AsosiyJamiyat

Toshkent shahrida birinchi xalqaro “Beshlar Ittifoqi” anjumani bo`lib o`tdi

'Toshkent shahrida birinchi xalqaro “Beshlar Ittifoqi” anjumani bo`lib o`tdi  'ning rasmi

Yaqinda Toshkent shahridagi O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida Xalqaro “Beshlar ittifoqi” anjumani bo`lib o`tdi. O`zbekiston ingliz tili o`qituvchilari uyushmasi, BMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi, Evropa I ttifoqining O`zbekistondagi delegasiyasi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari, mahalliy ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan ushbu keng ko`lamli tadbir yosh etakchilarni qo`llab-quvvatlash loyihasi hamda Toshkent shahridagi xalqaro universitetlarning bir qator faol yoshlari tashabbusi hisoblanadi. Ushbu anjuman O`zbekistonda jahon darajasidagi 5 ta tashkilotning modelini uyushtirishga mo`ljallangan yagona yoshlar tadbiri hisoblanadi.

O`zbekistonning barcha hududlaridan onlayn so`rovnoma yo`li bilan 1500 dan ortiq yoshlar orasidan tanlab olingan 250 dan ziyod faol yoshlar ushbu anjumanga qamrab olingan. Anjumanning “Beshlar Ittifoqi” deya nomlanishi dunyodagi beshta xalqaro va hukumatlararo tashkilotlar nomiga bog`liq bo`lib, bular quyidagilar hisoblanadi:

• Birlashgan MillatlarTashkiloti;

• Evropa Ittifoqi;

• Shanxay HamkorlikTashkiloti;

• Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi;

• O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi.

Anjuman yoshlar orasida ushbu tashkilotlarning simulyasiyasini yaratish, ularning bosh maqsadlari, ustuvor yo`nalish va dasturlari bilan yaqindan tanishib chiqish, ayni paytda dunyo muammolariga yoshlar ko`zi bilan qarab, uni chuqur o`rganish va ularni bartaraf etish kabi qator vazifalarni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan.

Ushbu tashkilotlar tarkibiga delegatlar va moderatorlar biriktirilgan bo`lib, har bir tashkilot o`zining rasmiy tiliga hamda ustuvor yo`nalishlariga ega.

BMT tarkibiga 64 ta ishtirokchi, 3 ta moderator kiritilgan bo`lib, ularning anjuman tili ingliz tili. Asosiy ustuvor yo`nalishi “Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiya”ni ta`sis etish chora-tadbirlariga bag`ishlangan;

• Evropa Ittifoqi esa 60 ta ishtirokchi, 3 ta moderatordan iborat bo`lib, tashkilotning anjuman tili ingliz tili. Asosiy ustuvor yo`nalishi: Markaziy Osiyo uchun Evropa Ittifoqi davlatlari tomonidan ta`lim sohasida joriy etilishi ko`zda tutilgan loyihalar;

• SHHT tarkibida esa 44 ta ishtirokchi, 3 ta moderator bo`lib, ularning rasmiy tili - rustili. Asosiy maqsad: SHHT a`zo davlatlari o`rtasidagi barqaror iqtisodiy va madaniy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish.

• MDH tarkibi 22 ishtirokchi, 2 ta moderatordan tashkil topgan bo`lib, ularning rasmiy tili hisoblanmish rus tilida olib boriladi. Asosiy maqsad: MDH a`zo davlatlari o`rtasida iqtisodiy aloqlarni, turizm sohasidagi istiqbolli rejalarni yo`lga qo`yishdir.

• Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi 53 ta ishtirokchi, 5 ta moderatorni qamrab olgan bo`lib, anjuman muzokaralari o`zbek tilida olib boriladi. Asosiy maqsadi: “Ko`ngillilar jamiyatini shakllantirish hamda ularning davlat organlari va yoshlar orasidagi o`rnini belgilash” to`g`risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishdir.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev 2017 yil 17 sentyabr kuni “Yoshlar huquqlari to`g`risida”gi konvensiyani ta`sis etish masalasida taklif kiritdilar. Binobarin, ana shu g`oyani amalga oshirish maqsadida sanab o`tilgan tashkilotlar ishtirokida Xalqaro “Beshlar Ittifoqi” anjumani tashkil etildi. Anjumanning bosh maqsadi esa “Yoshlar huquqlari to`g`risida”gi Konvensiyani ta`sis etish chora-tadbirlariga bag`ishlanadi.

Ushbu anjumandan kutilayotgan natija shuki, “Yoshlar huqulari to`g`risida”gi Konvensiya yoshlar tomonidan 3 tilda: ingliz, rus va o`zbek tillarida ishlab chiqilishi ko`zda tutilgan bo`lib, ushbu hujjat bir qator xalqaro ekspertlar tomonidan ko`rib chiqilgan holda ta`sis etiladi. Bundan farqli o`laroq, anjuman doirasida qonun loyihasi ishlab chiqilishi ham ko`zda tutilgan. Anjuman so`nggida qabul qilinadigan qarorlar va qonunosti hujjatlar hamda muhim konvensiya davlatimiz rivojida, xalqaro tashkilotlar bilan mamlakatimiz o`rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashda, eng muhimi, jamiyatimiz uchun muhim qarorlar qabul qilinishida asosiy rol o`ynaydi, desak mubolag`a bo`lmaydi.

    Boshqa yangiliklar