my5
Sevimli

Xatirchidagi abadiy tebranuvchi tosh

Moziydan sado 28.05.2018, 15:59
Xatirchidagi abadiy tebranuvchi tosh

Bunday toshlar dunyo bo`yicha Sangijumondan tashqari Buenos-Ayres va Quddus shaharlarida bor, xolos. Lekin shuni ta`kidlash kerakki, sayyoramizdagi boshqa birorta tosh na hajm, na tebranish va na amplituda jihatidan Sangijumon toshlariga tenglasha oladi.

Yurtimiz tabiati g`oyat go`zal va rang-barangdir. Fusunkor go`shalar, ajoyib maskanlar har doim kishini o`ziga rom etadi. Shiddatli quyunlarning bir zumda daryo va ko`llar suvini “ho`p”lab ketishi, “kuylovchi” toshlar, “uvillovchi” tepaliklar, “musiqali” qoyalar, “rangli” adirlar, “tebranuvchi” xarsanglarni tomosha qilgan kishi olam-olam taassurot oladi.

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Sangijumon qishlog`iga tashrif buyursangiz, tabiatning betakror mo``jizasidan hayratga tushasiz. Chashmalardan qaynab chiqayotgan zilol suvlar, toshdan-toshga urilib pishqirib oqayotgan ariqlar, yam-yashil maysalar, qir-adirlarga poyondoz bo`lib to`shalgan alvon-alvon gullar bahridilingizni ochadi. Shu bois issiq kunlar boshlanishi bilan bu qishloqdan ziyoratchilar qadami uzilmaydi.

1366605696_img_7342.jpg

Oqtov yon-bag`rida bepoyon kengliklar bilan tutashib ketgan qishloqda noyob – tebranuvchi tosh bor. Uning mo``jizaligi shundaki, vazni 280 tonnadan ziyod bu toshni 12-14 yoshli o`spirin ham bemalol qimirlata oladi. Qozonsimon bu xarsangning tebranganini sezish uchun yo soya kerak yoki toshning biqiniga bir cho`p tirash kifoya. Hatto kuchli shamolda ham tabranuvchi bu toshning nomi – “Sangijumon”. Qishloq ham, mahalla ham shu nom bilan ataladi.

Tebranuvchi tosh – tabiatning nodir mo``jizasi. Bunday toshlar dunyo bo`yicha Sangijumondan tashqari Buenos-Ayres va Quddus shaharlarida bor, xolos. lekin shuni ta`kidlash kerakki, sayyoramizdagi boshqa birorta tosh na hajm, na tebranish va na amplituda jihatidan sangijumon toshlariga tenglasha oladi.

Arxeologlarning ta`kidlashicha, Sangijumon 280 million yil avval er qa`ridan ko`tarilgan suyuq va qaynoq magmatik jinslardan paydo bo`lgan. Ular o`z vaqtida er qobig`ini yorib chiqa olmasdan, taxminan, 250 mil¬lion yil avval ma`lum chuqurlikda qotib qolgan. Sodir bo`lgan kuchli va murakkab tektonik harakatlar hamda eroziya natijasida massivning to`shi ochilgan. Bu erdagi jinslar bundan kamida 10 ming yillar ilgari yuzaga chiqqan.

Dengiz sathidan 800-900 metr balandlikda joylashgan bu xarsang darani qoplab yotgan granit toshlarning yirik bir bo`lagi.

6.jpg

Toshning taxminiy hajmi 75-78 kub metr, og`irligi esa 280 tonnadan ziyod.

– Tosh atrofi granit bo`laklari, qum va gilsimon jinslar bilan qoplangan, – deydi tarixchi olim Ziyovuddin Qo`ziev. – Xarsangning o`rni g`arb tomonga 5-10 gradus chamasi qiya tushgan. Uning aylanasi 20 metr, diametri 9, balandligi esa 6 metrga yaqin. Toshning g`arbiy tomoni ko`p emirilgan. Unda har xil chuqurliklar, izlar, ko`zanakli to`qimalar bor. Xarsangning beli ikki joyidan ko`zdek o`yilgan. Ularning uzunligi 2 m., eni 1,5 metrga yaqin, chuqurligi 30-60 sm. “Ko`zlar”ni ajratuvchi “burun”ning eni 1 metrdan ortiqroq, “ko`zlari”ning pastki gardishi chuqur o`yilgan. Atrofdan qaraganda xarsangtosh ko`zoynak taqqanga o`xshaydi.

Toshni tomosha qilgani kelgan mehmonlar dastlab uni: “Bir kishi qimirlata oladi”, degan gapga shubha bilan qarashadi. O`zlari buni amalda sinab ko`rgach, toshning haqiqiy mo``jiza ekaniga tan berishadi. Hatto podadagi qoramollarning toshga ishqalanishi tufayli uning qimirlaganini ko`rganlar bor.

