Ташкент +4° Mon 08:21
Долзарб мавзулар Foto

Odamlarga shifo beruvchi Qo`chqorli ota ziyoratgohi

Бўлимлар: Jamiyat, Moziydan sado
Теглар:
Добавлено: 23.06.2018, 11:45

Qo`chqorli ota ziyoratgohi haqida xalq ichida turli rivoyatlar yuradi. Tarixiy manbalarga qaraganda, IX – X asrlarda Do`stqora degan ovchi shu erni makon tutib, atrofda ov qilgan. Sog`lig`i biroz yomonlashgach, jo`shib turgan buloq suvidan ichib turgan. Bu hol bir necha bor takrorlangandan keyin Do`stqora bobo butunlay sog`ayib ketgan.

Bu yangilik qishloq ahliga tarqalgan. Aytishlaricha, shifobaxsh buloq suvidan ichgan har bir odam u yoki bu darajada tetiklashib, davo topgan ekan. Shu-shu Qo`chqorli ota ziyoratgohiga e`tibor, unga bo`lgan e`tiqod kuchaygan. Qishloqlar ahli, ziyoratchilar bu makonni muqaddas deb bilgan.

– Do`stqora ovchining avlodlari bo`lgan otam Hasan bobo, onam Oyshirin momolar (oxiratlari obod bo`lsin!) uzoq yillar bu maskanni obod saqlaganlar, – deydi ularning farzandi, mazkur maskan rahbari Ravshan Nazarov. – Homiylar, qavmu qarindoshlar ko`magida ziyoratgohga aylantirishgan. Natijada Qo`chqorli otaga keluvchilar safi ortib, bu erdan qaynab chiqayotgan bir ariq buloq suvi Qo`chqorli ota qishlog`i ahliga dehqonchilik va chorvachilik qilishlari uchun etib ortmoqda.
Nurobod va Narpay tumanini ajratib turuvchi Qoratog` etagidagi mazkur ziyoratgohni ko`rish uchun yo`lga tushdik.

Yaxshi hamroh suhbatdoshingiz bo`lsa, yo`l uzoqligi bilinmaydi, deyishadi. Yam-yashil kengliklarda turnalar ham pastlab-pastlab uchadi. Goh-gohida suruv-suruv qo`y va echkilar ko`zga tashlanadi. Katta yo`lni goh toshbaqa imillab kessa, goh tipratikan va kaltakesaklar zipillab o`tadi. Qirlarda mitti-mitti bo`lib gullagan, qizil, sariq, oq, siyohrang, ko`k rangdagi mitti gullar mohir gilamdo`zlar yaratgan chamanzor kashtalarni eslatadi. Qo`chqorli ota qishlog`i – jannatmakon go`sha. Mo``jaz zinalardan ko`tarilib, qo`chqor haykali qo`riqlab turgan ziyoratgohga etib keldik. Hovlida o`zgacha tarovat va fayz mujassam. Zilol suvli hovuz ustida qurilgan so`rilarda ziyoratchilar dam olib o`tirishibdi. Bizga shu go`shaning ish yurituvchisi Ravshan Nazarov peshvoz chiqdi. Ravshan aka bu go`shaning tarixi haqida aytib: – Bizning avlodboshimiz shu erda adashib qolib, buloqdan suv ichib, namoz o`qiyotsa, yonida soch-soqoli oppoq bir nuroniy ham birga namoz o`qiyotgan ekan. G`oyibdan kelgan nuroniy bobomizga «Shu erdan maskan qur, obod qil kam bo`lmaysan», debdi.

Bobomiz bu sirni o`zi xizmat qilayotgan boyga etkazadi. Boy bu gapdan hayratlanib, unga qizini nikohlab beradi va "Baxtli bo`linglar, bu gapda bir hikmat bor", deydi. Yosh oila bu erda yashab qolishadi. Xudoning amri bilan xarsangtosh ustida har chorshanba qo`chqor paydo bo`ladi. Oila a`zolari qo`chqorni so`ysa, bir haftadan so`ng yana qo`chqor paydo bo`laveradi. Oiladagi bolalar katta bo`lgach, bu hol takrorlanmaydi. Shu-shu bu joy Qo`chqorli ota bo`lib qolgan. Xalq ichida bu kabi juda ko`p rivoyatlar yuradi.
Ziyorat qilishga oshiqdik. Dastlab, baliqlar o`ynagan tip-tiniq buloqdan ezgu niyatlar bilan suv ichdik.

– Bu buloq suvi juda foydali, – deydi hamrohimiz. – Ayniqsa, ovqatni tez hazm qiladi. Baliqlarga e`tibor qiling, hammasi mayda, lekin bir qarich bo`lgach, ular g`oyib bo`ladi. Qishloq nuroniylari bir baliqqa qizil ip bog`lab sinab ko`rishsa, o`sha baliq bu erdan bir necha chaqirim uzoqlikdagi Nurota ziyoratgohidan chiqadi. O`rtada qandaydir sirli bog`liqlik bordek.

E`tiborimizni bir daraxtning antiqa tomiri tortdi. El ichida bu tuynuksimon tomir orasidan belini yuqoriga tekkizib o`tsa, bel og`rig`i daf bo`lar ekan. "Bu erdan o`tib, tuzalib ketdim", deya xursand holda qayta ziyoratgohga kelganlar ko`p.
– Bu erga farzandtalablar ko`proq kelishadi, – deydi narpaylik ziyoratchi Muyassar Sayfieva.
– Farzandlarimizning baxti-taxtini tilab, ixlos bilan har yili bu qadamjoga kelib turamiz, – deydi paxtachilik ziyoratchi onaxon Oybo`ston Shukurova. – Avvalo, xudoga shukr, kam bo`lganimiz yo`q.

Qo`chqorli otaga olis viloyatlardan, hatto chet ellardan ham ziyoratchilar kelib turishar ekan. Chunki toza havo, ertaknamo go`zal tabiat, shifobaxsh buloq suvi tanangizni yayratadi. Ixlos va ishonch kishiga ruhiy madad beradi. Biz hayrat va tilsimlar manzilidan qaytar ekanmiz, atrofni tun zabt eta boshladi. Ammo bugungi kundan olgan taassurotlarimizdan qalbimiz tobora yorishib borardi. Yo`l tugadi-yu, Qo`chqorli ota xayollari tugamaydi. Ko`rganlarimizni siz, azizlarga ilinishga shoshildik.

Maskan obod va saranjom saqlanmoqda. Tuman hokimligi mahalliy va chet ellik turistlarni chorlash uchun andazalar asosida ko`proq o`rindiqlar o`rnatib, kerakli yo`l xaritasi bilan ta`minlab, qatnov yo`liga ozgina harakat qilinsa, nur ustiga a`lo nur bo`lardi. Chunki Qo`chqorli ota bu atrofdagi oltita katta ziyoratgohlar – Nurota, Arabota, Ostonabobo, Oqota, Ko`kotalarning biri bo`lib, borib ko`rishga, qalblarni poklashga, ezgu tilaklar bildirishga arziydigan respublikamizdagi jannatmakon go`shalardan biridir.

zarnews.uzdan olindi

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Shou-biznes

SUG'DIYONA