«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida» va «O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to`g`risida»gi qonunlarga o`zgartishlar kiritildi, deb yozadi Norma.
Harbiy qasamyod
Dastlab harbiy qasamyod matni Oliy Majlisning 3.07.1992 yildagi 648-XII-son qarori bilan tasdiqlangan. Uni o`tkazish marosimi esa O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki xizmat nizomiga 1-ilova bilan tartibga solingan.
«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida»gi Qonun kuchga kirishi bilan Oliy Majlisning 3.07.1992 yildagi «Harbiy qasamyod to`g`risida»gi 648-XII-son qarori o`z kuchini yo`qotgan (2002 yilda), uning matni esa ochiq manbalarda keltirilmagan.
Qonunga kiritilgan variant avvalgisidan deyarli farq qilmaydi va quyidagicha bayon etilgan:
«Men, (familiyasi, ismi, otasining ismi), O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirar ekanman, O`zbekiston Respublikasini himoya qilishga, xalqimga, Prezidentimga sodiq bo`lishga tantanali ravishda qasamyod qilaman.
O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasini va qonunlarini muqaddas bilib, ularga rioya etishga, harbiy nizomlarni, komandirlar va boshliqlarning buyruqlarini so`zsiz bajarishga, harbiy intizomga qat`iy rioya qilishga, halol, jasur va sergak jangchi bo`lishga qasamyod qilaman.
So`nggi nafasim qolguncha o`z Vatanimning sadoqatli farzandi bo`lib qolishga, harbiy xizmatning butun mashaqqati va qiyinchiliklarini sabot bilan engishga, davlat sirini va harbiy sirni saqlashga ajdodlarim ruhi oldida qasamyod qilaman.
Jonajon O`zbekistonimning nurli istiqboli uchun uning davlat manfaatlari va mustaqilligining munosib himoyachisi bo`lishga qasamyod qilaman.
Agar men ushbu tantanali qasamyodimni buzsam, qonunlarda belgilangan eng og`ir jazoga va xalqimning nafratiga mubtalo bo`lay».
Harbiy qasamyod harbiy qismning jangovar bayrog`i oldida qabul qilinishi alohida belgilangan.
Harbiy xizmatda bo`lishning cheklangan muddatlari
Kichik ofiserlar (leytenant, katta leytenant, kapitan, kapitan-leytenant) uchun xizmat yoshining chegarasi 43 yoshdan 45 yoshga oshirildi (ya`ni 2 yilga). Endi u oddiy askarlar (matroslar) va serjantlar (starshinalar) uchun belgilangan yosh chegarasi bilan bir xil bo`ldi.
Barcha katta ofiserlar (mayor, podpolkovnik, polkovnik, 3, 2 va 1-darajadagi kapitanlar) uchun pensiya yoshi 50 yoshni tashkil etadi. Ilgari mayorlar, podpolkovniklar hamda 3 va 2-darajadagi kapitanlar 45 yoshda pensiyaga chiqar edilar. Endi bu 5 yil keyinga ko`chirildi.
Generallar tarkibidagilarning eng yuqori yoshi avvalgidek qoldi – 60 yoshgacha.
Tegishincha, rezerv safida bo`lish yoshiga o`zgartirishlar kiritildi.
Tarkib | Ilgarigi yoshi | Yangi yoshi | ||
1-daraja | 2-daraja | 1-daraja | 2-daraja | |
Oddiy askarlar va serjantlar | 35 yoshgacha | 45 yoshgacha | 35 yoshgacha | 45 yoshgacha |
Kichik ofiserlar | 35 yoshgacha | 45 yoshgacha | 40 yoshgacha | 50 yoshgacha |
Katta ofiserlar | 45 yoshgacha | 55 yoshgacha | 50 yoshgacha | 55 yoshgacha |
Generallar | 50 yoshgacha | 60 yoshgacha | 55 yoshgacha | 60 yoshgacha |
Ya`ni barcha darajadagi ofiserlarning ko`proq qismi Qurolli Kuchlarning jangovar qo`shilmalari va qismlari, jangovar ta`minot bo`linmalari safini urush davrida taqozo etiladigan shtatlar darajasiga qadar to`ldirish uchun rezervda turadilar. Ya`ni urush bo`lmagan davrda jangovar bo`linmalarga safarbar qilinishlari mumkin.
Ikkinchi toifali rezervda esa yoshi ulug`roq kichik ofiserlar turadilar. Ushbu toifadagi rezerv Qurolli Kuchlarning qismlari hamda ichki va texnik ta`minot bo`linmalarini urush davrida taqozo etiladigan shtatlar darajasiga qadar to`ldirish uchun, favqulodda vaziyatlar ro`y bergan yoki O`zbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz yuzaga kelgan taqdirda urush davri taqozo etadigan tuzilmalarni kuchaytirish uchun mo`ljallangan. Masalan, urush boshlangan taqdirda ular ilgarigidek 45 yoshgacha emas, balki 50 yoshgacha chaqirilishi mumkin.
Tuzatishlar 19.10.2018 yildan (Qonun e`lon qilingan kundan e`tiboran 6 oy o`tgach) amalga kiritiladi.