Oqtovda tez-tez bo`lib turadigan kuchli shamollar chig`ir, chaqa va har xil mayda toshlarni uchiradi. Shamol natijasida har xil predmet va jismlarga borib urilgan tosh va zarrachalar jismlarni emiradi, silliqlashtiradi, turli shakllar yasaydi.

4.jpg

Uzoq o`tmishda, hatto hozir ham goh vodiydan, goh tog`dan turli yo`nalishda esadigan shamollar har xil zarrachalarni olib kelib Sangijumon xarsangiga urgan. Uchirilgan jismlar odatda shamolning pastki qatlamida, ya`ni er yuzasiga yaqin qismida ko`p bo`ladi. Shuning uchun ham toshning yuqori qismiga nisbatan pastki qismi ko`proq emiriladi. Jarayonning uzoq davom etishi natijasida toshning pastki qatlami o`yilib ketadi. Xarsangning ustki qismi bilan asosini birlashtiruvchi “ustun”ning emirilgani shundan. Tosh erdagi yassi turdoshi ustida ingichka va o`tkir uchli uzilgan tayanchda likillab turadi. Shu bois uni osonlikcha qimirlatish mumkin.

Sangijumonliklarda yaxshi bir an`ana shakllangan: ziyoratga kelgan mehmonlarga tosh atrofidagi do`lana va tut daraxti ostida bir piyola choy berilib, gurung qilinadi. Qimirloq tosh haqidagi hangomalar yodga olinadi.

– “Tebranuvchi va teshik toshning hurmati tufayli men ekkan kungaboqarlar qaysi tomonga o`tsam, shu tomonga qarab menga salom beradi”, derdi rahmatli Yo`ldosh bobo, – deydi qishloq oqsoqoli Qahramon Boymurodov.

– Qaysidir yili Rayim bobo elga osh berib, qimirloq tosh darasida ko`pkari qilganida odam sig`may ketgandi. O`shanda Tasmachidan kelgan 15 nafar chavandoz qo`shni qishloq – Xilboshida yashaydigan Qoraqul bobonikida qo`noqlagandi. Abdulahad bobo hammadan erta uyg`onib, tashqariga chiqayotsa, uy bekasi sellofan paket kiyib olib qurut ezayotgan ekan. Mehmonni ko`rib xijolat bo`lib turganida Abdulahad bobo: “Kelin, hech xijolat tortmang. Hovlitog`a bilan menga shirchoy, qolganlarga qurtoba”, degan ekan, – deydi Qilich Shaymatov.

1401447408_dsc09828.jpg

Tebranuvchi toshning yaqinida ikkinchi sirli xar¬sang – Teshiktosh bor. U o`tmishda tebranuvchi tosh bilan tutashib, ulkan qoyani tashkil qilgan. Qoya bilan tebranuvchi tosh o`rtasidagi yo`lakdan o`tayotib osmonga qarasangiz, o`zingizni xuddi 15-20 metrli quduq ichida turgandek his etasiz. Bu toshni uzoqdan ko`rgan kishi uni xuddi qo`nayotgan burgutga o`xshatadi. Eng qizig`i, toshning pastki qismida teshik bor. Shu bois mahalliy aholi tabiatning betakror mo``jizasini “Teshik tosh” deb ataydi. Bu teshikdan o`rta bo`yli kishi bemalol o`ta oladi. “Mana, necha asrdirki, bu teshik kishilarning gunohi bor yoki yo`qligini isbotlab kelmoqda”, deya hazil qilishadi sangijumonliklar.

Teshik tosh yonidagi yassi tosh ustidagi ulkan oyoq izlari xarsanglarning tarixi juda uzoq o`tmishga borib taqalishidan dalolat. Ba`zi rivoyatlarda Nuh kemasi Oqtovning eng yuqori cho`qqisi – Langar tog`ida langar tashlagani ta`kidlansa, boshqa birida Sangijumon qishlog`idagi mazkur tosh kemaga o`xshash keng granit maydoncha ustida to`fon suvi qaytganidan so`ng erga ilk qadam qo`ygan payg`ambarning izlari qolgani aytiladi.

Bundan 300-400 metr g`arbda balandligi 2 metrdan ziyod zamburug`simon va kobraga o`xshash toshlar ham mavjud. Bundan tashqari, Sangijumon qishlog`ida yuzdan ziyod tabiatning noyob yodgorligi bo`lgan toshlar – “Childirmatosh”, “Kabutartosh”, “Qizil egartosh”, “Elchibaydukan”, “Tegirmontosh”lar bag`riga o`yib yozilgan 6-7 ming yillik tarixga ega petrogliflar ibtidoiy san`atning nodir yodgorliklaridir.

Xullas, boy tarixga ega xarsanglar, toshbitiklar tasavvurimizni insoniyatning tarixdan oldingi davrlariga boshlab ketadi va qalbimizni shajara zanjirimiz o`sha zamonlardan beri uzilmay kelayotganidan hayratga to`ldiradi.

Tolibjon Nizomov, jurnalist
O`zA

Шарҳлар