my5
Sevimli

Yurtimiz mo``jizalari: Shamollarni bo`ysundirgan Buzrukxon ota

Moziydan sado 31.05.2018, 11:35
Yurtimiz mo``jizalari: Shamollarni bo`ysundirgan Buzrukxon ota

Nahotki, kim ekan u deysizmi? Albatta, bu so`zning rostligiga ishora qiluvchi hujjatlar va voqealar bor. Ushbu ma`lumotlarning qanchalik rost ekanligini bilish maqsadida Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi «Hazrat mulla» jome masjidiga bordik, deb yozmoqda O`zA.

– Bu insonning asl ismi Ne`matilloxon ibn Zaynobiddin Mag`ribiy bo`lib, Hazrati Ali vorislari bo`lmish Hasan va Husaynning nabirasi bo`lganlar,–deydi Sahobiddin Ahatov.– Taqdir taqozasi bilan Buzruk bobo melodiy 950 yillarda Buxorodan Xo`jand shahriga yo`l olgan. Shu tariqa Bekobodda hozir biz turgan manzilgoh bunyod etilgan.

59f6d7ca-3e93-4ab9-9b28-04e06ea59503.jpg

Xalq orasidagi rivoyatlarga qaraganda, Buzruk bobo dehqon bo`lgan. Abdullaxon podsholigi davrida hammani yig`inga chaqirganda Buzruk bobo kelmagan, borgan yasovullarga esa handalak pishganda boraman degan javobni bergan. Ikki kundan keyin yana qaytib kelgan yasovullarga xonga tortiq sifatida ikkita handalak berib yuborgan ekan. Podsho handalaklarni kesib qarasa, biridan asal, boshqasidan esa qon tomgan ekan. Asal tomgani-xalqning shirin turmushi, qon esa podshoning jabr-zulmi ramzi ekan. Podshoning g`azabi oshibdi.

Ammo, shu payt eshak minib olgan dehqon hassasi uchiga katta bir cho`qqini ko`tarib kelayotgan emish. Olomon qochibdi. Sarosimada qolgan Abdullaxon dehqonga ta`zim qilibdi.

– O`rningdan tur! Endi odil podsholik qilgin!-deb uqtiribdi keluvchi.

Qo`lidagi katta cho`qqini Takali qishlog`i yoniga otib yuborib, «Seni tog`dan uzib olib, etim qilib qo`ydim. Endi sen etim cho`qqi bo`lding,-deb karomat qilibdilar.»

Hozirda O`zbekiston va Tojikiston chegarasida joylashgan katta bir cho`qqi Etim cho`qqi deb ataladi.

– Bobokalonimizning hassa sehrli bo`lgan, uni yordamida ko`pgina muqaddas buloqlar paydo bo`lgan. – deydi 90 yoshli Umidxon bobo Ahatov.– «Chanoqbuloq», «Boboy-ob», «Obigarm» kabi buloqlar xalq orasida mashhur bo`lib, ular shubhasiz bobokolonimiz nomi bilan bog`liq. Arslonbob va Zangi otalar ham hazratning shogirdlaridan.

Hayron bo`lib turganimizni ko`rgan Umidxon bobo dalil keltirish uchun nabiralariga asoni olib chiqishni buyurdi. Ular kattagina o`ralgan matoni keltirib qo`yishdi. Unda teriga yozilgan avlodlar shajarasi va aso o`ralgan ekan.

– Bu buyumlar avloddan-avlodga o`tib, saqlanib qolgan, – deydi Umidxon bobo.– Bular avlodning yoshi ulug`ida turadi. Hassaga ega bo`lgan odam xalqqa tuya xudoyi qiladi. Tuyadan boshqasi o`tmaydi. Axir, tuya o`z nomi bilan hayvonlarning buzrugi.

Mag`ribu Mashriqdan kelib-ketuvchi karvonlar uchun ham o`ziga xos qo`nimgoh bo`lib kelgan, Buzruk bobo ziyoratgohi yillar davomida minglab mo`min-musulmonlarning muqaddas manzilgohiga aylangan. Bu erga Buxoroi sharifdan, hattoki Arabistondan ham ziyoratchilar kelib turgan. Ziyoratgoh melodiy 12-13 asrlarda obod maskan bo`lgan. Biroq, Chingizxon qo`shinlari unga katta talofat etkazgani bois, ziyoratgoh 16 asrga qadar qarovsiz qolgan.

12de9895-9eea-40f8-b9f4-bc7a14f7b55f.jpg

1502 yilda Mirzo Bobur bu erlarga kelib, qabrni g`isht devor bilan o`rab, daraxt ko`chatlari ekib ketgani aytiladi. 19 asrda Qo`qon xoni Xudoyorxon qamishzorlar orasida qolib ketgan maqbara yonida baland minora qurdirdi. Ming afsuski, keyinchalik bu minora ham buzilib ketdi.

Keyingi o`n yilda ziyoratgohda yana ta`mirlash ishlari olib borilibdi. Hozirda viloyatning turizm dasturiga kiritilgan bo`lib, uning atrofini obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan ekan.

Borganimizda bildiki, Bekobodning mashhur, bebosh shamoli ziyoratgoh atrofini kezmas ekan. Aytishlaricha, o`ynoqi va kuchli shamoldan bezgan Buzruk ota 2-3 metr naridan aylanib o`tishin istab duo o`qigan ekan. Shamol hamon bu hududga yaqin kelmas ekan. Juda qiziq. Ishonmasangiz borib ko`ring.

Шарҳлар