Davlatimiz rahbari Quva tumaniga tashrifi chog`ida Farg`ona viloyatida qishloq xo`jaligi tarmoqlarini rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, tuyachilik, kartoshkachilik, limonchilik tarmoqlarini rivojlantirish, agrologistika markazi tashkil etish, er o`lchash, suvdan unumli foydalanish va boshqa loyihalar bo`yicha mutasaddilarga ko`rsatmalar berildi.
"Bu tarmoqlar xalqimizning rizqi manbai. Maqsadimiz - mahsulot etishtirishni ko`paytirish hisobidan oziq-ovqat tovarlari narxini arzonlashtirish. Odamlar hozirgidek daromadi bilan ham to`q, farovon yashashga imkoni bo`lsin", - dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimiz tadbirkor va mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish hajmini oshirish, ularni saqlash, qadoqlash va iste`molchilarga etkazib berish bo`yicha topshiriqlar berildi.