my5
Sevimli

Sud 18 oylik chaqalog`ini sotmoqchi bo`lgan ona va uning jinoiy sherigiga hukm chiqardi

Jinoyat 31.01.2018, 15:00
Sud 18 oylik chaqalog`ini sotmoqchi bo`lgan ona va uning jinoiy sherigiga hukm chiqardi

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida yashovchi M.Q. o`tgan yilning noyabr oyida o`z qizini sotmoqchi bo`lganida viloyat ichki ishlar xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo`lga olingan edi.

Sherobodlik tanishi T.X. bilan jinoiy til biriktirib, 18 kunlik chaqalog`ini 500 ming so`mga pullamoqchi bo`lgani haqidagi bunday voqealarni eshitganda, xalqimizning “Bukrini go`r tuzatadi”, degan maqoli beixtiyor yodga tushadi, deb yozadi O`zA.

Foydali mehnat bilan shug`ullanmagan M.Qning yurish-turishi farzandlari tarbiyasiga ham salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin edi. Ichki ishlar idoralari xodimlari, jamoatchilik uni bu yo`ldan qaytarishga urindi. Biroq, foydasi bo`lmadi. Natijada jinoyat ishlari bo`yicha Surxondaryo viloyati Jarqo`rg`on tuman sudining 2017 yil 26 maydagi hukmiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi, 2-qismi bilan aybdor deb topilib, unga eng kam oylik ish haqining o`n barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Qilmishi bo`yicha ehtiyot chorasi sifatida “munosib xulq-atvorda bo`lish haqidagi tilxat qo`llanildi”. Lekin, bundan tegishli xulosa chiqarmay yana jinoyatga qo`l urdi. Ona degan muqaddas nomga dog` tushirdi.

M.Q.ning jinoiy sherigi T.X. esa to`rtinchi marta sudning qora kursisiga o`tirdi. Ilgari xavfli qilmishlari uchun tayinlangan jazo muddatlarini o`tab chiqqan bu kimsa, qayta jinoyat sodir etdi. Norasida go`dakni sotishga sherik bo`ldi. Jinoyat ishlari bo`yicha Surxondaryo viloyat Qiziriq tuman sudida hukm o`qildi. M.Q. besh, T.X. olti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Odil sud majlisida M.Q.ning voyaga etmagan bir qiz va bir o`g`lini mehribonlik uyiga, sotmoqchi bo`lgan chaqalog`ini esa bolalar uyiga topshirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Шарҳлар