my5
Sevimli

Markaziy bank muomaladan chiqarilayotgan tangalar va banknotlarni almashtirish tartibi haqida ma`lumot berdi

Iqtisodiyot 24.05.2018, 18:03
Markaziy bank muomaladan chiqarilayotgan tangalar va banknotlarni almashtirish tartibi haqida ma`lumot berdi

Markaziy bank muomaladan chiqarilayotgan tangalar va banknotalarni almashtirish tartibini e`lon qildi.

Qayd etilishicha, eski namunadagi tangalarni va banknotalarni muomaladan qaytarib olish tabiiy yo`l bilan, ya`ni bank kassalariga kelib tushgan ushbu tangalar va banknotalarni qayta muomalaga chiqarmaslik orqali amalga oshiriladi.

Tasdiqlangan tartibga ko`ra, muomalada bo`lish muddati:

- eski namunadagi 50 so`mlik, 100 so`mlik tangalar hamda 50 so`mlik va 100 so`mlik banknotalar uchun 2019 yilning 1 iyuliga qadar;

- eski namunadagi 200 so`mlik va 500 so`mlik banknotalar uchun 2020 yil 1 iyulga qadar belgilangan.

Belgilangan muddat davomida ushbu banknota va tangalar qonuniy to`lov vositasi hisoblanib, ular bilan naqd puldagi to`lovlarni amalga oshirish mumkin.

«Shu sababli, aholining xavotirga tushishiga hech qanday hojat yo`q.
Chunki, naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda ushbu tanga va banknotalardan cheklovlarsiz foydalanishlari mumkin.

Ushbu tangalar va banknotalar savdo, xizmat ko`rsatish va boshqa soha sub`ektlarining kunlik tushumi sifatida bank kassalariga topshiriladi hamda qayta muomalaga chiqarilmaydi.

Aholi qo`lidagi eski namunadagi tangalar va banknotalarni banklar orqali yangi namunadagi tangalarga almashtirib olishlari ham mumkin», - deyiladi xabarda.

Eski namunadagi tangalar va banknotalarni banklar orqali yangi tangalarga almashtirib olish:

- 50 so`mlik, 100 so`mlik tangalar hamda 50 so`mlik va 100 so`mlik banknotalar yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so`mlik tangalar muomalaga chiqarilgan kundan boshlab;

- eski namunadagi 200 so`mlik va 500 so`mlik banknotalarni 2019 yil 1 iyuldan boshlab bank kassalari orqali amalga oshiriladi.

Ta`kidlanishicha, O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so`mlik tangalarning muomalaga chiqarish sanasi, ularning ko`rinishi va tavsifi Markaziy bankning veb-sayti va OAV orqali e`lon qilinadi.

Шарҳлар