“SCORPION”da bugungi kunning dolzarb muammosi – xalqaro jinoyatchilik mavzusiga yoshlar nigohi bilan qaraladi. O`zbekiston yoshlar ittifoqi, “O`zbekkino” Milliy agentligi, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan imzolangan qo`shma qaror asosidagi ushbu filmning suratga olish ishlari ayni kunlarda Buxoro viloyatida davom etmoqda.
Rossiyadan loyiha uchun yurtimizga maxsus tashrif buyurgan mutaxassislar film kadrlarini suratga olish maydonining o`zida xomaki montaj qilib borishadi.
Film ijodiy va texnik jamoasini O`zbekiston, Rossiya, AQSh va Germaniya mutaxassislari tashkil etadi.
Filmning suratga olish ishlari Toshkent shahri va Buxoro viloyatlari, shuningdek Rossiya hamda Marokash davlatlari hududida bo`lib o`tadi.
Loyihaning katta shov-shuvga sabab bo`lgan voqeasi sifatida unda turkiyalik mashhur aktyor Murat Yildirim (o`zbek tomoshabinlariga “Osiyo” serialidagi Demir roli bilan yaxshi tanish)ning ishtirokini qayd etish mumkin.
5 mart kuni Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi hamda film prodyuseri Oybek Abdushukurov Murat bilan Istambul shahrida shartnoma imzoladi.
Murat O`zbekistonga rafiqasi, marokashlik mashhur aktrisa va model Imane Elbani bilan birga tashrif buyurishi haqida xabar berilgan edi.
“SCORPION”da Murat Yildirim suratga tushadigan sahnalar Buxoro viloyatida suratga olinadi. Uning aynan qaysi obrazda chiqishi hozircha sir tutilmoqda.
Film bosh qahramonlaridan biri (aka roli)ni Farhod Mahmudov ijro etadi. Ikkinchi bosh qahramon (uka roli) ijrochisi hozircha sir tutilmoqda.
Shuningdek, filmda elimiz suygan san`atkorlar Karim Mirxodiev, Ra`no Shodieva ham suratga tushishmoqda.
Janri: triller
Davomiyligi: 90 daqiqa
Prodyuser:Oybek Abdushukurov
Rejissyor: Muxlisa Azizova
Ssenariy mualliflari: Bob Andervud (AQSh), Rashid Malikov
Operatorlar: Maks Tsui (Germaniya), Jasur Shametov
Rassom: Doniyor Abdurahmonov
Kartina direktori: Sayyora Xudayberdieva
Liboslar bo`yicha rassom: Elsevar Ishoqova