sevimli
Sevimli

Prezident «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorni imzoladi

Iqtisodiyot 24.03.2018, 08:50
Prezident «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorni imzoladi

O`zbekiston Prezidentining «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Qarorda bank xizmatlari iste`molchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga, ayniqsa, hududlarda rioya etish hamda moliyaviy ochiqlikni kengaytirish, shuningdek, xizmat ko`rsatish madaniyati va bank tizimiga bo`lgan ishonchni yanada oshirishdagi bir qator muammo va kamchiliklar sanab o`tilgan. Xususan:

Kreditlarni ajratish bo`yicha qaror qabul qilishda vakolatlar haddan tashqari markazlashganligi bosh banklar va ularning filiallari o`rtasidagi javobgarlikning aniq chegaralanishiga to`sqinlik qilmoqda;

Kredit buyurtmalarini ko`rib chiqishning murakkab mexanizmlari kreditlarni tezkor olish imkoniyatlarini chegaralamoqda;

Tijorat banklari tomonidan mikroqarzlar ajratilishi imkoniyatining mavjud emasligi mikroqarzlarni olish darajasini oshirishni ta`minlamayapti, mikrokredit tashkilotlar va lombardlarning xizmatlari bo`yicha yuqori foiz stavkalari aksariyat holatlarda iste`molchilarning moliyaviy holati yomonlashishiga olib kelmoqda;

Chakana bank xizmatlari bozorining past darajada rivojlanganligi va mijozlar bilan hamkorlik munosabatlarini yo`lga qo`yishning zamonaviy yondashuvlari mavjud emasligi ortiqcha byurokratiya va sansalorlik uchun zamin yaratmoqda;

Bank kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish bo`yicha davlat prosessing tashkilotining mavjud emasligi chakana to`lov tizimlarining xavfsizlik, uzluksizlik va ishonchlilik darajasiga ta`sir ko`rsatmoqda va aholining keng qatlamlari uchun ochiq innovasion loyihalarni amalga oshirishda zamonaviy texnologik echimlarni ilgari surishga to`sqinlik qilmoqda;

Kreditlarni (mikroqarzlarni) ko`rib chiqish va ajratish uchun xizmat haqlari va boshqa to`lovlarning undirilishi qarzning real qiymati oshishiga olib kelmoqda;

Shartnomalarga xizmatlar uchun tariflar, ajratilgan kreditlar va qabul qilingan depozitlar bo`yicha foiz stavkalarni bir tomonlama o`zgartirishni nazarda tutuvchi shartlarni kiritish, shuningdek, bir xizmatni qo`shimcha xizmatdan foydalanish sharti bilan ko`rsatish bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini buzmoqda;

Bank to`lov kartalaridan chet el valyutasini echish bo`yicha cheklovlarning mavjudligi va bankomatlar sonining etarli emasligi valyuta ayirboshlash amaliyotlarini amalga oshirishda xizmat ko`rsatishni talab darajasida ta`minlamayapti.

Qarorga muvofiq, bank xizmatlari ommabopligini oshirishni ta`minlash va bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish O`zbekiston Markaziy bankining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Markaziy bankning tarkibiy tuzilmasida bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta`minlash, moliyaviy ochiqlikni va aholi hamda tadbirkorlik sub`ektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish asosiy vazifalari bo`lgan Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etilganligi qayd etildi.

Markaziy bankka bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish vazifalarini bajarishda:

bank tizimida tizimli kamchiliklar va bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlari buzilishlarini aniqlash, shuningdek, ularning oldini olish;

bank xizmatlari iste`molchilari huquqlarining buzilishiga yo`l qo`ygan kredit tashkilotlariga nisbatan javobgarlik choralari ko`rilishini ta`minlash;

bank xizmatlari iste`molchilarining buzilgan huquqlarini tiklashda maslahat berish va ko`maklashish;

moliyaviy ochiqlik darajasini oshirish va bank xizmatlari iste`molchilarining savodxonligini oshirishga alohida e`tibor qaratish topshirildi.

Шарҳлар