Долзарб мавзулар Foto

Bolalaridan xabar olgan ona ruhi

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 22.01.2018, 18:41

Aksariyat odamlarni o`limdan keyingi hayot qiziqtiradi. Meni ham bu savol ko`p o`ylantirgan. Ammo hayotimda bo`lib o`tgan bir voqeadan keyin insonning jismi o`lsa-da, ruhi abadiy qolishiga, yaqin insonlaridan xabar olishiga ishondim. Sizga hayotimda bo`lib o`tgan bir voqeani hikoya qilib bermoqchiman... Ismi-sharfimni oshkor etishni istamadim.

Onam uzoq davom etgan og`ir xastalikdan keyin 34 yoshda vafot etdi. Men o`shanda to`qqiz, singlim etti, ukam esa besh yoshda edi. Hali bola bo`lganimiz uchun o`lim degan so`zning ma`nosini tushunmasdik. Onamning jasadini ko`mish uchun olib ketishayotganda ham singlim bilan bir burchakda qo`g`irchoq o`ynab o`tirardik. Buvimning, xolalarimning dodlab, uvvos solib yig`lashlari yuragimizga qo`rquv solsa-da, boshimizga qanday musibat tushganligini hali his qilmagandik. Onamning barcha ma`rakalari o`tgandan keyin biz buvimning qo`lida qoldik. Dadam esa uydan erta chiqib ketar, qosh qorayganda qaytar, deyarli biz bilan ishi bo`lmasdi. Buvim esa ro`zg`or tashvishlari bilan ovora bo`lib, singlim va ukamga qarashni menga topshirib qo`ygandi. Shunday kunlarning birida hovlida o`ynab o`tirganimizda, onamning bizni tomosha qilib o`tirganiga ko`zim tushdi. Uning qachon oldimizga kelganini payqamabman. Onamning rangi oqarib, ozib ketibdi. Ustidagi uzun oq ko`ylagi to`pig`icha tushgan, oyoqlari ko`rinmasdi. Men uning yuzlarini aniq ko`rdim, so`zlarini eshitdim. Shundan keyin onam har kuni keladigan bo`ldi. O`ynayotganda urishib, biror nimani talashib qolsak, bizga tanbeh berar, ajratib qo`yar, jimgina bizni kuzatib o`tirardi. Uni faqat men emas ukam va singlim ham ko`rardi. Onamning qabrini ziyorat qilishga ketayotgan xolalarimni ko`rib, hayron qolardim. Axir onam qabristonda emas, uyda bizning oldimizda-ku, deb o`ylardim.

Bir kuni buvimga onam har kuni bizning oldimizga kelishini, biz o`ynayotganda kuzatib o`tirishini og`zimdan gullab qo`ydim. Mening so`zlarimdan buvim dahshatga tushib, aqldan ozganga chiqarib qo`ydi.

— Agar ishonmasangiz, ana ukam bilan singlimdan ham so`rashingiz mumkin, — dedim buvimga.

Ular ham mening gapimni tasdiqlashdi. Kechqurun dadam ishdan kelganda, buvim yig`lab, bo`lgan voqeani gapirib berdi. Shundan keyin meni turli azayimxon-u, mullalarga olib borib, o`qitishdi. Onam esa men bor gapni buvimga aytib berganimdan xafa bo`lib, boshqa kelmay qo`ydi. Endi onam ko`zga ko`rinmas, ilgarigidek bizga tanbeh berib, ajratib qo`ymasdi. Biroq men uning yonimizdaligini, kuzatib o`tirganligini ich-ichimdan his qilardim. O`n yil mobaynida onamni biror marotaba ko`rmadim, uni his qilganim uchun o`zimni xotirjam sezardim.

Maktabni bitirganimdan keyin uyimizdan sovchilar arimay qoldi. Onadan erta etim qolib, barcha ro`zg`or ishlarida buvimga yordam berganim tufayli qishloqda mehnatkash qiz, degan nom qozondim. Shundanmi, meni kelin qilishni orzu qilgan odamlar ko`p bo`ldi. Mahallamizdagi oddiygina oilaning farzandi bo`lgan yigitga rozilik berdim. To`yim bo`ldi. To`y kuni onamning o`rni juda bilindi. O`sha kuni uni tushimda ko`rdim. Onam sochlarimni silab, menga baxt tiladi. “Hali ko`rasan, albatta sening oldingga qaytaman”, deb yupatdi. Kelin bo`lgan oilam juda o`ziga to`q bo`lmasa-da, har qalay juda kambag`al ham emasdi. Turmush o`rtog`im ham kamsuqum, mehnatkash yigit edi. Ona mehriga zor bo`lib o`sganligim tufaylimi, qaynonam bilan tezda til topishib ketdim. Qaynona-kelin o`rtasida bo`ladigan mojarolar bizga begona edi. Uni o`z onamday qabul qilib, dashnomlariga ko`p ham e`tibor bermasdim. Homilador bo`lganimda esa to`qqiz oy mobaynida qaynonam meni eru-ko`kka ishonmay, g`amxo`rlik qildi. Ko`zim yorishidan bir kun ilgari tushimda onamni ko`rdim. U judayam xursand, bir gapirib, o`n kulardi. “Ana senga aytgandim-ku, qaytaman, deb. Mana oldingga keldim. Endi hech qachon tashlab ketmayman” dermish...

Uyqudan cho`chib uyg`onganimda, qornimda qattiq og`riqni his qildim. Meni to`lg`oq tutayotgan edi. Tug`ruqxonaga borganimdan qiynalmay, ko`zim yoridi. Qizchalik bo`ldim. Uni ilk marotaba qo`limga olganimda ko`zlarimga yosh quyuldi. “Ona qizim”, deb erkaladim. Turmush o`rtog`im bilan agar qiz farzand ko`rsak onamning ismini qo`yamiz, deb kelishgandik. Qizimga onamning ismini qo`ydik. Men uni hozir “Onajon” deb chaqiraman. Tushimda onamning “hali oldingga qaytaman”, degan so`zlarining ma`nosiga tushunganday bo`laman.

Onamning vafotidan keyin ko`zimga ko`ringanini uning arvohi oldimga kelgan, deb ishonch bilan aytolmayman. Balki u arvoh bo`lgandir, balki onamni qattiq sog`inganimdan bolalarcha beg`uborlik bilan xayolan tiriltirgandirman...

Nima bo`lgan taqdirda ham shu voqeadan keyin inson ruhining abadiyligiga ishondim.

Qizning so`zlarini Lola Shoimova oqqa ko`chirdi

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA