Sevimli

Surxondaryolik tadbirkorlar ikki oyda Afg`onistonga 8,6 million dollarlik mahsulotlarni eksport qildi

Iqtisodiyot 27.03.2018, 16:22
Surxondaryolik tadbirkorlar ikki oyda Afg`onistonga 8,6 million dollarlik mahsulotlarni eksport qildi

Termiz tumanidagi “Termiz kargo” ekport markazida O`zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati va Afg`oniston Islom Respublikasi Balx viloyati ishlab chiqaruvchilarining ko`zgazma-yarmarkasi bo`lib o`tdi. Bu haqda "Xalq so`zi" nashri xabar bermoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev va Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G`ani o`rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar ikki davlat o`rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayapti.

Biznes forumda ayni jihatlar ta`kidlanib, o`zaro savdo-iqtisodiy aloqalar tobora kengayib borayotgani e`tirof etildi. Xususan, joriy yilning yanvar-fevral oylarida Afg`oniston Respublikasiga 8,6 million AQSh dollarilik mahsulotlar eksport qilindi.
Viloyatda faoliyat olib borayotgan 57 ta qo`shma korxonaning 14 tasi afg`onistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Biznes forum doirasida sanoat mahsulotlari ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Unda Surxondaryo viloyatidagi 80 dan ortiq tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat, qurilish, engil sanoat, charm-poyabzal, qishloq xo`jaligi kabi tarmoqlar mahsulotlari namoyish etildi.

— Biznes forum menda katta taasurot qoldirdi, — deydi “Turkish Ne`matzoda” xususiy firmasi rahbari Ahmad Jovid. — O`zbekiston bozori hamisha bizni o`ziga jalb etib keladi. Bugungi anjumanda qatnashib, yurtingizga sarmoya qiritish, savdo va ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishni niyat qildim. Binobarin, xorijiy investorlar uchun O`zbekistonda yaratilgan qulay biznes muhiti, xususan, bank, soliq va bojxona sohalaridagi imtiyoz va qulayliklar tahsinga loyiq.

Biznes forum ishtirokchilariga Surxondaryo viloyatining investisiyaviy salohiyati haqida atroflicha ma`lumot berildi.

Forum doirasida afg`onistonlik tadbirkorlar viloyatdagi “Termiz ta`minot”, “Jarqo`rg`onmevasabzovoteksport”, “Surxon ipagi”, “GDF” kabi bir qator sanoat va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ikki davlat ishbilarmonlari o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab olishdi.

Шарҳлар