Ташкент +4° Mon 20:22
Долзарб мавзулар Foto

Uy-joy uchun adashib yozilgan sertifikat mashmashasi: muammoning echimi qanday bo`ladi?

Бўлимлар: Erkin minbar
Теглар:
Добавлено: 22.01.2018, 09:58

Bir mo``jiza bo`lsaki, kimga ko`z, kimga qo`l-oyoqning butkul to`kisligi, sog`lik ato eta olsang. Jamiyatda bu mo``jiza e`tibor va g`amxo`rlik deb nomlanadi. Ijtimoiy ko`makka muhtoj kishilar yurtimizda albatta qadrlanadi. Biroq… birgina xatolik sabab bunday qadrning qimmati yo`qolishi ham bor gap. Tahririyatga murojaat qilgan Orzu Halimova to`qnash kelgan masala­ bunga yaqqol isbot, deyish mumkin.

"Siz uy-joy bilan ta`minlandingiz! Ie, adashibmiz..."

Orzu Halimova: “Men Qarshi shahri “Chaqar” MFY Xosiyat Lutfullaeva ko`chasi 13-uyda istiqomat qilaman. Turmush o`rtog`im II guruh nogironi, to`ng`ich o`g`limning ko`zi ojiz, qizim turmushga chiqqan va bir o`g`lim kollej o`quvchisi. Oilaviy sharoitim bo`yicha tegishli joylarga ko`p murojaat qilganman. Mana, 2017 yil 5 avgust sanasida Qashqadaryo viloyat hokimligida bo`lib o`tgan katta tadbirda meni Prezident maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov “dori-darmon va uy-joy bilan ta`minlandingiz”, deb tabrikladilar. Uy-joyga egalik qilish huquqini beruvchi sertifikatni topshirdilar. Ikki kun o`tib, Qarshi shahar hokimligiga sertifikatga muvofiq uy haqida so`rash uchun bordim. Shahar hokimiyatida Rayhon Sherova bilan ko`rishgandim, ular “Sertifikatni adashib berib yuborishibdi. Aslida sizga 7 mln. so`m moddiy yordam berilgan”, dedi. Men keyin ularga “adashishgan bo`lsa, nega o`sha taqdirlash kunidayoq aytilmadi”, desam yana moddiy yordam puli berilishini tak­rorladilar. Mana shu kungacha yozma, og`zaki murojaatlarimga faqat shu 7 mln. so`mni ro`kach qilishadi. Berilgan sertifikat xo`jako`rsingamidi? 2017 yilning sentyabrida viloyat xalq qabulxonasiga shu muammoni bildirganimdan so`ng viloyat hokimi muovini kelib, hozirgi yashab turgan uyim oldiga qo`shimcha uy solishni, gaz to`lovlari to`lab berilishini yoki 7 mln. so`m pulni olish taklifini aytdi. Lekin bu uy ta`mirlangani bilan baribir buzilarkan.

Mening iltimosim, agar ko`p qa­vat­li uy berishmasa, boshqa joydan er va 10 mln. so`m berilsa, nochor ahvolimiz o`nglanishiga yordam bo`lardi”.

Xatolik tan olindi...

Qarshi shahar xotin-qizlar qo`mitasi bosh mutaxassisi Nasiba­ Hikmatova quyidagicha izoh berdi:

— Imkoniyati cheklangan fuqaro­larga Prezidentimiz tomonidan shu qadar yordam ko`rsatilyaptiki, bunaqasi hech qaysi davlatda uchramagan. Nogironlarga tibbiy moslamalar, aravacha, boshlang`ich badali to`langan uylar, uyini ta`mirlash uchun moddiy yordam, tikuv mashinalari topshirilyapti.

O.Halimovaning turmush o`rtog`i Doniyorov Shukurullo nomida 2 sotixli uyi bor. Faqat rostdan ta`mirtalab bo`lgani bois mablag` ajratilishi uchun sertifikat berilgan. “Uy-joyga egalik qilish huquqini beruvchi” sertifikat esa xato berib yuborilgan. Sertifikatni esa viloyat hokimligi bergan, biz yozmaganmiz. Masalan, bir fuqaromiz Katya Konoplyovaga uyga ega bo`lish uchun boshlang`ich badali to`lab berilgan. Qolgan shart­noma pulini oyma-oy mehnat qilib to`lab beraveradi. Chunki uning holati belgilangan talab qilinadigan hujjatlarga mos keladi.

