NIMA DEYDI?

Ushbu holatni ijobiy tomonga o`zgartirish va bu kabi muammolarning oldini olish bo`yicha belgilangan aniq chora- tadbirlar haqida Xalq ta`limi vazirining o`rinbosari Ulug`bek Abruev ma`lumot berdi:

— O`qituvchilarimizni qaysi vaqtda qaysi diplom bilan tugatgan bo`lsa, o`sha diplomlarni axborot bazasini shakllantirishni o`zimiz uchun asosiy yo`nalish sifatida belgilab oldik. O`ylaymanki, yaqin bir-ikki oy mobaynida bu baza yaratiladi. Asosiy muammolarni shuning hisobiga hal qilishga erishamiz.

ShUNINGDEK...

Aholining turmush darajasini yaxshilash, ularga qulay yashash shart-sharoitlarini ta`minlab berishga mamlakatimizda doimiy e`tibor qaratilmoqda.

 Biroq hisobotda keltirilishicha, bu yo`nalishdagi ishlar barcha joylarda ham birdek ijobiy hal etilayapti, deyish mushkul. Ma`lumotlarga ko`ra, Hisob palatasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2008-2012 yillarda Surxondaryo viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi to`g`risidagi 136-sonli qarorining ijrosi o`rganilgan.

Ma`lum bo`lishicha, ushbu loyiha uchun yo`naltiriladigan mablag` 1 milliard 425 million so`m etib belgilangan. Loyiha doirasida esa 34 ta aholi punktida ichimlik suvi inshooti va 61 km. ichimlik suvi tarmoqlarini ta`mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ammo joylarda aholining toza ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash dolzarb bo`lib turgan bir vaqtda ushbu davlat dasturida ko`zda tutilgan chora-tadbirlarning bajarilmay qolishiga nima sabab?

O`zbekiston ekologik harakati deputatlik guruhi vakili Tohir Toshboev shu savolni o`rtaga tashladi.

VAZIYaT QANDAY ShARHLANADI?

Olimjon Ahmedov, “O`zkommunxizmat” agentligi bosh direktorining o`rinbosari:

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta`minoti bo`yicha bir qancha davlat dasturlari qabul qilingan. 2013 yilni qaraydigan bo`lsak, Surxondaryo viloyatiga davlat byudjeti hisobidan 9 milliarddan ortiq mablag` ajratildi. Va bu mablag`larni 2013 yil 1 iyunida bir yillik dasturni yarim yilda bajarilgani uchun bu erga davlat tomonidan yana qo`shimcha dastur ishlab chiqarilib, yana 4,5 milliarddan oshiq mablag` ajratilgan.

Ammo ikkinchi yarim yillikda ajratilgan mablag`larni o`zlashtirishda ob`ektlardagi loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqish jarayoni bor. Bu loyiha-smeta ishlab chiqilib, tasdiqlanib ekspertizadan o`tgandan keyin bu ishlar amalga oshiriladi. Bu borada amalga oshirilmagan ishlar 2014 yil dasturiga ham kiritilgan.

    Boshqa yangiliklar