my5
Sevimli

Qozog`iston fuqarosi chegarada narkotik modda bilan qo`lga tushdi

Jinoyat 05.02.2018, 16:35
Qozog`iston fuqarosi chegarada narkotik modda bilan qo`lga tushdi

Mamlakatimizda giyohvand moddalar savdosi va iste`moliga qarshi keskin chora-tadbirlar ko`rilmoqda. Bu borada Sirdaryo viloyati bojxona xodimlari tomonidan narkotik savdosi bilan shug`ullanadigan guruhlar faoliyatini aniqlash va ularga chek qo`yish, kontrabanda kanallarini yopish, giyohvand o`simliklar maydonlarini yo`q qilish va giyohvandlik illati yoyilishining oldini olish bo`yicha maxsus tadbirlar o`tkazilmoqda.

“Sirdaryo” chegara bojxona posti orqali O`zbekiston hududida piyoda harakatlanayotgan Qozog`iston Respublikasi fuqarosi Erjan Sabitovga (ism-sharifi o`zgartirilgan) tegishli qo`l yuklari xolislar ishtirokida bojxona nazoratidan o`tkazilganda, uning egnidagi kurtkadan bitta va bojxona nazoratidan o`tish joyidan bir qadam naridagi gul tuvak oldiga u tomonidan tashlab yuborilgan bitta hamda chap oyog`idagi paypoq ichidan bitta, jami uchta sellofan paketga o`ralgan yashil rangli, o`ziga xos o`tkir hidli, “nasha” giyohvand moddasiga o`xshash mahsulot borligi aniqlandi.

–Dastlabki tergovoldi tekshiruv jarayonida fuqaro E.Sabitov bergan ko`rsatmalarda uning yonidan topilgan “nasha” o`simligi ekanini, o`zi iste`mol qilish uchun olib o`tayotganini bayon qildi, – deydi viloyat bojxona tekshiruvlari va surishtiruv bo`limi bosh inspektor-surishtiruvchisi Tohir Fayziev. – Xolislar ishtirokida unga nisbatan tegishli prosessual hujjatlar rasmiylashtirilib, uning yonidan topilgan giyohvand moddasiga o`xshash mahsulot ashyoviy dalil sifatida olinib, viloyat IIB ekspert-kriminalistika bo`limiga etkazildi. Mutaxassislarning xulosasiga ko`ra, u “marixuana” moddasi ekani ma`lum bo`ldi.

Hozirda mazkur holat bo`yicha Qozog`iston Respublikasi fuqarosi Erjan Sabitovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Шарҳлар