Boshlang`ich badali to`lab beriladigan uyga egalik huquqi uchun qu­yi­da­gi talablar nazarda tutiladi:

Fuqaro nomida uy bo`lmasligi kerak.

O`zining va oila a`zolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjati.

Nogironligi bo`yicha hujjat.

Tibbiy xulosa.

MFY fikri, dalolatnomasi.

Uyi va oilaviy sharoitidan foto-dalillar.

Oilaviy daromadi, ya`ni ish haqi to`g`risida ma`lumotnoma.


"Bunaqa xato qilish mumkin emas..."

Baxtiyor BOTIROV,

O`zbekiston nogironlar jamiyati Qashqadaryo viloyat hududiy bo`limi raisi:

— Vohamizda ko`ngli mehrga mush­toq nogironlarning yashash ah­volini en­gillashtirish bo`yicha ko`p tadbirlar, qo`llab-quvvatlashlar amalga oshirildi. Masalan, Muborak tumanidagi nogironlarga 7 ta aravacha, Qarshi shahrida 350 nafardan ziyod imkoniyati cheklanganlarga osh tarqatilib, sovg`alar ulashildi.

Umuman, shahar va tumanda yashovchi nogironlarga eshitish moslamasi, aravacha, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Qashqadaryoda umumiy ro`yxatdan o`tgan 53000 dan ziyod nogironlar bo`lib, shundan 8500 nafari 16 yoshgacha hisoblanadi.

Orzu Halimovaning murojaatiga o`z fikrimni bildirsam, aslida nogironlarni uy bilan ta`minlash yoki ta`mirlab berish masalalari bilan xotin-qizlar qo`mitasi, prokuratura, mahalliy hokimiyat, mahalla shug`ullanadi. Bizning jamiyat nodavlat, moliyalashtirilmagan. Shuning uchun bu holatga aralashmaganmiz. O`zim ham I guruh nogironiman. Murojaat qilgan ayolni yaxshi tushunib turibman. Sertifikatni adashib topshirishgani albatta noto`g`ri. Bunaqa xato qilish mumkin emas. Menimcha, muammoga echim topilmasa, o`sha fuqaro 7 mln. so`mni olib, keyin viloyat Xalq qabulxonasiga murojaat­ qilsin. Balki saxovatli homiy topilar...


QISSADAN HISSA: qo`shimcha 2 sotixli er maydoni beriladigan bo`ldi

Rayhon ShEROVA,

Qarshi shahar xotin-qizlar qo`mitasi raisi:

— Fuqaro Orzu Halimova uyi ta`mirtalab ekanligi uchun qurilish materiali — shifer so`rab ariza bilan murojaat qilgan. Biz ular istiqomat qilgan mahalla fuqarolar yig`ini faollari bilan oilaviy sharoitini o`rgandik. Moddiy yordam sifatida 7 mln. so`m pul ajratildi. Uy-joyga egalik huquqini beruvchi sertifikatda adashib yozilgan. Davlat imkoniyat yaratyapti-ku, 7 mln. so`mga yana sarmoya qo`shib yangi uy badalini to`lashi mumkin-ku. Shuni tushunishni istashmayapti. Fuqaromizning vaziyatini tushunib, ularga qo`shimcha 2 sotixli er maydoni berishga kelishdik.

Xulosa o`rnida

Aslida bunday ishlarda o`ta hushyorlik va jiddiy yondashuv talab etiladi. Murojaatchining ahvolini ham tushunsa bo`ladi, hammaning oldida sizni uy-joy bilan ta`minlaymiz, deb keyin ertasi kuni adashibmiz deyilsa, ko`ngliga og`ir botishi, umidlari chil-chil bo`lishi tabiiy. Mutasaddilar ijtimoiy ko`makka muhtoj kishilar bilan ishlashda e`tiborli bo`lganlarida yuqoridagi muammoli vaziyatlar, tushunmovchiliklar kelib chiqmagan bo`lardi.

Dilso`z BO`TAEVA

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Shou-biznes

SUG'DIYONA